Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Chet elga chiqish pasportini joriy etish to‘g‘risidagi qaror loyihasi: cheklovlar qonuniymi?

Chet elga chiqish pasportini joriy etish to‘g‘risidagi qaror loyihasi: cheklovlar qonuniymi?

Foto: «Norma.uz»

O‘zbekistonda xorijga chiqish stikerlarining bekor qilinishi va xorijga chiqish uchun yangi pasport joriy etilishi haqida ilk bor prezidentning 2017-yil 16-avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga chiqish pasportini joriy etish to‘g‘risida»gi farmonida aytilgan edi. Mazkur farmon talablarini bajarish uchun joriy yilning 8-iyul kuni O‘zbekiston pasport tizimini yanada takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risidagi qaror loyihasi muhokama uchun hukumat portalida e’lon qilindi. Afsuski, «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunning 9-moddasi talablariga zid ravishda loyiha o‘zbek tilida emas, faqat rus tilida berilgan.

Qaror loyihasida, jumladan, 2019-yilning 1-yanvaridan O‘zbekiston fuqarolariga chet elga chiqishlari uchun ikki yillik xorijga chiqish stikerlari o‘rniga 10 yillik chet elga chiqish pasporti joriy etilishi nazarda tutilgan. Shu bilan birga, loyihaning 3-bobi chet elga chiqish huquqini cheklash holatlarini ham sanab o‘tadi («Глава 3. Ограничения в праве на выезд за границу»).

Yangi ko‘rinishdagi pasport va mamlakat ichkarisida ishlatiladigan ID kartaning joriy etilishi qanchalik to‘g‘riligi yetarlicha muhokama qilindi. Mazkur maqolada esa e’tiboringizni qonun loyihasining amaldagi qonunchilikka ko‘ra qonuniyligiga qaratamiz. 

Chet elga chiqish huquqi

Konstitutsiyaning 28-moddasiga binoan O‘zbekiston fuqarosi O‘zbekistonga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega. Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir. Demak, kishining chet elga chiqishi uning konstitutsiyaviy huquqi bo‘lib, mazkur huquq faqat qonun asosida cheklanishi mumkin.

«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasiga ko‘ra vazirlik va idoralarning buyruq va qarorlari qonunosti hujjati hisoblanadi. Muhokama qilinayotgan hujjat esa o‘z nomi bilan qaror, ya’ni ijro hokimiyati qabul qiladigan hujjat bo‘lib, qonun emas, qonunosti hujjati hisoblanadi. Demak, mazkur qaror qonun maqomiga ega bo‘lmagani uchun unda qanday qoida belgilangan bo‘lishidan qat’i nazar, uning asosida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari cheklanishi mumkin emas.

Qolaversa, 2017-yil 7-fevralda 2017—2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasi qabul qilindi. Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan choralar ilovada berilgan, uning 76-bandida «alohida asoslar bo‘yicha xorijga chiqish huquqini sud tomonidan cheklash tartibini kiritish» vazifasi belgilangan. Ya’ni chet elga chiqish huquqi ijro hokimiyati tomonidan cheklanishi noqonuniy bo‘lib, mazkur vakolatni faqat sud hokimiyati amalga oshirishi mumkin. Shunga qaramasdan muhokama qilinayotgan chet elga chiqish to‘g‘risidagi qaror loyihasi yuqoridagi talabni qo‘pol ravishda buzib, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqini sovet davridan qolib ketgan «maqsadga muvofiq emas» bahonasi bilan ikki yilga cheklashni nazarda tutadi. 

Konstitutsiyaning qonun osti hujjatlaridan ustunligi

Konstitutsiyaning 15-moddasiga binoan O‘zbekistonda konstitutsiya va qonunlarning ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar. Konstitutsiyaning 16-moddasida birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas deyiladi.

«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasida qonunlar va qonunosti hujjatlari konstitutsiya asosida va uni ijro etish uchun qabul qilinishi hamda unga zid kelishi mumkin emasligi belgilangan. 16-moddada esa qonunosti hujjatlari o‘ziga nisbatan yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan qonunlarga muvofiq bo‘lishi shartligi ta’kidlangan. Qonunosti hujjati va qonun o‘rtasida tafovut bo‘lgan taqdirda yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan qonun qo‘llanadi.

Mazkur holatda qonun hujjatlari o‘rtasidagi tafovut yaqqol ko‘rinadi. Bir tomonda konstitutsiya bilan kafolatlangan chet elga chiqish huquqi. Ikkinchi tomonda esa ushbu huquqni cheklovchi qaror. Konstitutsiya asosiy qonun, barcha qonun hujjatlari uni ijro etish uchun qabul qilinadi va unga zid bo‘lishi mumkin emas. Qaror esa qonunosti hujjati. Konstitutsiya qonunosti hujjatiga nisbatan yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgani sababli qaror fuqarolarning chet elga chiqish huquqini cheklay olmaydi. 

Xalqaro huquq nima deydi?

O‘zbekiston BMTning Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi paktini ratifikatsiya qilgan. Ya’ni O‘zbekiston yuqoridagi xalqro paktda belgilangan qoidalarni bajarishni o‘z zimmasiga olgan. Mazkur xalqaro hujjatning 12-moddasiga binoan har kim xorijga chiqish huquqiga ega. Bu huquq faqat qonun bilan i) davlat xavfsizligi, ii) jamoat tartibi, iii) sog‘lig‘i va iv) boshqalarning huquqlarini himoya qilish maqsadidagina qo‘llanishi mumkin. Qaror loyihasi esa qonun emas va yuqorida tilgan olingan to‘rt asos shartlarini buzadi. 

Noaniq tushunchalar muammosi

Qaror loyihasining 3-bobida chet elga chiqish huquqini cheklash holatlari sanab o‘tilgan («Glava 3. Ogranicheniya v prave na viezd za granitsu»). Turli asoslar orasida kishining chet elga chiqishi «maqsadga muvofiq bo‘lmaganda» («netselesoobraznost viezda») kabi mujmal tushunchani ko‘rish mumkin. Mazkur asos amaldagi qoidalarda ham mavjud (III bobning «z» bandi). Ammo qaror loyihasida chet elga chiqish aynan qanday asoslarga ko‘ra «maqsadga muvofiq» bo‘lmasligi haqida hech narsa deyilmaydi. Vaholanki, «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunning 24-moddasiga ko‘ra normativ-huquqiy hujjatlarda foydalaniladigan tushuncha va atamalar turlicha izohlash imkoniyatini istisno etishi kerak. Qonunosti hujjatlari loyihalarini tayyorlash qoidalarida qonunchilikda mavjud bo‘lmagan tushunchalardan foydalanilganda ularning ta’rifi berilishi kerakligi aytiladi (21-xatboshi). Bunda tushunchaning mazmuni to‘liq ochib berilishi kerak (22-xatboshi). Mazkur qaror loyihasida esa yuqoridagi talablarning birontasi bajarilmaganini ko‘ramiz, chunki «maqsadga muvofiq» bo‘lmaslik tushunchasiga ta’rif berilmaydi. Bu esa noinsof mulozimlar vakolatini suiiste’mol qilishi uchun imkoniyat yaratib beradi. 

Qaror loyihasida qo‘yilgan xatolar uchun kim aybdor?

Haqli ravishda «nisbatan qisqa bo‘lgan qaror loyihasida shuncha huquqiy xatoga qanday yo‘l qoyish mumkin?» degan savol tug‘iladi. Haqiqatan qonunchilik talablari so‘zsiz bajarilganda bu qadar qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yilmagan bo‘lar edi. Jumladan, amaldagi qonunchilik talablariga ko‘ra normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tishi kerak (22-modda). Bunday ekspertizadan asosiy maqsad hujjatning konstitutsiya va qonunlarga muvofiqligini tekshirishdir.

Mazkur holatda qaror loyihasi birinchi navbatda hujjatni qabul qiluvchi organning yuridik xizmati tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi kerak edi. Bunday ekspertizani Adliya vazirligi ham bajarishi mumkin. Qizig‘i, qaror loyihasida Ichki ishlar va Adliya vazirliklari qaror talablaridan kelib chiqib Vazirlar Mahkamasiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar taklif qilishlari belgilangan. Ammo konstitutsiya va qonunlarga muvofiqlik borasida hech qaysi vazirlik bosh qotirmagan ko‘rinadi. 

Xulosa o‘rnida

Qonun ustuvorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarali bo‘lishi uchun uzviy huquqlarni cheklovchi qoidalardan tamoman voz kechish kerak. Chet elga chiqish har bir kishining konstitutsiyaviy huquqi. Mazkur huquq faqat qonun bilan cheklanishi mumkin. Qonunda cheklovlar belgilangan taqdirda ham, ularni qo‘llash asoslari aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi shart. Bunda «maqsadga muvofiq emas» kabi mujmal tushunchalar qo‘llanmasligi lozim.

Davlat organlari qabul qilayotgan hujjatlar millionlab fuqarolarning huquq va imtiyozlarini qamrab oladi. Bu esa yuqori sifatli huquqiy ekspertiza o‘tkazilishini talab etadi. Aks holda islohotlar samara bermaydi, fuqarolarning qonun ustuvorligiga ishonchi kamayadi va davlat organlariga nisbatan ishonchsizlik ortaveradi.

Mirakmal Niyazmatov,
advokat

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring