Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Скачать ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Yaxshi jurnalist kimga kerak?

Yaxshi jurnalist kimga kerak?

Chetdan qaraganda barchasi risoladagidek. Ijtimoiy tarmoq deysizmi, OAV deysizmi jurnalistlar o‘z so‘zlarini aytayapti yoki aytmoqchi. Ularning sa’y-harakati bilan ko‘pgina muammolar o‘z yechimini topmoqda. Ammo jurnalist vaqti kelsa o‘z muammolariga kuchi yetmaydi. Ichki muammolari borki: aytsam tilim, aytmasam dilim.

Har bir tahririyatda uzog‘i bilan 3-4 nafar, bo‘lmasa bor-yo‘g‘i ikki nafargina yaxshi, iqtidorli jurnalist bo‘ladi. Bir kinoda aytganidek g‘isht terishga «men», ko‘mir zavodga «men». Qolganlar berilgan topshiriqni qolipga chiroyli joylab, axborotini yozib yuraveradi.   

Kuchli, salohiyatli jurnalistning negadir qadri bo‘lmaydi. Sababi yaxshi, iqtidorli jurnalistning o‘ziga yarasha xarakteri, talabi, biroz injiqligi bo‘ladi. Uning injiqligi esa hammaga birday yoqmaydi. Ayniqsa, rahbarga. Yaxshi jurnalist qalamiga ishonadi. Adolatsizlikka chidolmagan qalbi isyonkor jurnalistgina otilib chiqadi, har qayerda ham o‘z so‘zini qalami bilan ayta oladi. O‘lib-tirilib yaxshi maqola yozish uchun izlanadi, o‘rganadi. Ammo joyidan qimirlamay yumaloq-yostiq maqola yozgan yoki internetdan ko‘chirib maqola tayyorlagan, axborot bilan sahifasini to‘ldirgan hamkasbi bilan o‘sha jurnalist ham qalam haqini ham maoshni ham bir xil oladi. Mana shu yerda u haqiqat izlamoqchi bo‘ladi. Ammo unga bo‘layotgan nohaqlikni kim bartaraf etadi. Hech kim. Kamiga uning qalam haqiga mas’ul kotib, dizayner sherik bo‘ladi. Maqola yozgich jurnalist, qalam haqining kattasini olgich mas’ul kotib, dizayner, hatto hisobchi. Yana haqiqat toptaladi. Buni men juda ko‘p tahririyatlarda kuzatganman. Albatta, bu nohaqlikka yaxshi jurnalist o‘z isyonini bildiradi. Uning isyoni, uning talabi  o‘zi bilan qolib ketadi. Jiiiim yuraversaku olam guliston. Ammo u jim yurolmaydi, shuning uchun ham qalami o‘tkir jurnalistda. Bu yana hech kimga yoqmaydi. Ketmoqchimi, marhamat. Ammo mas’ul kotib, dizayner, hisobchi ketaman, deb qo‘rqitsa rahbar darrov sharoit qilib beradi, yoki oyligiga foiz, qalam haqi qo‘shadi. Nimagadir bizning jurnalistikamizda jurnalistdan ham ko‘ra texnik xodimlarning qadri baland. Ularning xatolaridan ham ko‘z yumiladi. Majlislarda ham gap eshitgich yaxshi jurnalist, osongina haydalgich yaxshi jurnalist. Chunki texnik xodim tahririyatda bitta, jurnalist esa ko‘p.  Rahbar «sen bo‘lmasang boshqasi», deydi. Texnik xodimlarning oldida qadri bir pul bo‘lgan haqiqat jarchisi vaqti kelsa harf teruvchiga mo‘ltillabgina maqolasini yozdiradi. (Xudoga shukr endilikda kompyuterda ko‘pchilik ishlashni biladi.) Ish izlab yurgan kim ko‘p — jurnalist ko‘p. Qolaversa, tahririyatga yaxshi jurnalist emas, o‘rtamiyona jurnalist ham bo‘laveradi, sababi gazeta chiqib turibdi. Yaxshi jurnalistning dardi, uning dardi ortidagi xalq dardi ba’zi muharrirlarga qiziqmas.   Yaxshi maqola chiqadimi, yo‘qmi kun o‘tib turibdi. Bu gazetaning, jurnalning birovga foydasi tegayaptimi, yo‘qmi buyam hech kimga qiziq emas. To‘g‘ri oramizda malakali, salohiyatli jurnalistni qadrlaydigan tahririyatlar ham bor. Ammo ular sanoqligina.

Xorij jurnalistlari haqida juda ko‘p kinolarni ko‘rganman. Nimagadir ularda malakali jurnalist qadrlanadi. U boshliqning stoliga mushtlab uradimi, qalam haqqini ko‘ngliga siqqanicha aytadimi, maqolasi uchun talashib-tortishadimi — uning barcha erkaligini muharrir ko‘taradi, ko‘ziga baloday ko‘rinmaydi. Chunki unga yaxshi jurnalist kerak. O‘sha jurnalist boshqa gazeta-jurnalga ketib qolmasligi uchun unga barcha sharoitni yaratib beradi, talabini bajaradi.

O‘zimizda ko‘p guvohi bo‘lganim qalami o‘tkir, o‘z so‘zini qo‘rqmay ayta oladigan jurnalistlar ishsiz yoki eng kam maoshga ishlaydi. Chunki ular hamma joyga ham sig‘ib ketavermaydi. Qalamiga ishongani, o‘ziga ishongani uchun ikkiyuzlamachilik, xushomadgo‘ylik, munofiqlik  qilmaydi. O‘z haqqini talab qiladi, qadriga yetmasa osongina ishdan bo‘shab qo‘ya qoladi. Bechoraning boshqa iloji ham yo‘qda. Xullas, yaxshi jurnalist dardisar, g‘irt boshog‘riq. Xo‘sh, endi aytingchi, yaxshi, yo‘g‘e yomon jurnalist kimga kerak?

Barno Sultonova

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети