Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Taksi»ning 20 yillik yubileyi nishonlandi

«Taksi»ning 20 yillik yubileyi nishonlandi

Foto: «filmpro.ru»

«Fransiyada 17-aprel kuni mashhur «Taksi» filmining 20 yillik yubileyi nishonlandi. Film ilk bor 1998-yilning aprelida katta ekranga chiqqan edi. Uning rejissyori Lyuk Besson yubiley kuni yangi «Taksi-5»ni taqdim etdi», — deb yozmoqda TASS.

Bessonning aytishicha, u ilk film uchun ssenariyni 30 kunda yozib tugatgan. Shunga qaramay, o‘zi «Beshinchi element» bilan band bo‘lgani sababli filmni suratga olish jarayonida shaxsan qatnasha olmagan. Besson faqat film uchun aktyorlarnigina tanlab bergan va suratga olishni Jerar Piresga topshirgan. Ammo suratga olish jarayoni boshlanishidan sakkiz kun avval Pires otdan yiqilib, jarohat oladi va Jerar Kravchikni o‘ziga o‘rinbosar etib tayinlaydi.

Film uchun ssenariy 30 kunda yozilgan bo‘lsa, uni suratga olish undan ham kamroq – 27 kunda tugagan. Kartinada birdaniga oltita mashina suratga tushgan. Har bir mashina muayyan vazifani bajargan. Birinchisi – avtomobilning klassik versiyasi, ikkinchisi mashinaning turli modifikatsiyalardan keyingi variantini aks ettirgan, uchinchisida interer bilan bog‘liq sahnalar olingan, to‘rtinchisi mutaxassis poygachi mashinani sezdirmasdan boshqarishi uchun qo‘shimcha rul bilan jihozlangan, beshinchisi poygalar uchun, oltinchisi esa sayohat uchun mo‘ljallangan bo‘lgan. Kartinada professional poygachilar kaskadyorlik qilgan.

Film katta shuhrat qozongach, Lyuk Besson uning davomi — «Taksi-2», «Taksi-3», «Taksi-4» va nihoyat «Taksi-5» filmlarini suratga oldi. Ayni damda kartinaning beshinchi qismini Fransiyada 1,2 million kishi tomosha qilishga ulgurdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring