Profilaktika inspektori o‘zini daryoga tashlagan ayolni qutqardi
— Aka, aka, Zarafshon daryosi... Zarafshon daryosiga tez yetib kelinglar... Bir ayol o‘zini daryoga tashladi..,—qattiq qo‘rquv va hayajon bilan «102» raqamiga kelib tushgan qo‘ng‘iroq yuzasidan juda tezkor harakatlar boshlab yuborildi.
Tungi soat 00:00 larda xabar kelib tushishi bilanoq, hudud profilaktika inspektori Shahzod Nasullayev voqea joyiga tezkor yugurib kelishi jarayonida holat yuzasidan PPX xodimlari va mahalla fuqarolar yig‘ini raisiga ham ma’lum qilgan. Profilaktika inspektori tun qorong‘usidagi xavfli vaziyatga qaramay, katta tezlikda oqib ketayotgan daryoda jon talashib, cho‘kib borayotgan ayolni qutqarish uchun o‘zini muzdek suvga otgan. U cho‘kayotgan ayolni ushlab olgan va hushsiz ayolni daryoning narigi betiga olib chiqqan. Profilaktika inspektori muzdek suvda butun tanasi uvishib qolishiga qaramay, ayol hayotini saqlab qolish uchun unga birinchi yordam ko‘rsatgan. Va yana uni dast ko‘targan holda daryoni kechib o‘tgan.
Bu orada voqea joyiga mahalla raisi Gulchiroy Jamolova hamda PPX xodimi Mirshod Rahimov ham yetib kelib, tezkor harakatga kirishishgan.
Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Shukurlayevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, ular ayolning hayotini saqlab qolishgan.
— Ba’zan bir insonning hayotini saqlab qolish uchun bir necha daqiqa, birgina qaror va eng muhimi, jasorat kifoya. Ular shu jasoratni ado etishdi. Ayni paytda, holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda va ayolni o‘z joniga qasd qilishgacha olib kelgan holatlar izchil o‘rganiladi. Va hech kim javobgarlik va qonundan qochib keta olmaydi. Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lum qilamiz,— dedi Ulug‘bek Shukurlayev.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter