Birinchi xaker kim edi?
02 Fevral 2012
1903 yil iyun oyi, shom cho‘kkan. London Qirollik institutining ma'ruzalar zali pashsha uchsa eshitiladigan sukutga cho‘mgan. Fizik Jon Ambroz Fleming xo‘jayini — italiyalik Gulyelmo Markoni ixtiro qilgan yangi texnika mo‘'jizasi — masofadan simsiz aloqani ta'minlovchi apparatni sozlash bilan band. Bu chog‘ Markonining o‘zi Londondan 300 kilometr uzoqlikdagi Kornuell shahridan bu yerga Morze alifbosida xabar jo‘natish taraddudida.
Kutilmaganda, taqdimot boshlanmasdan turib, apparat ishlab ketdi. Avvaliga bir so‘z qayta-qayta takrorlanaverdi, keyin esa Markonini "odamlarning qulog‘iga lag‘mon ilishda" ayblovchi hazil she'r o‘qildi...
Tizim buzilgandi. Qanday qilib? Nega? Tarixdagi birinchi xaker kim edi?
Hammasi Jeyms Maksvell aytib ketgan elektromagnit maydonlarni Genrix Gers isbotlagan 1887 yili boshlangan edi. Gers kondensatorni ikki elektrodga ajratib, ularning oralig‘ida ionlashgan havo hosil qilishga erishdi. Chaqin paydo bo‘ldi. Qandaydir mo‘'jiza ro‘y berib, birinchisidan bir necha metr naridagi elektrodlar o‘rtasida ham chaqin hosil bo‘ldi: birinchi chaqindan chiqqan elektromagnit to‘lqin ikkinchi juft elektrodlar o‘rtasidagi tokni induksiyalagan edi. Bu amalda Gersning "uzun" va "qisqa" energiya chaqinlari vositasida Morzening nuqta va chiziqchalarini uzatish mumkinligini anglatardi.
Simsiz telegraf shunday paydo bo‘ldi va Markoni o‘z kompaniyasi bilan yangi bir ulkan sanoat poydevori yaratish arafasida turardi. Markoni o‘z qurilmasini matbuotda tinmay maqtar, qurilma xabarlarni juda uzoq masofalarga yetkazishi va ularga o‘z egalaridan boshqa hech kim daxl qila olmasligini ta'kidlashdan charchamasdi.
...Fleming Kornuelldan xabar qabul qilishiga bir necha daqiqa qolganida sukutni ma'ruzachi slaydlar namoyish etadigan teatr proyeksion lampasining pirpirashi buzdi. Namoyishchi yordamchisi Artur Blok tezda tushunib yetdi: lampa shunchaki yonib-o‘chayotgani yo‘q, u Morze alifbosida xabar berapti. Shubhaga o‘rin qolmagandi, kimdir teatrga proyektor lampasi qabul qila oladigan impulslar yo‘llamoqda.
Umuman olganda, taqdimot yomon o‘tmadi. Biroq... g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘lgan, endi kech. Simsiz aloqa, Markoni va'da berganidek, xavfsiz emasligini barcha anglab yetgandi. Hech bir aqlga sig‘maydi, xabaringizni begonalar eshitsa-a!
Markoni esa, har qancha og‘ir botmasin, bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsizlikka o‘zini beparvodek ko‘rsatdi. "Bu tizimga ishonmaydiganlar bilan ishim yo‘q, qolganlar esa taqdimotga marhamat", degandi u. Fleming esa o‘zini tutib turolmadi. "Tayms" gazetasiga xat yo‘lladi. Sodir etilgan voqea sababchilarini g‘irt bezorilikda, Qirollik instituti an'analariga behurmatlikda ayblab, gazeta o‘quvchilaridan ularni topishda yordam berishlarini so‘radi.
"Bezori" o‘zini ko‘p kuttirib qo‘ymadi. Oradan to‘rt kun o‘tib "Tayms"da "xaker"ning javob xati chop etildi. Xaker o‘z niqobini ochgan, simsiz aloqani faqat maqtamasdan, undagi kamchiliklarni ham ommadan yashirmaslik kerak edi, deb o‘z xatti-harakatini oqlagandi. Xat muallifi — 39 yoshli professional ko‘zboylog‘ich Nevil Maskelin edi.
Nevil ixtirochilar oilasida dunyoga keldi. Otasi tanga tashlasa ochiladigan maxsus qulf o‘ylab topgandi. O‘g‘il esa simsiz texnologiyalarga mukkasidan ketdi. Morze alifbosini mukammal o‘zlashtirib olgan va sahnadagi chiqishlarida o‘zgalar fikrini uqishda yordamchisi jo‘natadigan xabarlardan unumli foydalanardi. Qolaversa, uzatgichdan chiqqan uchqun yordamida poroxni yondirish g‘oyasi ham uniki. 1900 yili Maskelin yerdagi stansiya va 16 kilometr balandlikdagi havo shari o‘rtasida bir necha marta simsiz xabar almasha oldi. Yugurganniki emas, buyurganniki deyishadi. Maskelin ixtirolariga ko‘milib yuraverdiyu, biron-bir joyda rasmiylashtirib qo‘yishga hafsala qilmadi. Patent idorasiga borganida unga allaqanday uddaburon italiyalik haqida so‘z ochishdi. Kurashuvchanlik qon-qoniga singib ketgan Maskelin vaqti kelib Markoni bilan orani ochdi qilib olishni ko‘ngliga tugib qo‘ydi...
Yangi texnologiyadan birinchi navbatda simli telegraf aziyat chekishi o‘z-o‘zidan ayon edi. Yirik telegraf kompaniyalari ulkan yer usti va dengiz, qolaversa, okeanosti kabel tarmoqlaridan foydalanardi. "Noni yarimta bo‘ladiganlar" ro‘yxatida Britaniya imperiyasining Sharqiy telegraf kompaniyasi ham bo‘lib, uning minglab chaqirimga cho‘zilgan kabellari Kornuell g‘arbidagi Portkyorno qishlog‘ini Indoneziya, Hindiston, Afrika, Janubiy Amerika va Avstraliya bilan bog‘lardi. Markoni okeanortiga bir nechta simsiz xabarni muvaffaqiyatli yo‘llagach (voqea 1901 yilning 12 dekabrida sodir bo‘lgan), kompaniya Maskelindan o‘zi uchun josuslik qilib berishni so‘radi.
Ko‘zboylog‘ich Portkyorno g‘arbidagi tepalikda 50 metrlik radiomachta tiklab (uning qoldiqlari hozirgacha saqlanib qolgan), Markoning "o‘ta konfidensial" tizimi yordamida qirg‘oq va kemalar aloqaga qanday chiqapti, ularni eshitish imkoni bormi-yo‘qmi shuni tekshirib ko‘rdi. Hatto Electrician jurnalining 1902 yil 7 noyabr sonida maxfiy aloqani aniq-tiniq eshitsa bo‘lishini ham yozgandi. Uning aytishicha, muammo signalni tutishda emas, balki ulkan axborot oqimini boshqarishda ekan.
Markoni muayan chastotadagi simsiz priyomnikni sozlash texnologiyasi uchun patent olgandi. Bugungi kun nuqtai nazaridan qanchalik erish tuyulmasin, bu bor gap. Maskelin haqiqatda tizimning mohiyatini birinchi bo‘lib tushunib yetgandi. U signalni tutish mumkin ekan, demak, uni o‘zgalar boshqarishi mumkinligini ham afkor-ommaga isbotlamoqchi edi.
Bugungi kunda ham vaziyat shunga o‘xshab ketadi. Xakerlar tizimlarga kirisharkan, katta zarar yetkazish bilan birga, tizimlarning kamchiliklardan xoli emasligini ham qaysidir ma'noda isbotlashapti. Bekorga aytishmaydiku, "Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi"...
Sobit Ahadov tayyorladi