Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bosh prokuratura huzuridagi Inspeksiya qurilishdagi talon-torojliklarni fosh qildi

Bosh prokuratura huzuridagi Inspeksiya qurilishdagi talon-torojliklarni fosh qildi

Jizzax viloyatidagi «AAA» DUK qurilish korxonasining mansabdor shaxslariga budjet mablag‘larini o‘zlashtirish, sun’iy debitor qarzdorlik yuzaga keltirish ayblovlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Bosh prokuratura huzuridagi Inspeksiyaning Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, «AAA» DUKda o‘tkazilgan tekshirishda pudratchi mansabdor shaxslari jami 2 mlrd. 490 mln. 228 ming so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilgani haqida hujjatlar rasmiylashtirgan. So‘ng rasmiy hujjatlarga haqiqatda bajarilmagan 70 mln. 658 ming 400 so‘mlik ishlarni qo‘shib yozib, hujjatlarni soxtalashtirgan hamda ko‘p miqdordagi budjet mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Bundan tashqari, korxona mansabdor shaxslari mansab mavqeini suiiste’mol qilib, 2017-yil davomida Mehnat kodeksining 183-moddasiga asosan intizomiy jazo qo‘llanilgan xodimlariga jami 11 ta holatda 8 mln 990 ming so‘m rag‘batlantirish pullari to‘lab berib, takroran budjet mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganlar.

Shuningdek, korxona mansabdor shaxslari debitor qarzdorliklarni o‘z muddatida undirish choralarini ko‘rmagani natijasida 2018-yil 1-dekabr holatiga korxonaning 193 mln. 886 ming 400 so‘m muddati o‘tgan debitor qarzdorligi yuzaga kelishiga sababchi bo‘lib, davlat va jamiyat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazganlar.

Mazkur holatlar yuzasidan Inspeksiyaning Jizzax viloyat boshqarmasi tomonidan «AAA» DUK mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring