Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Advokatga tajovuz qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi kerak!

Advokatga tajovuz qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi kerak!

Foto: «News24UA»

Respublikamizda advokatlarning shaxsiy daxlsizligi bilan bog‘liq qonun normalarining ishlash mexanizmi tartibga solinmagan va bu ko‘p hollarda sud-huquq tizimida adolat tamoyillarining buzilishiga sabab bo‘layapti.

Jumladan, O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan advokatlarning ommaviy muammolari shundan iboratki, huquq-tartibot sohasiga aloqador deyarli barcha davlat idoralari va muassasalari (sud, prokuratura, IIV, DXX, DSQ, bojxona, harbiy qism, harbiy sud kabilar) o‘z ichki tartib-qoidalariga yuqorida qayd etilgan qonunlar talablariga zid ravishda advokatning huquqlarini cheklovchi normalarni kiritib olishgan.

Natijada bu sohalar xodimlari ish jarayonida ana shu qonunosti hujjatlarini vaj qilgan holda advokatlarning uchun hatto o‘z idoralariga kirib-chiqishigacha cheklovlarni qo‘llaydilar. Ya’ni advokatga ham oddiy fuqarolar bilan bir xil talablar qo‘yiladi.

Masalan, advokat qaysidir muassasada ushlab turilgan o‘z himoyasidagi shaxslar bilan JPKning 53-moddasi 2-qismida belgilangan tartibda xoli uchrashish uchun u yerga bemalol kirib-chiqa olmaydi. Bu boradagi o‘z huquqidan foydalanmoqchi bo‘lgan advokatdan qonunga zid ravishda yangi order talab qilinishi yetmagandek, himoyalanuvchilarning ko‘z o‘ngida unga hurmatsizlik ko‘rsatish, ruhiy ta’sir o‘tkazish maqsadida o‘rinsiz tintuv o‘tkazish, doselarni ko‘zdan kechirish, kiyim-bosh va cho‘ntaklarini tekshirish odatiy holga aylangan. Bunday holda advokatning mustaqilligi va obro‘si haqida gapirish mumkinmi?

Buning ustiga, Adliya vazirligida 2018-yil 15-martda ruyxatdan o‘tkazilgan «Sudlar, sud protsesslari va ular ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi yuriqnoma»da ham biror-bir joyda advokat huquqlari haqida so‘z yo‘q. Hatto yo‘riqnomaning kimlar va qanday hujjatlar asosida sud binosiga kirishi haqidagi bo‘limida ham advokat tilga olinmagan. Nima, advokat sud majlisiga kirmaydimi? Yoki uning shaxsiy xavfsizligi sud tomonidan ta’minlanmaydimi?..

Avvalgi qonun va qonunosti hujjatlari normalaridagi muammolarni bartaraf qilish u yoqda tursin, yangi hujjatlarda ham bu kabi holatlarga yo‘l qo‘yilayotganini qanday tushunish mumkin?

Shuningdek, bugungi kunda advokatning shaxsiga ham xavf mavjud. Hatto uning joniga qasd qilish holatlari qayd etilmoqda. Ayniqsa, andijonlik advokatlar o‘z hamkasblari Kamoliddin Xudoyberdiyevning fojiali taqdirini hech qachon unutmasa kerak. Zero, uzoq yillik tajribaga ega bo‘lgan bu jasur advokat taraflarni yarashtirish bilan bog‘liq harakatlari uchun qarama-qarshi tomondan qatnashgan shaxs tomonidan pichoqlanishi natijasida hayotdan ko‘z yumdi. Advokatni o‘ldirgani uchun ozodlikdan mahrum etilgan shaxs (u ilgari ham bir necha marta sudlangan ekan) yaqin orada qamoqdan chiqib ham keladi. Lekin kasbi tufayli qurbon bo‘lgan advokatning oilasiga biror-bir yordam ko‘rsatildimi? Hech bo‘lmasa, boquvchisini yo‘qotgan bu oilaning ahvoli nima kechgani bilan birov qiziqib ko‘rdimi? Afsuski, bu savollarga bironta jo‘yali javobimiz yo‘q. Hech bo‘lmasa uning fojiali o‘limi biron joyda muhokama ham qilinmadi, har tadbirda hoziru nozir jurnalistlarimiz ham bu voqeaga e’tibor qaratishmadi. Tabiiyki, uning o‘limidan xulosa qilgan holda qonunlarimizga o‘zgartirishlar kiritish haqida ham hech bir mutasaddi idora o‘ylab ko‘rmagan bo‘lsa kerak.

Kimdir bu voqeani yagona holat deb e’tiroz bildirishi mumkin. Ammo chinakam advokatlik bilan ozgina shug‘ullanib ko‘rgan odam bu gapni aytmasligi tayin. Chunki u o‘z faoliyati davomida qarama-qarshi tomonning turli ko‘rinishdagi zug‘umiga deyarli har safar duch keladi. Shaxsan o‘zim bunga ko‘p misol keltirishim mumkin.

Mana, yaqinda ham jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi binosi oldida taraflardan birining vakili bo‘lgan notanish shaxs menga tajovuz qilishga urindi. Agar atrofdagi odamlar va militsiya xodimlari himoya qilib qolishmaganida menga ham jarohat yetkazilishi mumkin edi. Shunday bir holatda advokatning daxlsizlik huquqi ta’minlangan deb hisoblash mumkinmi? Qolaversa, jinoyatchilar borgan sari professional bo‘lib bormoqda.

Shulardan kelib chiqqan holda Jinoyat kodeksiga ayrim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni taklif qilamiz.

Jumladan, Jinoyat kodeksiga xuddi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining «Advokatning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilish» to‘g‘risidagi 1971-moddasiga o‘xshash alohida modda kiritish lozim.

Taklif etilayotgan mazkur normaning 1-qismi dispozitsiyasida advokat so‘roviga o‘z vaqtida javob bermaslik, advokat iltimosnomasini muhokama qilmaslik, unga befarq bo‘lish, advokat va uning faoliyatiga nisbatan hurmatsizlik qilish, sud va tergov organlari tomonidan advokatning ish vaqtini sababsiz o‘g‘irlash (masalan, sud yoki tergov binosiga ertalabdan chaqirib olinib, ishni shu kuni kechki paytga borganda ko‘rish kabi holatlar) nazarda tutilishi kerak bo‘ladi.

Normaning 2-qismi dispozitsiyasida esa surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, IIB, DXX va boshqa davlat organlari xodimlari hamda fuqarolar tomonidan advokatlarning daxlsizligiga nisbatan har qanday ko‘rinishdagi aralashish, tahdid qilish, qo‘rqitish, himoyadan voz kechishga majburlash kabi harakatlar sodir etilgani uchun jinoiy javobgarlik va jazo belgilashni nazarda tutish lozim.

Taklif etilayotgan yangi normaning 3-qismida advokatning hayoti va sog‘lig‘iga tajovuz qilish, urish, do‘pposlash, jarohat yetkazish va o‘ldirish kabi qilmishlar uchun jazo muqarrarligi nazarda tutilishi lozim.

Shuningdek, bu kabi normalar Fuqarolik protsessul kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeks va advokatlik faoliyatiga aloqador boshqa qonun hujjatlarida ham aks etmog‘i lozim.

Tohirbek Tojiboyev,
«Himoya» advokatlik firmasi boshqaruvchisi, advokat


«Advokat» jurnalining 2018 yilgi 2-sonidan olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring