Karmanada davlat soliq inspektori pora bilan ushlandi
Navoiy viloyati IIB axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimovning «Xabar.uz» ga ma’lum qilishicha, Karmana tumanidagi ushbu jinoyat «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida fosh etilgan.
Ushbu tezkor tadbir viloyat IIB Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi, DXXning Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Karmana tumani bo‘limi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan.
Aniqlanishicha, Karmana tumani soliq inspeksiyasining kameral soliq tekshiruvlari sho‘’basida davlat soliq bosh inspektori lavozimida ishlovchi shaxs yakka tartibdagi tadbirkorning soliq qarzdorligining bir qismini kamaytirib berishni va’da qilgan. Shuningdek, u tadbirkorga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llamaslikni bildirgan. Buning evaziga mansabdor 1 ming AQSh dollari miqdorida pora talab qilgan. U manfaatdor shaxsdan mazkur mablag‘ni pora sifatida olayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Karmana tumanida olib borilgan tezkor tadbir davomida noqonuniy kripto-aktiv ayirboshlash (kriptovalyuta yoki boshqa raqamli aktivlarni bir turdan ikkinchi turga almashtirish jarayoni) faoliyati ham fosh etildi.
Bunda tuman markazida yashovchi, 2005-yilda tug‘ilgan shaxs «Binance» kripto-birjasi orqali kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda sotib olish, o‘tkazish va ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgani ma’lum bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u 2024-yildan buyon, qariyb, 50 ming AQSh dollari miqdoridagi kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirib kelgan.
Gumonlanuvchining mobil telefoni daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olindi. Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278⁸-moddasi (Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, — deydi Fayozjon Qosimov.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter