Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Selfizatsiya»

«Selfizatsiya»

Foto: «MedikForum»

Eshitdingizmi, zamonimizda yangi «kasallik» tarqalgan emish. Shuncha dard yetmaganidek, o‘lganni ustiga chipqon bo‘lib, bu «yuqumli kasallik» har qadamda tinchimizni o‘g‘irlayapti. Ko‘rinishidan beozorgina-yu, ammo bir kishi kasallandimi, yonidan lip etib o‘tganni ham o‘z domiga tortmay qo‘ymas ekan. Har baloga aqli yetadigan olimlarning aytishicha, bu dardning davosi bor ekan-u, lekin hech kim davolanishni istamasmish. Qaytaga unga, e-he, qancha odam qiziqib qoldi.

Nima ekan bu dard deysizmi? Aytishga aytaman-u, faqat iltimos, eshitgach, o‘rnak olmaslikka va’da bering. Shularni yozayapman, ochig‘i, bu darddan o‘zim ham xoli emasman. Ha, do‘stlar, bu kasallik meni ham «chertib» o‘tdi. Bu dom-daraksiz yo‘qolgurning nomi «o‘zimni o‘zim suratga olaman» emish. Zamonaviy tilda uni «selfizatsiya» ham deyishadi. U qanday deysizmi? Haligi «tring-tring» qiladigan matohimizning suratga olish joyini yoqamiz-da, so‘ng shaqillatib o‘zimizni o‘zimiz suratga olib o‘tiraveramiz. Zarilmi boshqalarni bezovta qili-i-ib!

Bir dugonamning dugonasining aytishicha, u kuniga roppa-rosa 100 marta o‘zini suratga olar ekan. Voy, bu suvchechakka o‘xshamay qolgurning hunarini qarang-a! Odamning dod degisi keladi. Qani edi bu suvchechakni ko‘richakdek olib tashlasangiz. Tunov kuni ko‘chada ketayotsam, qarama-qarshi tomondan kelayotgan ikki qiz o‘z-o‘zini suratga olishga chunonam berilibdiki, bir-biriga urilib ketsa bo‘ladimi! Tasavvur qilyapsizmi, soch turmagi lampashishaga o‘xshaydigan qizning qo‘li ikkinchi qizning tumshug‘iga shunday tegdiki, ko‘zidan o‘t, tilidan do‘q otilib chiqdi. Bu ham kamdek «ijodkor»lar tomonidan g‘aroyib bir tayoqcha yasaldi. Nima emish, haligi matohingizni tayoqchaning uchiga mahkamlab qo‘yasiz-da, tamom, suratga tushaverasiz.

Yaqinda bir amakidan eshitib qoldim, ketayotsa orqasida ikkita qiz tayog‘ini ko‘tarib qolibdi. Qush pir etsa, yuragi shir etadigan amaki meni urishmoqchi deb o‘ylab ortiga qarasa, qizlar, hayronmish. Sal qolibdi bechora amakining yiqilib qolishiga. Eh, bu tayoqchani ishlab chiqarganlarga ming rahmat. Yaqinda eshitdim, qo‘l kaltalik qilgan joylarda uning xizmati katta emish. Masalan, Gulkosa degan mahalladoshim yo‘lda ketayotsa, bir bezori hujum qilibdi. Qo‘lidagi shu tayoqcha bilan chunonam do‘pposlabdiki... Yo bo‘lmasa, shu mahalladoshimning bir sportchi tanishi ayrim jismoniy mashqlarni bajarishda undan foydalanayotganmish! Buni qarang, bu qurmag‘urni suratga olishdan ko‘ra muhimro-o-oq ishlarga jalb qilsa bo‘larkan-a!

Ana sizga sivilizatsiya-yu, mana sizga «selfizatsiya»!

Nigina Hakimova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring