Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xotinini bo‘g‘ib o‘ldirgan shaxs 10 yilga «kesildi»

Xotinini bo‘g‘ib o‘ldirgan shaxs 10 yilga «kesildi»

Jinoyat ishlari bo‘yicha Zarafshon shahar sudida turmush o‘rtog‘ini qasddan o‘ldirgan sudlanuvchi I.Olimovga (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

I.Olimov va (marhuma) K.Amirovaning turmushi o‘n uch yilda fojiali yakun topdi. Bu orada tug‘ilgan uch nafar farzand ham tumush rishtalari mustahkamlanishiga sabab bo‘la olmadi. Muttasil janjal, ur-to‘palon... Oilaviy janjallar mahalla fuqarolar yig‘ini, shahar Xotin-qizlar qo‘mitasi va profilaktika inspektori tomonidan bir necha bor muhokama qilinib, ogohlantirildi, biroq kor qilmadi. Janjallar ma’muriy sudgacha chiqdi, tegishli jazo choralari qo‘llanilganiga qaramasdan, hammasi eski hammom – eski tosligicha qolaverdi.

Ikki tomonning ajrashishdan boshqa chorasi qolmagandek edi go‘yo. O‘tgan yilning 14-noyabr kuni Zarafshon shahri, 2-kichik tumanida sobiqqa aylanish arafasida turgan er-xotinlar mol-mulkni bo‘lish, aliment va nikohni bekor qilish masalasida gaplasha turib, suhbati yana janjalga aylanib ketdi. I.Olimov jindek «otib olgani» janjal fojiali yakun topishiga yaxshigina ta’sir ko‘rsatdi. Uning ayol bo‘yniga chirmashgan qo‘llari xotini nafas olmay qo‘yguncha turaverdi, turaverdi...

...Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, K.Amirovaning o‘limiga bo‘yin a’zolarining qo‘l barmoqlari bilan qisilishi natijasida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya sabab bo‘lganligi ko‘rsatilgan.

Pirovardida, sudlanuvchi I.Olimovni qasddan odam o‘ldirish jinoyati bilan aybdor deb topib, o‘n yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

 Dilnoza Xonbo‘tayeva
jinoyat ishlari bo‘yicha Zarafshon shahar sudi raisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring