Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ish degani bundoq bo‘libdi, yigit?!»

«Ish degani bundoq bo‘libdi, yigit?!»

Foto: «gorod55.ru»

Peshonasiga aliment to‘lashdek qismat yozilganlar haqida yoppasiga salbiy fikr aytib bo‘lmas, balki? Taqdir-da, inson o‘zini qanday sinovlar kutayotganini avvaldan bilolmaydi. Turmush masalasida ham gap shu: qars ikki qo‘ldan. Turmush yo‘llari ayro tushishiga bir tomonni ayblash qiyin. Rishta uzilib, qayta bog‘lashning imkoni qolmadimi, bu yog‘iga norasidalar ta’minoti yoddan chiqmasa, bas. Bu endi, asosan, erning zimmasidagi vazifa.

Shahrisabzlik Q.J. va G.Yu.ning ham taqdiri o‘xshamadi: o‘rtada uch nafar farzand borligi ham oila saqlab qolinishiga kamlik qildi, qisqasi. So‘ng sud... aliment...

Q.J. 2015-yilning buyog‘iga belgilangan alimentni vaqtida to‘lab keldi. Ammo 2019-yanvariga kelib, to‘lov taqa-taq to‘xtadi. Shundan keyin MIBning Shahrisabz tuman bo‘limi xodimlari yeng shimarib ishga tushishgach, qarzdor birdan xushyor tortdi. Aliment to‘lovidagi uzilishlarni tushuntirishga harakat qildi. Biroq qonun toshdan qattiq: u qarzdorning vaj-karsonlariga qarab o‘tirmaydi. Zimmadagi majburiyat ado etilmasa, javobgarlik naqd.

Byuro xodimlari bilan suhbatdan keyin qarzdor Q.J. gapdan ko‘ra amaliy harakatga o‘tdi. Va... bir yo‘la 5 yillik — jami 27 million so‘m aliment pullarini oldindan to‘lab berdi.

 Uning bunday harakatini maqtab bo‘lmas, har holda, birov uchun pul berayotgani yo‘q. Biroq aliment to‘lovidan bo‘yin tovlab yurganlarga taqqoslansa, mana bu ishing yaxshi bo‘ldi, deyish kerakday.

Aytgancha, Byuroning Yakkabog‘ tumani bo‘limi xodimlari fuqaro T.V.ning aliment to‘lamay yurgani sabab bezovta qilishlariga to‘g‘ri kelgandi. O‘zaro suhbatda e’tiborni faqat undiruvgagina emas, ikki tomonning murosasiga ham qaratishgandi, deng. Natija kutilganidan a’lo bo‘ldi: er-xotin yarashdi, aliment kun tartibidan olib tashlandi. Bundan ikki farzandining xursandligini ayting...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring