Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Haqimizni bering, boy ota!» — Izboskanlik fermerlar

«Haqimizni bering, boy ota!» — Izboskanlik fermerlar

Yil – o‘n ikki oy mehnat qilsangu, yakunda qo‘ling hech narsa ko‘rmasa, bundan ortiq alam bo‘lmas ekan. Paxtachilikda klaster usuli yuzaga kelgach, Izboskan tumanida ham yangilikni joriy etish boshlandi. Fermerlar asl egasi bitta odam bo‘lgan ikki klaster – «Sohib omad barakasi» hamda «Best textile international» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari bilan ishlash istagida 2019-yil hosili uchun shartnoma tuzishni boshlashdi. Xullas, mehnatlar ortda qoldi va tumanda paxta tayyorlash rejasi ortig‘i bilan bajarildi.

Hozir 2021-yilning birinchi oyi. Yakuniy hisob-kitobni amalga oshirish shu qadar og‘ir kechmoqdaki, ayni damda 50 dan ziyod fermer xo‘jaligi 2019-yilgi paxta daromadini ko‘rishmayapti. Fermerlar ham qo‘l qovushtirib o‘tirishgani yo‘q. Hali u idoraga, hali bu idoraga borishadi. «Sabr qilsang, g‘o‘radan halvo bitur!» degan gap bor. Fermerlarning sabr kosasi to‘lsa to‘ldiki, halvo tugul, g‘o‘raning o‘zidan ham darak yo‘q.

Bir vaqtda ikki yillik hosilning daromadini ko‘rishga umid qilgan izboskanlik fermerlar o‘tgan yil 31 dekabr tungacha qo‘llari ulgurji pul ko‘rishini kuta-kuta eski yil bilan xayrlashdi. 

Yangi yil kirib keldi va hozirga qadar va’da qilingan daromadning qorasi ko‘rinmayapti. Klasterning pushti panohiga aylangan mahalliy mulozimlar esa fermerlarni qat’iy jadval asosida daromadini bo‘lib-bo‘lib olishlari uchun bitim tuzishga chorlashmoqda. Emishki, dehqonning haqi kamida uch-to‘rt oyda cho‘ntagida bo‘larmish.

Quvroq va «ko‘cha ko‘rgan» to‘rt-besh nafar fermerlar to‘nini yelkasiga tashlashib, poytaxtga – klaster qarorgohiga yo‘l olishdi. Bu missiya ham natija bermadi: bosh kentga bosh urib borganlarning maqsadlari amalga oshmadi.

Xo‘sh, haqdor fermerlarning yelkasiga qachon oftob tegadi? Bu haqdagi qayta-qayta maslahatlashuvlardan so‘ng fermerlar tuman hokimligi, sektor rahbarlaridan yorug‘lik chiqmasligini anglab yetishdi va fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat kengashi orqali sudga klaster ustidan da’vo ariza berish harakatini boshlashdi.

Bugungi hisobda fermerlarning birgina 2020 yil hosilidan haqdorligi 22 milliard 496 million 277 ming 597 so‘mni tashkil etmoqda. Kichkina mablag‘ emas-a? Foizlar va penya hisoblansa, ushbu miqdor 27 milliard so‘mdan ortib ketadi. Xo‘p, fermerlar ushbu mablag‘larni olgach, nima qiladi? Unutmangki, hisobga tushgan pul naqdlashtirib sholcha tagiga bosilmaydi, aksincha, 4-5 so‘m umidvor mexanizator, suvchi, chopiqchi, terimchilarga yangi yil oldidan va’da qilingan bayramlik tarqatiladi. Ulardan ortgani esa turli to‘lovlar, ta’minot bilan bog‘liq oldi-berdilar hisobiga yo‘naltiriladi.

Yana bir qiziq holat. To‘lov qobiliyati mavjud yoinki yo‘qligi o‘rganilmasdan 2020 yilda Andijon tumanida ham aynan zikr etilayotgan MChJ nomida klaster tashkil etildiki, mazkur hududda ham klaster va fermerlar o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar tarang holatda.

Masalaning yana bir nozik jihati bor. Yetishtirilgan paxta xomashyosi uchun to‘lovni amalga oshirishda narx xilma-xil. Faqat Qo‘rg‘ontepa va Baliqchi tumanlarida fermerlar bilan o‘zaro hamkorlikda ishlayotgan «Khantex group» paxtachilik klasterida birinchi nav paxtaning har tonnasiga 4 million 948 ming so‘mdan to‘lab berildi. Har ikki tuman fermerlari o‘tgan yilning 31 dekabr holatiga barcha haqlarini olib bo‘lishdi.

Gap kelganda aytaylik. Ayrim klasterlar fermerlarning daromadi ustidan turli ko‘rinishdagi homiylik yoki tijoriy ishlarni bajarish holatlari uchramoqda. Ayniqsa, mineral o‘g‘itlar xaridi va fermerlarga taqsimlashda yuqori narxlar yuzaga kelayotir. Izboskanlik fermerlardan birining so‘zlariga qaraganda, klasterdan olingan ammofos evaziga ko‘rilgan zarar 20 million so‘mdan ortib ketgan. Bu yagona dalil emas.

Marhamat tumanidagi «Marhamattekstil» mas’uliyati cheklangan jamiyati mutasaddilar 2019 yilgi mavsum yakuniga qadar fermerlarning oz emas, katta miqdordagi mablag‘ini xayr-ehsonga, turli homiyliklarga yo‘naltirib yuborgan. Bundan norizo bo‘lgan fermerlar klaster rahbariyatini sudga berishganidan jamoatchilik xabardor. Fermerlar manfaati ortga surilib ketishidatumanning katta-kichik davlat xizmatchilari fermerlarga tazyiq o‘tkazishib da’vodan voz kechishga undaganliklari ham haqiqat.

Bu gaplarni takror eslashdan murod nima? Masala shundaki, fermerlar oldida shunday muammolar paydo bo‘lmoqdaki, yechimiga kim javobgarligi ayrim vaqtlarda noaniq bo‘lib qolayotir. Masalan, Paxtaobod tumanidagi «Oltin mato teks» MChJ tomoni tayyorlangan paxta hosilini quritish-tozalashga fermerlar hisobidan 982 million so‘mdan ziyod mablag‘ni chegirib qolgan. Qachonki fermerlardan biri poytaxtdagi mas’ul idoralardan biriga dardini dasturxon qilgandan so‘nggina holat o‘rganildi va fermerlar haqi qaytarildi.

2021-yil dehqonchiligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish ustuvorlik kasb etmoqda. Ko‘plab tumanlarda 2020-yil hisobidan haqini ololmayotgan fermerlar shu qadar ko‘pki, oqibatda bu holat yangilikni ildamroq joriy etishga to‘sqinlik qiladi.

«Shum bola» fimida Qoravoyning boy otadan haqini talab etgan lavhani bir eslaylik. Shunday ziqna, xasis boy ham atrofdagi bog‘bonlarning fikrini inobatga olib, «chirigan va qurt tushgan» bo‘lsa-da, bir qop olma bilan hisob-kitobni joyiga qo‘yadi. Ne deysizki, bugungi boylar – klaster egalari quruq cho‘ntak bilan fermer to‘rt qadam oldinga yura olmasligini nahotki tushunishmasa?

Klasterlar va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun loyihasi muhokamasi uzoq vaqtdan beri davom etayotir. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari orasida bir qator fermer xo‘jaliklari rahbarlari, agrar soha vakillari ham bor. Xalq vakillari hamkasblarining moliyaviy masalada qiyinchiliklarga duch kelishayotganligini bilmaydi deb o‘ylaysizmi? Besh qo‘ldek bilishadi. Ammo ayni yo‘nalishni tartibga soluvchi qonunga katta zarurat tug‘ilganligiga negadir e’tibor qaratilmayapti. Klaster va fermer munosabatlari tegishli qonun bilan tartibga solinmas ekan, dehqonlar nidosi havoda uchaveradi, uchaveradi...

Zamon Nafasov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring