Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Samarqandda suv toshqini noxush holatlarni keltirib chiqardi

Samarqandda suv toshqini noxush holatlarni keltirib chiqardi

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Samarqand viloyatida 31-oktyabr kuni kuzatilgan yomg‘ir suvlari Samarqand shahridagi «O‘zbekiston», «Spitamenshoh», «Narpay», «Firdavsiy», «Mirzo Ulug‘bek» va «M.Qoshg‘ariy» kabi ko‘plab ko‘chalardagi ariqlarga sig‘masdan avtomobil yo‘llariga chiqib ketishi qayd etildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.

Shuningdek, ko‘p miqdorda yoqqan yomg‘ir suvlari shaharning «So‘zangaron», «Istiqbol», «Zarafshon», «Shahrobod» va «Fidokorlar» mahallalaridagi ko‘chalar va aholi xonadonlariga oqib kirish kabi o‘nlab noxush holatlar qayd etilib, fuqarolarga bir qator muammoli vaziyatlarni keltirib chiqardi.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Mazkur holat bo‘yicha viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, tegishli xizmatlar bilan hamkorlikda, murojaat qilgan fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldi olinishiga muvaffaq bo‘lindi.

Jumladan, kuchli yomg‘ir natijasida Samarqand shahridagi «O‘zbekiston» ko‘chasidagi ariqlar suvga to‘lganligi bois 34-umumta’lim maktabi hovlisiga kirgan. Ushbu vaziyatda qutqaruvchilar tomonidan quvurlarga tiqilgan chiqindilar tozalanib, suv yo‘li ochib yuborildi va xavfning oldi olindi.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Shuningdek, «M.Qoshg‘ariy» ko‘chasida harakatlanib kelayotgan «Neksiya» rusumli, «Rudakiy» ko‘chasida esa «Damas» avtomashinasi yo‘lni ko‘rmasligi natijasida ariqqa tushib ketishi kuzatilgan. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruv otryadining maxsus mashinasi yordamida ushbu texnika vositalari ariqdan chiqarildi.

Bundan tashqari, shaharning «Birlik» ko‘chasidagi 1-tor ko‘cha 5-uyda fuqaro M.Nigoraning yashash xonadonining yerto‘lasini suv bosgan. Maxsus vosita yordamida oqova suvlari yerto‘ladan chiqarib tashlandi va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarning oldi olinishiga erishilgan bo‘lsa, «Fidoiylar» mahallasi 52-uyda yashovchi fuqaro Begimqulova Fotimaning uyiga oqova suvlari kirgan vaziyatda qutqaruvchilar tomonidan jami 6 nafar yosh farzandlarini uy ichidan xavfsiz joyga olib chiqilib, bolajonlarning xavfsizligi ta’minlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring