Xorij tajribasi

Markalarning rang-barang olami

08 Yanvar 2012
  • Foto:
dan

Markalar turli rang, o‘lchamlarga ega: ba'zilari kichik, ba'zilari esa yirik. Qaysi birlarida yorqin suratlar, yana birlarida esa faqat matnlar bor, xolos.

Markalarni, ularning pochtadagi vazifasidan kelib chiqib, to‘rt asosiy guruhga bo‘lish mumkin: oddiy pochta markalari, to‘lov markalari, mahalliy va yarim pochta markalari. Ularning farqi nimada?

Oddiy pochta markalari

Oddiy pochta markalari — pochta xizmati uchun to‘lovni oldindan amalga oshirishda ishlatiladi. Jo‘natuvchi, pochta tarifidan kelib chiqib, ularni xatjildga yopishtiradi, xatni oluvchi esa, tabiiyki, xat uchun pul to‘lamaydi. Oddiy pochta markalarining eng ko‘p tarqagani standart markalardir, odatda ular kichik hajmli bo‘lib, adadi katta bo‘ladi.

Ayrim mamlakatlarda aviapochta uchun maxsus "havo pochtasi" markalari chiqarilgan. Bunday markalar birinchi bo‘lib Italiyada 1917 yilning may oyida, keyinchalik 1918 yili Vengriya, AQSh va Avstriyada paydo bo‘lgan. Bu markalarda samolyot tasviri yoki o‘sha mamlakat tilidagi "Air", "Avion", "Luftpost", "Correo ayegeo" kabi so‘zlarni uchratish mumkin.

Xatni manzilga iloji boricha tezroq yetkazish uchun ekspress pochta markalari ishlatilgan: "Expres", "Correos entrega inmadiata", "spesna", "b'rsa posha" va hokazo.

Ba'zi mamlakatlarda idoralararo xatlarni yetkazish uchun ham maxsus markalar chiqarilgan. Bular ham oddiy markalar bo‘lib, ularning tepasida "official", "officiel", "service" (xizmatga doir ma'nosini anglatadi) so‘zlarini uchratasiz.

Bulardan tashqari, xorijda juda ko‘plab oddiy pochta markalari chiqarilgan va chiqarilmoqda: gazeta jo‘natish uchun to‘lov amalga oshiriladigan markalar; telegramma jo‘natish uchun maxsus telegraf markalari; temir yo‘l pochta bo‘limlari xizmati uchun temir yo‘l markalari, ish vaqtidan tashqari yetkaziladigan xatlar uchun markalar, bayram markalari va hokazolarni sanab o‘tish mumkin.

Yarim pochta markalari

"Yarim pochta markalari" atamasi Amerikada paydo bo‘lgan. Bunday markalar qisman pochta maqsadlarida ishlatilsa-da, asosan boshqa maqsadlarga xizmat qiladi. Masalan, Qizil xoch jamg‘armasi markalarini, ko‘ngilli yordam, madaniy jamg‘armalar va boshqa ko‘plab xayriya maqsadlariga xizmat qiluvchi tashkilotlarning markalari ana shular sirasiga kiradi. Qolaversa, ba'zi bir kompaniyalar buyurtmasi bo‘yicha tayyorlanadigan reklama markalari ham shu yo‘sinda toifalanadi.

To‘lov markalari

Mabodo sizga xat marka yopishtirilmagan konvertda kelsa nima bo‘ladi? U holda marka o‘rnida "... so‘m to‘lansin" degan shtempelni ko‘rasiz... Bunday shtempel markalari soni yetarlicha bo‘lmagan yoki umuman mavjud bo‘lmagan xatlarga uriladi.

Birinchi to‘lov markalari 1859 yili Fransiyada, keyinchalik 1894 yili Avstriyada paydo bo‘lgan. Odatda bunday "marka"larning o‘rtasida to‘lov qiymati ko‘rsatiladi.

Mahalliy pochta markalari

Davlat pochta markalari istalgan masofadagi ham ichki, ham xalqaro to‘lovlar uchun amal qiladi. Mahalliy pochta markalari, nomi ham aytib turganidek, ma'lum bir hududda qo‘llanadi. Ular ko‘p mamlakatlarda juda ko‘plab va turli-tuman ko‘rinishlarda chiqarilgani uchun ularni batafsil ta'riflash mushkul.

***

Biz markalarning pochtadagi rolini ko‘rib chiqdik. Ammo ular yana bir muhim vazifani bajaradiki, bunga alohida to‘xtalmasak bo‘lmaydi. Ular tarixiy voqealarni targ‘ib qiladi, buyuk shaxslar, madaniy yodgorliklar, tabiat dunyosini  o‘zida aks ettiradi. Ular bir so‘z bilan kommemorativ markalar dea ataladi.

Kommemorativ markalarni ham bir necha turga ajratish mumkin. Bu, birinchi navbatda, yubileylar, turli sanalar munosabati bilan chiqarilgan markalar. Ikkinchi yana biri turi — esdalik markalari, ular yaqinda bo‘lib o‘tgan yoki bo‘lajak voqealarga bag‘ishlanadi. Aksariyat sport mavzularidagi, kosmosga oid markalar bunga yaqqol misoldir.

Umuman olganda, kommemorativ markalar ham xuddi pochta, yarim pochta va mahalliy markalar bilan bir xil vazifani bajargani uchun bu guruhlarga ham bevosita mansub hisoblanadi. Agarda yubiley markasi xayriya maqsadlarida chiqarilgan bo‘lsa u — yarim pochta markasidir. Ma'lum bir hududdagina ishlatilsa, u holda mahalliy pochta markasi hisoblanadi. Qolgan barcha kommemorativlar oddiy pochta belgilaridir.

Sobit Ahadov tayyorladi

Mavzuga doir

02 Fevral 2012
Birinchi xaker kim edi?
Xorij tajribasi
Birinchi xaker kim edi?

1903 yil iyun oyi, shom cho‘kkan. London Qirollik institutining ma'ruzalar zali pashsha uchsa eshitiladigan sukutga cho‘mgan. Fizik Jon Ambroz Fleming xo‘jayini — italiyalik Gulyelmo Markoni ixtiro qilgan yangi texnika mo‘'jizasi — masofadan simsiz aloqani ta'minlovchi apparatni sozlash bilan band.

17 Oktabr 2011
AT-kompaniyalar yutuqlari siri
Xorij tajribasi
AT-kompaniyalar yutuqlari siri

Apple innovatsiya kompaniyasi hisoblanadi, Microsoft esa – an'anaviymi? Haqiqatda ham shundaymi? Zamonaviy yirik AT-kompaniyalarning siri nimada – inqilobiy yondashuvdami yoki aksincha, texnik yaniliklardan voz kechishidami?

08 Oktabr 2011
Qarang, zamonaviy pochtachi kelyapti!
Xorij tajribasi
Qarang, zamonaviy pochtachi kelyapti!

Bundan atigi 20-25 yil avval xat tepasida shahar va ism-sharif ko‘rsatilsa bas, u egasi qo‘liga borib tushardi. Albatta, bunday maktublarni oluvchilar yo taniqli aktyor, yo bo‘lmasa mashhur sportchilar bo‘lishgan.