Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bosh shifokorga oid shov-shuvli jinoyat ishi sudga oshirildi. Sudlanuvchi bitta emas

Bosh shifokorga oid shov-shuvli jinoyat ishi sudga oshirildi. Sudlanuvchi bitta emas

Foto: «Kun.uz»

Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining bosh shifokori — viloyat bosh infeksionisti lavozimida ishlagan Guljahon Yo‘ldosheva va boshqalarga nisbatan sud jarayoni boshlandi.

Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati ma’lum qildi. Ushbu ish jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudi raisi S. Avlakulov raisligida ko‘rilmoqda.

Jinoyat ishi doirasida G. Yo‘ldoshevadan tashqari Sh. Ro‘zmetov (1990-yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan, Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokori lavozimida ishlagan), J. Ziyadullayev (1986-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, Toshkent viloyati Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi shifokori lavozimida ishlagan),  A. Dadamatov (1990-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi sobiq bosh hisobchisi, Qibray tumani tibbiyot birlashmasi bosh hisobchisi vazifasini bajaruvchisi bo‘lib ishlagan) va J. Akimova (1977-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh hisobchisi vazifasini bajaruvchisi bo‘lib ishlagan)  ham sudlanuvchi tariqasida jalb etilgan. Ular Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi),  116-moddasida (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) va 228-moddasida (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqdalar.

Sud jarayoni davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning avgust oyida Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining bosh shifokori — viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva hibsga olinishi ortidan katta shov-shuv kelib chiqqandi. Oradan bir oy o‘tib, jamoatchilikning bosimi natijasida olti farzandning onasi bo‘lgan G. Yo‘ldoshevaga nisbatan qo‘llangan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi «uy qamog‘i»ga o‘zgartiriladi. Unga nisbatan  qo‘llangan ehtiyot chorasi o‘zgartirilgan kuni esa Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining boshqa shifokori  «tiqib» qo‘yilganidan ham ko‘pchilik boxabar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring