Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

Sariq rangli taksilardan voz kechish kerakmi?

Sariq rangli taksilardan voz kechish kerakmi?

Foto: «Sputnik»

Bu gaplarni ancha oldin yozmoqchi bo‘lgan edim. Hatto sarlavha va mavzu ham tayyor edi. «Nega Toshkent shahridagi taksilarning rangi sariq emas?» degan. Ammo o‘shanda mavzu boshqa muammolar oldida arzimas bo‘lib tuyulgan, shu bois yozmay qo‘ya qolgan edim. Ammo qaysidir kuni «Uza.uz» saytida Sayyora Shoyevaning «Natija bermagan talablardan voz kechish vaqti kelmadimi? Yoxud sariq taksi muammolari» nomli maqolasini o‘qidimu bu mavzuda yozmasam bo‘lmasligini tushundim.

O‘sha maqolada Jizzaxda sariq rangli taksilar kam ekani, mashinani sariqqa bo‘yash muammo ekani yozilgan. Muallif taksilarni sariqqa bo‘yashni «natija bermagan amaliyot» sifatida baholaydi. Jizzaxda ko‘pchilik mashinasini sariq rangga bo‘yash xarajatidan qochib noqonuniy faoliyat yuritayotganini yozadi. Ammo maqola muallifi Jizzaxdagi bu holatni yozishdan oldin nega Samarqandga, Qo‘qonga, Urganchga yoki boshqa shaharlarga borib vaziyatni o‘rganmaydi? O‘rganganida aksariyat shaharlarimizda ko‘plab sariq rangli taksilar yurganini va o‘sha shaharlarda noqonuniy ishlaydigan taksilar juda kamligini ko‘rar edi.

Muallif maqolada «sariq rangli taksilardan voz kechish vaqti kelmadimi?» deb yozadi. To‘g‘ri, mashinani sariqqa bo‘yash xarajat talab qiladi. Ammo rivojlanishni xohlar ekanmiz, bizga sariq rangli taksilar albatta kerak. Yurtimiz sayyohlar tashrifi bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinda turadi. Shunday ekan, taksilardan sariq rangni olib tashlasak hammasi bo‘tqa bo‘lib ketadi va odamlarimiz ham, chet ellik sayyohlar ham ko‘chada yurgan mashinalarning qaysi taksi-yu, qaysi oddiy mashinaligini ajrata olmay qoladi. Bu sayyohlar uchun o‘ta noqulay va o‘ta kulgili holat bo‘lib ko‘rinadi. 

Foto: «Facebook» / «Voditeli Tashkenta»

Jizzaxda sariq rangli taksilarning kamligi va aksariyat kirakashlarning noqonuniy faoliyat olib borishi aslo bu soha o‘zini oqlamaganini bildirmaydi. Aksincha, ushbu sohani nazorat qilishi kerak bo‘lgan tashkilotlar yaxshi ishlamaganidan dalolat beradi.

Mashinani sariqqa bo‘yash xarajat talab qilsa, boshog‘riq bo‘lsa, demak, avvalo sariq rangdan voz kechishni emas, balki avtozavodimizdan sariq rangli mashinalarni ishlab chiqarib taksichilik korxonalariga yetkazib berishni talab qilish kerak chamamda.

Endi bu sohadagi bir tushunarsiz ish haqida fikrimni bildirsam. O‘sha 2011 yil 18 mayda chiqqan «Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorda Toshkent shahrida faoliyat olib boradigan yo‘nalishsiz taksilarning rangi fil suyagi rangida (ko‘pchilik «qaymoqrang» deb ham ataydi), viloyatlardagi taksilarning rangi esa sariq rangda bo‘lishi belgilab qo‘yilgan. Ana shu yerda savol tug‘iladi: xo‘sh, nega endi Toshkent taksilarining rangi boshqa viloyatlarnikidan farq qilishi kerak? Buning biron sababi bormi? Taxminimcha, hech qanday arzirli sababi yo‘q. Shunday ekan, bu qarorni o‘zgartirib, butun mamlakatimiz bo‘ylab taksilar rangi bir xil — sariq bo‘lishini belgilab qo‘yish kerak.

Foto: «Bizkit.ru»

Yana bir tushunarsiz ish shuki, barcha viloyatlarda yo‘nalishsiz taksilar rangi sariqligiga qaramay nega «GM-Uzbekistan»da sariq rangli mashina ishlab chiqarilmaydi? Toshkent shahri uchun taksilar «fil suyagi rangi»da bo‘lishi belgilangan bo‘lsa-da, shu rangdagi mashinalar nega aholiga ham sotiladi? «O‘zavtosanoat» ushbu masalani hal qilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Bu gaplardan xulosa shuki:

  1. Birinchi navbatda Toshkent shahrining alohida maqomini bekor qilish va yurtimizdagi hamma taksilarning rangi bir xil — sariq bo‘lishiga erishish kerak.
  2. «GM-Uzbekistan» avtozavodlarida sariq rangli mashinalar ishlab chiqarib shu sohada faoliyat olib borayotgan korxonalarga yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish lozim.
  3. Kirakashlarning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yish uchun joylarda nazoratni kuchaytirish va shu sohaga tegishli qaror ijrosini ta’minlash shart.
Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring