Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Chet elda talab haydovchiga emas, mashinaga qo‘yilgan

Chet elda talab haydovchiga emas, mashinaga qo‘yilgan

Foto:«Wikipedia»

Mashinalarning kunduzi faralarni yoqib yurishi haqidagi yangi qoida bugun aholi, ayniqsa haydovchilar o‘rtasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Bu qoida bahslarga, muhokamalarga hatto norozilikka sabab bo‘layaptimi, balki yana bir bor mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqilish kerakdir. Chet el tajribasiga asoslanilibdimi, demak yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mashinalar, yo‘llar, harakatlanish qoidalari, haydovchiyu yo‘lovchining yo‘l qoidalariga birday amal qilishi, madaniyatu muomalasi ham shunga mos bo‘lishi kerak. Ayni paytda chet elda faoliyat olib borayotgan hamkasbimiz Ibrat Safo «Facebook»dagi sahifasida ushbu masala bo‘yicha o‘z fikr mulohazalari bilan o‘rtoqlashibdi, mana shu qoidani amalga tadbiq etayotganlar, balki shunday asosli fikrlarni yana bir bor o‘rganib chiqishi lozim deb o‘ylaymiz.

«Yaqinda vatanga borganimda ko‘plar kunduzi farani yoqib yurish bo‘yicha kiritilgan yangi qoidadan norozi yoki uni tushunmayotganlariga guvoh bo‘ldim. Aksar izohlarda bu jahon tajribasi ekanligi, masalan, Yevropada bunday qoida allaqachon borligi aytilyapti.

Bor, lekin haydovchiga buning og‘irligi yo‘q. Yevropa Ittifoqida 2011-yilda qabul qilingan qarorga ko‘ra, 2011-yildan chiqqan barcha yangi avtomobillarga ishlab chiqaruvchi zavodning o‘zi kunduzgi chiroqlarni o‘rnatishi shart. Britaniyada bu «Daytime running lights» deyiladi. Yangi mashinalarda odatda fara atrofiga chiroyli svetodiod chiziqli chiroq o‘rnatilgani ko‘rasiz. Svetodiodni inglizlar LED deydi. U avtomobil motori yoqilishi bilanoq o‘zi avtomatik tarzda yonadi. Qorong‘u tushganda farangizni yoqsangiz, u o‘chadi.

Lekin, agar mashinangiz 2011-yildan avval chiqqan bo‘lsa, sizga umuman bunday talab yo‘q. Eskisiga ham LED o‘rnat, yoki farangni yoqib yur demaydi hech kim.

Shunday ekan, O‘zbekistonda barcha haydovchilardan kunduzi faralarini yoqib yurishi talab qilinishi g‘alati, Yevropa tajribasi bunday emas.

P.S. Kunduzi chiroq yongan bo‘lishi haqiqatdan ham avariyaning oldini olishi mumkin. Masalan, Kanadada avariyalar shu tufayli 5%ga kamaygani qayd qilingan. Shu sabab ba’zilar eski mashinalariga ham LED chiroqlar o‘rnatib olishadi va bu qimmat emas. Lekin, asosiysi, tanlov sizniki. Yevropada 2011 yildan keyin chiqqan avtomobillarga talab haydovchiga emas, ishlab chiqaruvchiga qo‘yilgan...»

Demak tanlovni haydovchilarning o‘ziga qoldirish kerakmikan???

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring