Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda 22 yoshli qiz to‘qqiz nafar fuqaroni chuv tushirdi

Buxoroda 22 yoshli qiz to‘qqiz nafar fuqaroni chuv tushirdi

Foto: Xabar.uz

Buxoro viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, ikki holatda ayollar tomonidan kiber jinoyatga qo‘l urilgan.

Ta’kidlanishicha, O.G. ismli 23 yoshli ayol Kogon shahrida yashovchi fuqarolarning soddaligidan foydalanib, turli aldov yo‘llari bilan plastik kartalaridan jami 4.040.000 so‘m pullarni axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yechib olgan.

«Uni ilgari ko‘rmaganman. Yakshanba kuni bankomatlar ishlamagani bois, qo‘limdagi pulimga ro‘zg‘orga yetarli bozor-o‘char qilolmay, bozordan hafsalam pir bo‘lib qaytdim. Ko‘chaboshidagi o‘rindiqda xayolga berilib o‘tirgan edim. Bir notanish ayol dardimga sherik bo‘ldimi, tashvishimni yengillatmoqchi bo‘ldimi, bilmadim, shaxsiy plastik kartam bilan nimalardir qilishim kerakligini tushuntirdi. Qaysidir operatsiyalarni bajardim ham. Hatto, uning kimligini ham so‘ramabman. Bilimsizlik oqibati-da... Uyga kelsam, bir milliondan ortiq pulim yechib olingan. Hushim battar boshimdan oshdi. Keyin ichki ishlar idoralariga murojaat qildim. Ayollardan ham firibgar chiqar ekan-da...»,— deydi kogonlik 42 yoshli ayol S.Ch.

Mazkur holatlar yuzasidan Kogon shahar IIB tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida O.G. ning hatti-harakatlari fosh etilgan.

Xuddi shunday firibgarlik  holati Olot tumani IIB tomonidan ham aniqlangan. Unga ko‘ra, noma’lum shaxs kompyuter tizimlariga ruxsatsiz kirib, «Milliybank» ATB tomonidan rasmiylashtirib berilgan plastik kartadan 9 nafar fuqarolarning kartasidan jami 12.511.000 so‘m pullarni yechib olgan.

«Holat 22 yoshli qiz Sh.G. tomonidan sodir etilgan. Hozirgi kunda ushbu shaxslarning boshqa xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorliklari, shuningdek, ushbu gumon qilinuvchilardan jabrlangan fuqarolarni aniqlash yuzasidan tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda»,—deydi Shuhrat Jalolov.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring