Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Propiska bo‘yicha muhim qarorlar loyihalari tayyorlandi

Propiska bo‘yicha muhim qarorlar loyihalari tayyorlandi

Foto: «Asr.uz»

2018-yilgi davlat dasturiga asosan, O‘zbekistonda pasport tizimi va propiska masalalari bo‘yicha Adliya vazirligi tomonidan muhim qarorlar loyihalari tayyorlandi. Bu haqda vazirlikning «Huquqiy axborot» kanalida xabar berildi.

Xususan, loyihalarda:

— pasport olish, ta’lim olish, mehnat qilish va boshqa huquqlarni amalga oshirishda propiska bilan bog‘liq cheklovlarni bartaraf qilish;

— doimiy yoki vaqtincha propiskasiz (yashash joyi bo‘yicha hisobga turmagan) fuqarolarni ishga qabul qilishni rad etish bilan bog‘liq amaliyotga barham berish;

— voyaga yetmagan shaxsning belgilangan muddatda pasport olmagani uchun ma’muriy javobgarlikni bekor qilish;

— mehnat munosabatlari jarayonida pasport tizimi qoidalariga rioya etmaganlik uchun ish beruvchining ma’muriy javobgarligini bekor qilish;

— mavsumiy ishlarga (qurilish, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda) jalb qilinganlarni vaqtinchalik ro‘yxatga olish tizimini soddalashtirish, ular uchun uy-joy ijarasi, uy-joydan tekin foydalanish bitimini tuzish talabini bekor qilish;

— Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lgan fuqarolar uchun ko‘chmas mulk sotib olish bo‘yicha amaldagi talablarni soddalashtirish;

— Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun asossiz spekulyasiyaning oldini olish choralarini ko‘rgan holda ikkilamchi bozordan ko‘chmas mulk sotib olishga bo‘lgan cheklovlarni bekor qilish;

— ichki turizmni rivojlantirish maqsadida vaqtincha propiskasiz (yashash joyi bo‘yicha hisobga turmasdan) bo‘lish muddatini uzaytirish;

— vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashaganlik, yashashga yo‘l qo‘yganlik uchun ma’muriy jazo choralarini yengillashtirish nazarda tutilgan.


Bizni kuzatishda davom eting. Qaror loyihalarini e’lon qilib boramiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring