Farg‘onada qarzlarini yopish uchun bolasini sotishga uringan er-xotinga hukm o‘qildi
Farg‘ona shahrida voyaga yetmagan farzandini pul evaziga boshqa shaxslarga berishga uringan er-xotinga nisbatan sud hukmi chiqarildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudida ko‘rilgan ish materiallariga ko‘ra, yosh ota-ona moddiy qiyinchilik va qarzlarini bahona qilib, bir necha oylik o‘g‘il farzandini sotishga rozilik bildirgan.
Sudda ayol o‘z aybiga iqror bo‘lib, qarzlarini yopish hamda Turkiyaga borish uchun mablag‘ kerak bo‘lganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, avval bu taklifga rozi bo‘lmagan, ammo keyinchalik «bola yaxshi sharoitda o‘sadi» degan gaplarga ishonib, qarorini o‘zgartirgan.
Tergovda aniqlanishicha, er-xotin 2024-yilda shar’iy nikoh asosida birga yashay boshlagan. Oilada kelishmovchiliklar yuzaga kelganiga qaramay, 2025-yilda o‘g‘il farzandli bo‘lgan. Biroq moddiy muammolar ularni og‘ir jinoyatga qo‘l urishga undagan.
Sud ularni Jinoyat kodeksining 135-moddasi tegishli qismi bilan aybli deb topib, har ikkisiga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Shuningdek, sud qarori bilan bolaning keyingi taqdiri Qo‘qon shahar Inson ijtimoiy xizmatlar agentligi hamda Bolalarni himoya qilish shu’basi zimmasiga yuklatildi.
Sudya hukmni e’lon qilish chog‘ida farzand tarbiyasi moddiy manfaat emas, balki katta mas’uliyat ekanini ta’kidlab, qiyinchiliklarni faqat qonuniy va halol yo‘llar bilan hal qilish lozimligini qayd etdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter