Bobur Nabi

Fiqrachilar firqasidanman!

Baribir foydasi yo‘q!

Baribir foydasi yo‘q!

Foto: «Championat Asia»

Bir fermer bo‘lgan ekan (hozir ham bor). Uning o‘n gektar yeri bo‘lgan ekan (hozir ham bor). O‘sha o‘n gektar yeriga paxta ekib, hosilini xirmon qilgan ekan (hozir yo‘q lekin). Yana u fermer futbol muxlisi ham ekan, milliy terma jamoa o‘yinini ko‘rish, qo‘llab-quvvatlash uchun har narsaga tayyor ekan.

Kunlardan bir kun, ya’ni O‘zbekiston terma jamoasi JCh-2018 saralashida Janubiy Koreya termasiga qarshi tushib qolibdi. Lekin ayni hosil payti bo‘lgani uchun Toshkentdagi o‘yinga borolmaydigan bo‘libdi. Shunday bo‘lsa-da, barcha ishini o‘yin paytigacha bitirib, televizorda ko‘rish uchun tayyorgarlik qila boshladi. Yolg‘iz o‘zi ko‘rgisi kelmay, hunarmand oshnasini ham chaqirdi. Ammo do‘sti uning hafsalasini pir qildi.

— Qo‘ysang-chi, baribir foydasi yo‘q, asablarim o‘zimga kerak, — dedi hunarmand qo‘l siltab.

— Nega unday deysan? Jamoamizga ishonishimiz kerak, albatta g‘alaba qozonamiz! — dedi bo‘sh kelmay fermer.

Xullas, ikkisi kelisholmadi. Hunarmand «ko‘raman» degancha ishiga berildi. Fermer esa do‘konga kirdi. Ikki shisha pivo, 4-5 dona qurut, osh uchun masalliqlar sotib oldi. U azaldan shunday, jamoa yutqazganda ham, barcha o‘yinlarga shu taxlit ishtiyoq bilan tayyorgarlik ko‘radi. Uyiga yetib kelib, xotiniga bir ko‘z qisib, masalliqlarni berdi.

— Qalaysiz, xotinjon! Bugun bir osh qiling, maza qilib futbol ko‘raylik.

Xotin ham bu holatga ko‘nikib qolgan. Ishqilib yutsin-da, deb ming‘irlagancha oshxonaga kirib ketdi. Oradan yarim soatlar vaqt o‘tdi hamki, hunarmand oshnasidan darak yo‘q. Darrov telefonini olib, unga qo‘ng‘iroq qildi:

— Qaydasan-ye? Ke endi, hozir futbol boshlanadi. Ungacha maydalab o‘tiramiz.

Telefon apparatidan ovoz keldi:

— E oshna, baribir foydasi yo‘q, vaqtimni olmagin. Yaxshisi, sen ham ko‘rma, menga rahmat aytasan.

Fermer qo‘yarda-qo‘ymay aloqani uzdi. Bir shisha pivoni ochib, o‘zi «maydalash»ga tushdi. Televizorni «Sport» kanaliga sozladi, ana, futbol boshlanay debdi. Yoniga ikki o‘g‘li ham keldi. U sekin pivoni yashirdi. Hunarmandga yana bir marta telefon qilib, eslatib ko‘rsin-chi, zora, kelib qolsa. Lekin yana o‘sha gapni eshitdi: «Baribir foydasi yo‘q, ishingni qilsang-chi».

— E nima, sen folbinmiding? Qayerdan bilasan, balki yutarmiz, to‘rtta gol urarmiz! — degancha qoldi fermer...

O‘yin boshlandi. Biznikilar darrov hujumlar yomg‘irini yog‘dirishga tushishdi. Fermer baqirib, hayqirib, «ur, sol, bo‘sh kelma!» deb ko‘rar, unga qo‘shilib, o‘g‘illari ham qiyqirishardi. O‘yin qizigandan-qizib borardi. Lekin shu payt lip etib chiroq o‘chib qoldi...

Fermer bir muddat jim bo‘ldi. Og‘zida qurut, qo‘li musht, tepaga ko‘tarilgancha qotib turardi. Hozir uning holatini, ichidan nima o‘tayotganini so‘z bilan izohlash qiyin edi. Sukunatni telefonining ovozi buzdi. U beixtiyor go‘shakni ko‘tardi.

— Men senga nima degandim, oshna, baribir foydasi yo‘q. Endi nima bo‘ladi? Birinchi o‘rinda televizor uchadi, keyin xotin balogardon, oxirida toshoynaga ham hojat qolmaydi, — dedi-yu hunarmand hiringlagancha aloqani uzdi.

Uning jig‘ibiyroni chiqib, fig‘oni falakka ko‘tarildi. Qizarib, bo‘zarib, ichidan alami kelib, bor kuchini ovoziga ko‘chirdi:

— Xotin!!!