Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bog‘cha oshpazidan pul talab qilgan mudira qo‘lga tushdi

Bog‘cha oshpazidan pul talab qilgan mudira qo‘lga tushdi

Foto: «Xabar.uz»

Xorazm viloyatining Gurlan tumanida joylashgan 24-sonli maktabgacha ta’lim muassasi oshpazi M.X iltimos bilan mudiraning qabuliga kiradi. Oshpaz ayol oilaviy sharoitiga yordam bo‘lishi uchun o‘zi ishlayotgan 0,75 shtat birligidagi ishini 1 stavkaga ko‘paytirib berishni iltimos qiladi. Mudira opa bu masala muammosiz hal bo‘lishi uchun ozgina harajat kerakligini bildiradi. Ya’ni, mudira S.M. 200 ming so‘m evaziga oshpaz M.X.ga ish bitishini bildirib, ta’magirlik qiladi.

Fuqaro M.X. mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Gurlan tuman bo‘limiga ariza bilan murojaat qiladi.

Ushbu arizaga asosan Departamentning Gurlan tuman bo‘limi tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda Gurlan tumanidagi 24-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi mavqeidan foydalanib, ta’magirlik yo‘li bilan 200 ming so‘m pora pullarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan  qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Gurlan tuman bo‘limi tomonidan fuqaro S.Mga  nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga tegishliligi bo‘yicha Gurlan tuman prokuraturasiga yuborilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring