Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIV xodimi foydasiga ishlagan qonun OAV vakiliga kelganda kuchini yo‘qotadimi?

IIV xodimi foydasiga ishlagan qonun OAV vakiliga kelganda kuchini yo‘qotadimi?

Kecha pora olganlikda ayblanib, sakkiz yilga qamalgan IIB xodimi oqlangani xabari berildi. Sud oqlov hukmini sudlanuvchining o‘z aybiga iqrorligidan boshqa dalil yo‘qligi bilan asosladi. Ya’nikim, sudlanuvchi qilmishiga iqror bo‘lsin-bo‘lmasin, ayblov ob’yektiv dalillar bilan isbotlanmas ekan, shaxsni javobgarlikka tortib bo‘lmaydi.

Ayni xabar to‘rt kun burun 15 sutkaga «kesilib», jazo qisqartirilishi natijasida ikki sutkada ma’muriy qamoqdan ozod etilgan farg‘onalik jurnalist Usmonjon Qodirovning «ishi»ni yodga soladi.  Yosh jurnalistning «ishi»da ham iqrorlikdan bo‘lak dalilning o‘zi yo‘q. Biroq farg‘onalik sudyalar samarqandlik hamkasblaridan farqli ravishda Usmonjon Qodirovni oqlashmadi. Vaholanki, jurnalist oqlangan IIB xodimidek og‘ir jinoyatda emas, ma’muriy huquqbuzarlikda ayblangandi.

Bilasiz, jinoyat bilan ma’muriy huquqbuzarlikni tarozining ikki pallasiga qo‘yib bo‘lmaydi: jinoyat — og‘irroq ayblov (ammo unutmaslik kerak, ma’muriy huquqbuzarlik bilan jinoyat orasida bir qadam: deylik, U.Qodirov kabi go‘yoki IIB xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmay, kamiga uni haqoratlagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxs bir yil ichida yana shunday qilmish sodir etsa, shunda u jinoiy javobgarlikka tortiladi)!

To‘g‘ri, oqlangan sobiq IIB xodimi «iqrorlik arizasi»ni tergov paytidagi ruhiy-jismoniy tazyiqlar sabab yozishga majbur bo‘lganini bildirgan. Biroq uni oqlagan sud tergov paytida unga azob bergan vallomatlarga jinoyat ishi qo‘zg‘atish haqida xususiy ajrim chiqarmagan ko‘rinadi. Bu  esa «iqrornoma» qanday yozilgani masalasida sud ko‘pam «chuqur ketmagani», shuginadan boshqa dalil yo‘qligining o‘zi oqlovga yetib ortishi bilan kifoyalangani anglashiladi.

Farg‘onalik jurnalist ham aybiga iqror bo‘lib, hatto kechirim so‘ragani voqeaga oid xabarlarda, shuningdek, sud hujjatlarida alohida qayd etiladi. Uning iqrori samimiy yo majburiy ekani xususida bir nima deyish qiyin, albatta. Ammo farg‘onalik jurnalist (viloyat hokimi matbuot kotibi Muhammadjon Obidovning shogirdlaridan) Sevara Alijonovaning «Usmonjon Qodirov ishi» bo‘yicha yozgan maqolasida kun qahramoniga aylangan hamkasbimiz g‘alati gap aytadi. Ya’nikim, undan «iqrornoma»ni ixtiyoriy yoki tazyiq ostida yozgan-yozmagani so‘ralganda u : «...Bunga («iqrornomaga» – tahr.) imzo qo‘yganman, xolos. Ixtiyoriy. Agar shunday qilmasam, yana boshqa ayblovlar ham qo‘yishardi», deya javob berdi?!  Ko‘rinadiki, yosh jurnalist tayyor yozilgan matnga «imzo qo‘ygan xolos», «ixtiyoriy» go‘yo, chunki «...agar shunday qilmasa...», «...yana boshqa ayblovlar ham qo‘yishar» ekan?!

Bu tazyiq bo‘lmay, nima?!

Darvoqe, Sevara Alijonova maqola tayyorlash jarayonida Muhammadjon Obidov bilan ham suhbatlashadi. Ustoz-shogird muloqotida  M.Obidov yosh salafining qamalishiga aloqasi yo‘qligi, bu borada urchigan gaplardan dili og‘riganini, aksincha, U Qodirovga oid ma’muriy ishni viloyat sudida ko‘rilishi tashabbuskor bo‘lganini bildirib,   vijdoni oldida pok ekanini urg‘ulaydi.

Mayli, kim nima qilgan bo‘lsa, ajrini Xudo bersin. 

Hozir Usmonjon Qodirovning «ishi» taftish qilinayotgani yo‘q.

Gap IIB va jurnalistga bog‘liq bir holatda sudlar ikkita xil qaror chiqarganida?! Xuddiki, ichki ishlar xodimi foydasiga ishlagan qonun ommaviy axborot vositasi vakiliga kelganda kuchini yo‘qotayotganday.  Holat esa ko‘rib turibsiz: poraxo‘rlikda ayblangan IIB xodimi oqlanyapti (qandini ursin!) —  aybiga iqror ekanidan boshqa dalil yo‘q, deb. OAV xodimi esa jazo olyapti: iqroridan boshqa dalil bo‘lmasayam!

Nima, qonunniyam mazhabi bormi?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring