Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sirdaryo IIB boshlig‘ining sobiq 1-o‘rinbosari sudga tortildi

Sirdaryo IIB boshlig‘ining sobiq 1-o‘rinbosari sudga tortildi

Muqaddam Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining 1-o‘rinbosari, jinoyat-qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Umid Klichevga 2 yil ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi. Bu haqda «Sirdaryo haqiqati» gazetasi xabar berdi.

U mansabdor shaxs bo‘la turib, Guliston shahar hududida chet el valyutalarini noqonuniy oldi-sotdisi bilan shug‘ullanib kelayotgan Adxam Sidiqov bilan jinoiy til biriktirgan.

U.Klichev o‘zining jinoiy rejasini amalga oshirish maqsadida A.Sidiqov bilan 2017-yil 25-iyun kuni Guliston shahrining 2-mavzesida («Oila burger» kafe qarshisida) 41.000.000 so‘m pullarni «qora bozor» narxida 1 AQSh dollarini 8.200 so‘mdan hisoblab, 5.000 AQSh dollariga ayirboshlagan.

Qayd etilishicha, ular bu kabi noqonuniy harakatlarni bir necha marta takrorlaganlar.

U.Klichev sudda tergov organi tomonidan qo‘yilgan ayblovga iqror emasligini bildirgan, lekin surishtiruv-tergov ishlari natijasida u sodir etgan jinoyat o‘z isbotini topgani aytiladi. A.Sidiqov esa sudda iqrorlik bildirgan.

Umid Klichev O‘zbekiston Respublikasi JKning 177-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan aybli deb topilib, unga 2 yil ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan.

Ma’lumot uchun, u 2017-yilning aprel oyida Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining 1-o‘rinbosari, jinoyat-qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i vazifasiga tayinlangan edi. Bu vazifadan qachon ishdan olingani haqida ma’lum qilinmagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring