Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tarmoqlarda tarqalgan xabarga Bosh prokuratura izoh berdi

Tarmoqlarda tarqalgan xabarga Bosh prokuratura izoh berdi

Foto: «Xabar.uz»

Telegram tarmog‘ida chiroqchilik M.B.ning (ayol, 1997-y.t.) o‘limi bilan bog‘liq xabarlar tarqaldi. Marhumaning yaqinlari ayol o‘limiga erining yaqin qarindoshi sababchi ekani, biroq aybdor jazoda qutulib qolganini iddao qilib, qator vajlar keltiradi.

«Xabar.uz» so‘roviga binoan Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbarining ma’lum qilishicha, shu yilning 15 may kuni Chiroqchida 1997-yilda tug‘ilgan M.B (ayol) yashash xonadoni hammomining yog‘och shiftiga ro‘moldan sirtmoq yasab, o‘zini osib joniga qasd qilgan. Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, M.B.ning o‘limi bo‘yin a’zolarining sirtmoq bilan qisilishi natijasida mexanik asfiksiyadan kelib chiqqanligi, tanasida tan jarohatlari mavjud emasligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Chiroqchi tuman prokuraturasi tomonidan JKning 103-moddasi 1-qismi (o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tuman prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergov natijasiga ko‘ra, jinoyat ishini JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan tugatish haqida qaror qabul qilingan.

Qabul qilingan qaror va jinoyat ishi hujjati hujjatlari Bosh prokuratura tomonidan nazorat tartibida o‘rganilib, ish holatlari to‘liq tekshirilmasdan barvaqt qabul qilinganligi sababli bekor qilingan. O‘tkazilgan qo‘shimcha tergov natijasiga ko‘ra qabul qilingan keyingi qaror ham Qashqadaryo viloyati prokuraturasi tomonidan bekor qilindi, bu shikoyat muallifining vajlarini har tomonlama, xolis va ob’yektiv tekshirishga qaratilgan yana bir choradir. Ayni paytda jinoyat ishi tuman prokuraturasidan viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limiga o‘tkazilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari alohida qayd etdiki, o‘lim bilan bog‘liq har qanday holat jiddiy tarzda o‘rganiladi, tekshiriladi. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Yaqinda yigirma yillab ochilmagan jinoyat (qotillik!) fosh etilgani yoki avvaliga o‘ta og‘ir bo‘lmagan qilmishdek ko‘ringan qilmish oxir-oqibat qotillik bo‘lib chiqqani kabi holatlar o‘lim bilan bog‘liq ishlar alohida nazoratda ekanini yaqqol ko‘rsatadi.

Chiroqchilik ayolning o‘limi bilan bog‘liq holat jiddiy o‘rganilayotgan bir paytda marhuma yaqinlarining ular gumonidagi shaxs o‘z uyini sotishini «bu oddiy tasodif emas, kimlarningdir og‘zini moylashga pul kerak bo‘lganidan darak» deya talqin etilishi, bunday o‘ta-o‘ta yuzaki taxminlar ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy asos sifatida taqdim etilayotganini hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi.

Pirovardida, mahkama matbuot xizmati ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini yozilayotgan har bir so‘zga mas’uliyat bilan yondoshishga chaqirib, yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun qonunchilikda tegishli javobgarlik mavjudligini eslatadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring