Oilalar salomatligi — kelajagimiz kafolati
12 Yanvar 2012
Mamlakatimizda jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hisoblangan oila alohida e'tiborda, g‘amxo‘rlik qurshovida. Prezidentimiz tomonidan 2012 yilning Mustahkam oila yili deb nomlanishi mana shu e'tibor va g‘amxo‘rliklarni yanada oshirdi. Bularning barchasi respublikamiz miqyosida bu borada olib borilayotgan ijobiy ishlarni aniq bir maqsad sari yo‘naltirish imkonini beradi.
Ota-ona va bolalar munosabatlari uyg‘unligi va ular amalga oshiradigan vazifalarning o‘zaro muvofiqligiga va muvozanatiga asoslangan oila mustahkam oiladir. Er-xotin, ota-ona va farzandlarning o‘zaro muhabbati, burch va majburiyatlariga asoslangan oila barqaror bo‘ladi.
Oilada singdirilgan tarbiya yosh avlodning murg‘ak qalbida bir umr muhrlanib qoladi. Tarbiyaning barcha ko‘rinishlari, shu jumladan, estetik tarbiya ham keng qamrovli bo‘lib, insonda estetik ong va did, go‘zalliklarni ko‘rib-bilishni o‘rgatish orqali shakllantiriladi. Oilasida dastlabki estetik tarbiya topgan inson go‘zallik va nafosatni xunuklik va qo‘pollikdan ajrata boshlaydi, tabiat hamda voqea-hodisalardagi estetik sifatlarni idrok etib, beg‘araz zavqlanishni o‘rganadi.
Sog‘lom ijtimoiy-ma'naviy muhitda tarbiya topgan bolalar Vatan ravnaqi uchun o‘z hissasini qo‘sha oladigan, jamiyat manfaatini o‘z manfaati bilan mutanosib olib boradigan haqiqiy inson bo‘lib yetishadi. Buning uchun esa o‘sha avlodni tarbiyalaydigan har jihatdan yetuk, sog‘lom, mustahkam bo‘lgan oilani vujudga keltirish kerak.
Prezidentimiz sog‘lom turmush tarzi aqidalari o‘zbek xalqining milliy qadriyatlaridan biri ekanligini ta'kidlagan holda shunday degan edi: "Hech shubha yo‘q: sog‘lom avlod orzusi ajdodlarimizdan bizga qon-qonimizga singib ketgan muqaddas intilishdir. Agar ota-bobolarimizning turmush tarziga, tafakkuriga nazar solsak, ular nasl-nasab, yetti pushtining tozaligiga, avlodning sog‘lig‘iga juda katta e'tibor berganini ko‘ramiz".
Sog‘lom nasl sog‘lom jamiyat asosini tashkil etadi. Sog‘lom jamiyat va sog‘lom naslni esa sog‘lom turmush asoslarini ilmiy tadqiq etmay turib shakllantirib bo‘lmaydi.
Sog‘lom turmush tarzi zamirida, birinchidan, inson jismoniy salomatligi va kamoloti, ikkinchidan, inson ma'naviy va mafkuraviy salomatligi, uning shaxs sifatida to‘la kamol topishi mujassamdir.
Respublikamizda oilaviy sportni rivojlantirish va ommalashtirish, har bir oilani sog‘lomlashtiruvchi sport turlariga kengroq jalb etish, ular salomatligini tiklash, millat genofondini mustahkamlash, yoshlarning jismonan va ruhan sog‘lom bo‘lishi sog‘lom turmush sohasidagi dolzarb vazifalardan biridir.
Yurtboshimiz I.Karimov "Sportning milliy genofondini yaxshilash, ijtimoiy muammolarni muvaffaqiyatli hal etish, millatning g‘urur-iftixorini ko‘tarish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va boshqa sohalardagi ahamiyati benihoya kattadir" deb e'tirof etgani bejiz emas.
Oilaviy sportni ommalashtirishdan asosiy maqsad, oila a'zolarining salomatligini mustahkamlash, har bir oilada sog‘lom turmush tarzini, jismoniy va tibbiy madaniyatni to‘laqonli shakllantirishdir.
|
Ibn Sinoning ta'kidlashicha, salomatlikni saqlash uchun birinchi galda quyidagi yetti tadbirni amalga oshirish kerak:
1) kishi mijozini mo‘'tadil holga keltirish; 2) yeyiladigan va ichiladigan narsalarni to‘g‘ri tanlash; 3) odam gavdasining to‘g‘ri tuzilishini saqlash; 4) tanani chiqindilardan tozalab turish; 5) nafas olinadigan havoni yetarli va yaxshi qilish; 6) tanaga va mavsumga muvofiq kiyim tanlash; 7) jismoniy va ruhiy harakatlarni mo‘'tadil qilish.
|
Jismoniy harakat orqali oila a'zolarining salomatligini ta'minlash lozimligi bizga tibbiyot olamining sultoni, buyuk alloma Abu Ali ibn Sino bobomizdan merosdir. Ibn Sino sog‘liqni saqlash ishini san'at, deb ataydi. Uning vazifasi har xil foydali tadbirlarni qo‘llab, odamlarni tabiiy o‘lim yoshigacha yetkazishdir, deb ta'kidlaydi.
Ibn Sino badantarbiyaning ahamiyati haqida so‘zlab, mo‘'tadil ravishda va o‘z vaqtida badantarbiya bilan shug‘ullanuvchi kishi kasalliklarni davolashga muhtoj bo‘lmaydi, degan. Olim badantarbiya mashqlarini quyidagi usullarga bo‘lgan: kichik va katta, kuchli va kuchsiz, tez va sekin, sust va shiddatli. Bundan tashqari, badantarbiyaning quyidagi turlarini ko‘rsatgan: tez yurish, yugurish, sakrash, qilichbozlik, kamondan o‘q uzish, otda yurish, qo‘l va oyoq bilan har xil harakatlarni qilish, chovgon o‘yini, koptok o‘yini, tosh ko‘tarish, nayza sanchish. Bunda insonning yoshi, jinsi, quvvati, imkoniyati va sog‘liq darajasi hisobga olinadi. Ibn Sino badantarbiya turlari qatoriga uqalash (massaj)ni ham kiritgan. Uning ko‘rsatishicha, uqalash to‘rt xil — mo‘'tadil, kuchli, kuchsiz va davomli xillarga bo‘linadi. Kuchlisi gavdani baquvvat qiladi, kuchsizi yumshatadi, davomlisi ozdiradi, mo‘'tadili tanani yayratadi.
Darhaqiqat shunday ekan, har bir oila a'zolari o‘zlariga mos va qulay bo‘lgan badantarbiya mashqlari, yurish, yugurish, arqonchadan sakrash kabi jismoniy harakatlar va sog‘lomlashtiruvchi sport turlari, ya'ni suzish, badiiy gimnastika, voleybol, shuningdek, raqs to‘garaklarida muntazam shug‘ullanishlari, ularning salomatliklari uchun foydadan xoli emas ekan.
An'anaga aylanib muntazam ravishda o‘tkazilib kelinayotgan oilaviy sport musobaqalari oilalar salomatligini ta'minlash, oilaviy sportni rivojlantirish va ommalashtirishga yordam berish bilan birga, iqtidorli sportchilarni tanlab olishga imkoniyat yaratmoqda. Sport bilan muntazam shug‘ullangan oilalarning farzandlari sog‘lom va baquvvat bo‘lib, o‘zlari tanlagan sport turlari bo‘yicha xalqaro va respublika miqyosida o‘tayotgan nufuzli musobaqalarning sovrindorlari bo‘lishmoqda.
Bugungi kunda polvonlar, futbolchilar, tennischilar, ko‘pkarichilar sulolalari mavjud.
Oila salomatligini mustahkamlash uchun har bir oilada quyidagilarga e'tibor berilishi tavsiya etiladi:
- oilaning har bir a'zosi 5-7 daqiqa ertalabki badantarbiya bilan shug‘ullanishi;
- ertalab oila a'zolari sog‘lomlashtiruvchi yugurishni bajarishi;
- mehnat qilish va o‘qish jarayonlarida 3-5 daqiqa tetiklantiruvchi mashqlarni bajarishlari;
- kechki ovqatdan keyin esa oilaviy sayr etish, ya'ni kamida 1-2 km yurish.
Yuqoridagi jismoniy ko‘nikmalarni kun tartibiga kiritsagina, oila a'zolarining salomatligi mustahkamlanib, turmush tarziga bog‘liq bo‘lgan 50-55 foiz kasalliklarning oldi olinadi.
A.SALAYEV, Xorazm viloyati aloqa xodimlari birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yo‘riqchisi