Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda advokat bankni sudga berib, yutib chiqdi

Toshkentda advokat bankni sudga berib, yutib chiqdi

Foto: «It Sotnya»

Advokat murojaati asosidagi ishni ko‘rib chiqqan Toshkent shahar Sergeli tuman ma’muriy sudi bank mansabdor shaxsi tomonidan advokat huquqlarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan deb topdi va huquqbuzarga nisbatan tegishli jazo chorasi belgiladi. Bu haqda «Advokatnews.uz» xabar bermoqda.

Gap shundaki, Toshkent shahrida joylashgan banklarning biri o‘z mijozi ustidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritgan bo‘lib, mazkur sud jarayonida fuqaroning vakili sifatida ishtirok etgan advokat ish jarayonida foydalanish uchun zarur bo‘lgan ayrim ma’lumot va hujjatlarni so‘rab ushbu bankka advokat so‘rovi yuboradi. Ammo bank so‘ralgan axborot bank siri ekanligini vaj qilib ko‘rsatgan holda unga javob berishni rad etadi.

Shunga ko‘ra advokat o‘z kasbiy faoliyatiga doir huquqlarini buzgan «Infinbank» ATB boshqaruvchisi ustidan, o‘z vakolatlaridan foydalangan holda, sudga murojaat qildi va sudning joriy yilning 29-martdagi ajrimiga asosan huquqbuzar bank mutasaddisiga ma’muriy chora ko‘rilishiga erishdi.

– «Bank mansabdori o‘zining bunday xatti-harakati bilan avvalo O‘zbekiston Respublikasining «Bank siri to‘g‘risida»gi qonuni me’yorlarini noto‘g‘ri talqin qilgan, — deydi Toshkent shahridagi «Adolat Legal» advokatlik byurosi advokati Bahodir Mammedov. — Zero, mazkur Qonunning 3-moddasida qaysi ma’lumotlar bank siri hisoblanishi keltirib o‘tilgan bo‘lib, biz so‘ragan turdagi ma’lumotlar bu ro‘yxatga kirmagan.

Bahodir Mammedovning aytishicha, Prezidentning 2018-yil 12-maydagi «Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni bilan advokatlarga juda ko‘plab imkoniyatlar yaratib berildi. Jumladan, advokat so‘roviga ko‘ra ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etmaslik, yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etganlikda aybdor mansabdor shaxslar advokatning sudga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaatiga asosan belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortilishi belgilab berildi.

Shunga ko‘ra, Qonunimizga ham «Advokat so‘rovi» degan maxsus modda kiritildi. Ammo, afsus­ki, hamkasblarimiz orasida hali-hamon falon idora advokatlik so‘rovimga javob bermadi deb nolib yurganlar yo‘q emas. Hatto advokatlar so‘rovnomalarini eski tahrirdagi qonunning 6-moddasiga asosan yuborish hollari ham uchrab turibdi.

Shulardan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, kasbiy faoliyatimizga doir bunday yangiliklar va o‘zgarishlarga o‘zimiz ham e’tiborliroq bo‘lib, yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanishimiz, bu borada shijoatliroq bo‘lishimiz lozim. Jumladan, advokatlar so‘rovi asossiz rad etilgan yoki so‘rovga o‘z vaqtida javob berilmagan holatlarda ma’muriy sudlarga murojaat qilish orqali o‘z huquqimizni talab qila olsak, asta-sekin advokat so‘roviga bepisandlik bilan qaraydigan yoki advokatning professional faoliyatiga to‘sqinlik qiladigan mansabdor shaxslar ham mas’uliyat his qila boshlashi aniq. Qolaversa, o‘z haq-huquqlarini yuzaga chiqarib, vakolatlaridan unumli foydalanadigan advokatlar fuqarolarimizning ishonchiga kirib, davlat organlari, korxona va tashkilotlarining mansabdor shaxslari oldida ham hurmat-e’tiborga sazovor bo‘ladi, deydi advokat.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring