Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Chapdan o‘ngga: gap qachon o‘tishdamas, qanday o‘tishda

Chapdan o‘ngga: gap qachon o‘tishdamas, qanday o‘tishda

Foto: «Wikipedia.org»

Bundan naq 51 yil ilgari — 1967-yilning 3-sentyabrida Shvetsiyada avtotransportlar harakatlanishi yo‘lning chap tomonidan o‘ng tomoniga o‘tkazilgan edi. Albatta, dabdurustdan mutlaqo boshqa o‘zanga tushish oson kechmagan, ayniqsa, «H» kuni (shved tilida Dagen «H» — Högertrafik — o‘ng tomonlama harakatlanish) — o‘ngga o‘tish boshlangan 3 sentyabr kuni.


Muammoning ildizi

Shvetsiya XX asrning o‘rtalariga kelib kontinental Yevropadagi chap tomonlama harakatlanish amal qilib turgan oxirgi mamlakat edi. Barcha qo‘shni skandinavlar (Daniya, Norvegiya, Finlyandiya) o‘ng tomonda harakatlanishar, chegara bilan kesishmalarda haydovchilar tom ma’noda boshi berk ko‘chaga kirib qolishardi.

O‘ng tomonga o‘tish tarafdorlari ekspertlarga tayanib shunday qilsak avariyalar soni pasayadi deyishardi. Ayniqsa, ruli chap tomondagi mashinalar yo‘lning o‘ng tomonidan harakatlansa (holbuki Shvetsiyadagi mashinalar chap tomonda harakatlansa ham ruli chap tomonda edi) manzara yaxshi ko‘ringani bois yuzma-yuz to‘qnashuvlar ancha kamayishidan umidvor edi ular.

Bu ichki muammo bo‘lganida ham mayli edi: nomigagina chegara qo‘yilgan hududlarda norveg va fin haydovchilari hadeb «chapaqay» shvedlarga duch kelib qolaverishdan yurak oldirib qo‘yishgandi. Qilko‘prik ustida duch kelib qolgan ikki echki haqidagi ertakni eslatadi...

Xullas, shvedlar shoshilishmasa bo‘lmasdi: chunki o‘sha paytlardan Yevropa bir xil va arzon to‘garak chiroqlardan to‘g‘ri burchakli, har bir mashina uchun maxsus ishlab chiqilgan faralarga o‘tishni boshlab yuborgandi — har bir o‘tkazib yuborilgan yil ortiqcha xarajat degani.

Qizig‘i, 1955-yilgi umumxalq ovoz berishida 85 foiz qatnashchilar o‘ng tomonga o‘tishga qarshi bo‘lishgandi. Shunga qaramay, Shvetsiya parlamenti konservativ fikrlovchi xalqi bilan hisoblashib o‘tirishni o‘ziga ep ko‘rmadi va o‘ng tomonga o‘tish bo‘yicha shug‘ullanuvchi davlat komissiyasini tuzdi.

O‘zgarish uchun nima qilishdi? 

Islohotchilar oldida ulkan va zahmatli ish turardi, ammo ularning qarori qat’iy edi: Shvetsiyadagi barcha svetoforlarni yangitdan o‘rnatib, yo‘l belgilarini yangilab chiqishdi, chorrahalar o‘zgartirishdi, bir tomonlama harakatlanishga ruxsat etilgan ko‘chalarda avtobus bekatlarining joyi o‘zgartirildi, barcha mashinalarning faralari o‘ng tomonga moslab sozlab chiqildi. Bira to‘la «haqiqiy yevropalik» bo‘lish uchun sariq rangdan voz kechilib, yo‘llarga chizishda oq bo‘yoqdan foydalanildi.

Eng qiyini avtobuschilarga bo‘ldi: 8000 ta avtobusning eshiklarini chap tomondan o‘ng tomonga va aksincha, haydovchisini o‘ng tomondan chap tomonga o‘tkazishga ozmuncha mehnat va xarajat ketadimi?!

Shu qiyinchiliklardan cho‘chigan ayrimlar (masalan, Gyoteborg shahri avtobuschilari) yangi avtobuslar sotib olib, o‘zlarinikini «chap qo‘l qoidasi»ga sodiq qilayotgan pokistonliklarga pullab yuborishdi.

Targ‘ibot ishlarini-ku, aytmasa ham bo‘ladi. Naq 30 sahifali axborot bukleti, ikki rangli qo‘lqoplar (u paytlarda haydovchilar qo‘lqop kiyishgan, qizili — chap, yashili — o‘ng). Hatto radioda taralayotgan qo‘shiq o‘ngga o‘tishga chorlardi: «O‘ngga ol, Svensson» («Håll dig till höger, Svensson»).

«H» kuni

1967-yilning 3-sentyabri, yakshanba soat tonggi 5:00 da o‘ngga o‘tishga start berildi. Bungacha tungi soat birdan ertalabki soat oltigacha (katta shaharlarda bundan ham uzoqroq cho‘zildi) shaxsiy transportni haydash taqiqlab qo‘yildi.

«H» kunida Shvetsiya poytaxti Stokgolm ko‘chasi. Foto: «Wikipedia.org»  

Bu paytda ishchilar svetoforlarni yoqib, yangi yo‘l belgilarining g‘iloflarini ochishga ulgurishlari kerak edi, hatto odam yetishmaganidan askarlarni yordamga chaqirishdi.

O‘ng tomonga o‘tilgandan keyin tezlikni pasaytirishni ko‘zda tutuvchi maxsus tartib joriy etildi.

Oqibati

Umuman olganda, o‘ng tomonlama harakatlanishga o‘tish silliq kechdi. Dastlabki ikki kunda o‘limga olib keluvchi bittayam YTH sodir bo‘lmadi. «H» kunidan bir oy o‘tib haqiqatan ham avariyalar soni ancha-muncha kamaydi.

Shvetsiyada «chap qo‘l qoidasi» faqat metro va poyezdlarda saqlanib qolgan.

Keyingi yili «katta og‘a»sining tajribasidan ruhlangan Islandiya, garchi orolda joylashgan, garchi norveg va finlar bilan hech qachon to‘qnashib ketmasa ham avtomobillarini o‘ng tomonga o‘tkazdi.

Xulosa o‘rnida

O‘ngga o‘tgan bitta shvedlarmas, yana ular Yevropada oxiri bo‘lishibdi, dersiz. Bu rost.

Ammo bugunga kelib eng xavfsiz yo‘llar Shvetsiyaniki. Yo‘l-transport hodisalaridan kamdan-kam odam halok bo‘ladi — ular dunyoda eng oldingi o‘rinda (internetdan istagancha ma’lumot qidirib ko‘rishingiz mumkin).

Endi shvedlar yo‘llarda qurbonlar umuman bo‘lmasligi nima qilish kerak deb, bosh qotirishyapti. Yo‘llarni moslashyapti, o‘zlarini moslashyapti. Endi ular birinchi...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring