Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sayyor qabuldan so‘ng 42 ta jinoyat va 20 ta fuqarolik ishi Bosh prokuraturaga chaqirtirildi

Sayyor qabuldan so‘ng 42 ta jinoyat va 20 ta fuqarolik ishi Bosh prokuraturaga chaqirtirildi

Joriy yilning 25 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyi binosida Bosh prokuror, Oliy sud raisi, Ichki ishlar vaziri, Adliya vaziri, Soliq qo‘mitasi raisi, Prezident maslahatchisi va uning birinchi o‘rinbosari hamda Toshkent shahar sektorlari rahbarlari tomonidan ommaviy (sayyor) qabullar tashkil etildi.

Qabullar davomida Bosh prokuror tomonidan 125 nafar fuqarolar qabul qilinib, ularning murojaati tinglandi.

Bosh prokuratura tomonidan qabul qilingan murojaatlarning 74 tasi sud masalalari, 15 ta prokuratura ish yurituviga, 10 ta ichki ishlar faoliyatiga oid, 10 ta majburiy ijro masalasida, 3 ta bank masalasiga, 2 ta ish bilan ta’minlash, 2 ta qurilish va 9 ta boshqa masalalarga oid murojaatlarni tashkil etdi.

Qabulda kelib tushgan murojaatlar yuzasidan prokuratura idoralari tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha 4 ta sud qaroriga nisbatan protest keltirildi, 2 nafar shaxsga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot choralari o‘zgartirildi, 1 nafar uy-joyi buzilgan fuqaroga kompensatsiya to‘lab berilishi, shuningdek 5 nafar shaxslar ishga joylashtirilishi ta’minlandi.

Ommaviy qabul jarayonida 21 nafar shaxslarning murojaati qanoatlantirilib, qolgan 104 tasi shaxsan Bosh prokuror nazoratiga olindi.

Jumladan, fuqaro S.R.Babayevaning Toshkent viloyati Toshkent tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha turmush o‘rtog‘i Sh.Davlatovga qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini bekor qilib, ozodlikka chiqarishni so‘rab qilgan murojaati qabul jarayonida sud idoralari bilan hamkorlikda ko‘rib chiqilib, Sh.Davlatovga nisbatan qo‘llanilgan mazkur ehtiyot chorasi bekor qilinishi ta’minlandi.

Shuningdek, fuqaro T.T.Safarovaning jiyani Sh.Abdullayevni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tizimiga ishga kiritish haqidagi murojaati qanoatlantirildi.

Qabul qilingan murojaatlarni o‘z vaqtida va to‘laqonli hal etilishini ta’minlash maqsadida 42 ta jinoyat, 20 ta fuqarolik, 8 ta ma’muriy va 4 ta iqtisodiy ishlar Bosh prokuraturaga chaqirtirilib, hozirda murojaatlar asosida o‘rganilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring