Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Xalq uchun «mehribonlik». Yana o‘sha propiska balosi haqida

Xalq uchun «mehribonlik». Yana o‘sha propiska balosi haqida

Foto: «UzNews.uz»

Huquqshunos-bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev «Davlat boji stavkalarining 4-bandiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Kecha «Davlat boji stavkalarining 4-bandiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi e’lon qilindi. (https://regulation.gov.uz/uz/document/2990) Loyiha muallifi Adliya vazirligi ekan.

Unga ko‘ra, mana bunday o‘zgarishlar taklif qilinmoqda:

1) Chet elliklarga propiska olish huquqini beradigan yangi uylarning minimal narxi oshirildi. Ilgari kamida 600 mln so‘mlik uy olish kerak edi. Taklif qilinayotgan o‘zgarishga ko‘ra, eng kam oylik ish haqining 3300 baravaridan kam bo‘lmagan miqdor belgilanmoqda. Bu hozirgi kunda salkam 670 mln so‘m bo‘ladi. EKIH oshsa, bu ham oshadi.

Bunisiga mayli, chidaymiz. gap chet elliklar haqida ketmoqdaku har holda.

Lekin loyihadagi keyingi taklif bevosita O‘ZBEKISTON FUQAROLARI uchun taalluqli. Aniqrog‘i O‘ZBEKISTON FUQAROLARIGA YaNADA QIYINROQ, YaNADA OG‘IRROQ ShARTLAR haqida gap ketyapti.

Loyihaga ko‘ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yangi qurilgan ko‘chmas mol-mulk 2 yoki undan ortiq shaxs tomonidan umumiy mulk huquqi asosida sotib olingan taqdirda, ularning har biri belgilangan stavkada davlat boji to‘lashi taklif qilinmoqda. Belgilangan stavka esa uy narxining 5 foizi.

Masalan, 5 kishi qo‘shilib, 500 mln so‘mlik uy sotib olsa, bunday holatda ularning HAR BIRI 25 mln so‘mdan davlat boji to‘laydi, ya’ni bunday vaziyatda Toshkent propiskasining narxi 125 mln so‘mga to‘g‘ri kelyapti. Agar xuddi shunaqa uyni «Toshkent Respublikasi fuqarolari» sotib olsa, atigi 202 ming 730 so‘m davlat boji to‘laydi. Boshqacha aytganda davlat oldida O‘zbekistonning 5 nafar fuqarosi boshqa 5 nafar fuqarosidan 600 baravarga qadrsizroq.

Xullas, bu loyiha men biroz avval e’lon qilgan «Propiska bo‘yicha layfxak» degan maqolamdan (https://t.me/xushnudbek/1705) kelib chiqib qilingani aniq.

Tepadagilar mundooooq qarashsa, xalqqa yengil bo‘lib ketyapti. «Nimaga 3-4 kishi pul qo‘shib, uy sotib olib, osongina propiska olishi kerak?» degan savolni berishgan. Va bunga javob sifatida ushbu loyihani ishlab chiqishgan, menimcha.

Lekin ularning birortasi «Nimaga O‘zbekiston FUQAROSI o‘z yurtida propiskani «sotib olishi» kerak?» degan savolni o‘ylab ko‘rdimikin, qiziq?

Ular «Nimaga Rossiya, Ukraina va boshqa davlatlarning Konstitutsiyaviy sudlari allaqachon Konstitutsiyaga zid deya qaror chiqarib, bekor qilgan antikonstitutsiyaviy qoida bizda haliyam amalda?» degan savolni o‘ziga berib ko‘rsa bo‘lmasmikin?

Ular «Nimaga PF-5308-sonli Prezident farmoni bilan 2018 yilgi davlat dasturida propiskasi yo‘q fuqarolar ham ikkilamchi bozordan uy sotib olishiga ruxsat berilishi belgilangan bo‘lsada, lekin biz bu Farmonni haligacha bajarmadik, nima uchun Prezident Farmoni faqat qog‘ozlarda qolib ketaverdi?» degan savolni o‘rtaga tashlashsa bo‘lmasmikin?

Ularning birortasi «Nima uchun bir xil pasportga ega, bir xil soliq to‘laydigan O‘zbekiston fuqarolari faqat propiskasi tufayli bir-biridan bir necha yuz baravarga qadrsizroq?» degan savolni xayoliga keltirarmikin?

Yo‘q, bunaqa savollar berilmaydi. Undan ko‘ra «Xalq osongina propiska olmasligi uchun nima qilsak bo‘ladi? Qonun hujjatlaridagi "fortochkalar"ni yopish uchun nima qilish kerak?» degan savollar ular uchun muhimroq.

Bundan boshqa yana nima ham derdim. Agar shu loyiha haqiqatda tasdiqlansa, unda shu paytgacha «islohotlar faqat xalq manfaati uchun» degan shiorlarning barchasi bir tiyin bo‘ladi, chippakka chiqadi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring