Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda o‘lim jazosi nega taqiqlangan?

O‘zbekistonda o‘lim jazosi nega taqiqlangan?

Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqi bo‘lib, qonun bilan muhofaza qilinadi. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir.

O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi. (24-modda)

O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga ko‘ra, 24-modda shunday talqin qilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bizda o‘lim jazosi tayinlanadigan jinoyatlar soni bosqichma-bosqich kamaytirilib, bu jazo to‘liq bekor qilingan. Shunga qaramasdan, ayrim fuqarolar tomonidan o‘lim jazosini tiklash, uni jinoyat qonunchiligiga qayta kiritish haqida takliflar ham ilgari surilmoqda. Vaholanki, demokratik va insonparvar g‘oyalarni oliy qadriyat darajasiga ko‘targan dunyodagi aksariyat davlatlarda o‘lim jazosi bekor qilingan. Chunki yashash huquqi – har bir insonning tabiiy huquqi bo‘lib, unga bu huquqni davlat emas, Yaratganning o‘zi ato etgan.

1994 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Jinoyat kodeksida 33 ta modda bo‘yicha o‘lim jazosini tayinlashi mumkin edi. Keyinchalik jinoiy jazolarni librallashtirish natijasida 2008-yilgacha qonunchilikka muvofiq ikki turdagi jinoyat, ya’ni javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish va terrorizm jinoyatlarini sodir etganlik uchun o‘lim jazosi nazarda tutilgan edi, 2008-yil 1-yanvardan barcha jinoyatlar uchun bekor qilindi.

Kiritilayotgan o‘zgartirish nafaqat o‘lim jazosini bekor qilish, balki qat’iy ravishda O‘zbekiston o‘lim jazosi taqiqlanishini e’lon qilmoqda.

Mazkur norma yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqi sifatida tan olinishga asos bo‘lib, mamlakatmizda o‘lim jazosini belgilash va tayinlashni taqiqlaydi. Shu tariqa davlatimiz bu o‘ta jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligini, insonparvarlik g‘oyalariga sodiq ekanligini butun dunyoga yaqqol namoyon qiladi.

O‘lim jazosini ta’qilashni Konstitutsiyadan o‘rin olishi buni yanada mustahkamlaydi. Bunday o‘zgarish bizni kuzatib turgan va O‘zbekistonga xayrixoh bo‘lgan davlatlar oldidagi nufuzimiz yana bir pog‘ona oshishi, qonunchiligimizga bo‘lgan hurmati yanada yuksalishiga xizmat qiladi.

BMTning 1966 yil 16 dekabrdagi Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro paktning 6-moddasiga binoan «Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqidir. Bu huquq qonun bilan muhofaza qilinadi. Hech kim o‘zboshimchalik bilan hayotdan mahrum etilishi mumkin emas». O‘lim jazosini ta’qiqlash mazkur Paktga 1989 yil 15 dekabrdagi ikkinchi qo‘shimcha protokol talablaridan kelib chiqadi.

Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqi bo‘lib, qonun bilan muhofaza qilinishi bir qator davlatlarda konstitutsyaviy darajada mustahkamlangan. O‘lim jazosi Portugaliyada 1867 yildan, Buyuk Britaniyada 1969 yildan, Fransiyada 1981 yildan, GDRda 1987 yildan, Ispaniyada 1975 yildan buyon qo‘llanilmaydi.

Bugungi kunda 106 davlatda (Italiya, Norvegiya, Shvensiya, Polsha va boshqalar) o‘lim jazosi barcha jinoyatlar uchun bekor qilingan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda o‘tkazilgan yig‘ilishda o‘lim jazosi haqida fikr bildirib, «...yashash huquqi – har bir insonning tabiiy huquqi bo‘lib, unga bu huquqni davlat emas, Yaratganning o‘zi ato etgan. Agar sizlar qo‘llab-quvvatlasangiz, Konstitutsiyamizga «O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi», degan yana bir muhim normani kiritishni taklif qilaman», degandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring