Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi qonun, yangicha yondashuv

Yangi qonun, yangicha yondashuv

Foto: «XS.uz»

2018-yil 8-yanvarda imzolangan O‘zbekiston Respublikasining «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi qonuni turli ma’muriy qarorlarni qabul qilish jarayonini standartlashtirish va yengillashtirish orqali davlat organlarining fuqarolar va tashkilotlar bilan bo‘lgan munosabatlari qonuniyligini ta’minlash va shaffofligini oshirishga xizmat qiladi. Mazkur qonunda davlat organlari fuqarolarga xizmat ko‘rsatish jarayonidagi tartib-taomillar, bu jarayon qanday amalga oshirilishi kerakligi ifodalangan.

Umrida biron marta qog‘oz rasmiylashtirish ishlari bilan davlat tashkilotiga bormagan inson kam topilsa kerak oramizda. To‘g‘risi, ba’zan davlat idorasida sarson-sargardon bo‘lib, ortiqcha qog‘ozbozliklardan charchab, qancha-qancha vaqt sarflab hafsalamiz pir bo‘lgan holatlar ham bo‘lgan. Boisi avvallari davlat xizmatchilarining ishlash mexanizmi qonunosti hujjatlarida belgilangan tartib (ichki nizom va turli ma’muriy reglament)lar asosida belgilanardi. Masalan, pasport yo‘qolganda yangisini olish uchun ariza yozamiz yoki pensiyani rasmiylashtirish yuzasidan murojaat qilamiz va hokazo. Bu jarayonda davlat xizmatchisi bizdan tegishli hujjatlarni talab qiladi. Bu to‘g‘ri. Ammo o‘sha hujjatlar qo‘limizda bo‘lishi mumkin, biroq shakli boshqacharoq, barchasi bir qog‘ozning o‘zida mujassam bo‘lishi mumkin. Mana shu yerda fuqaro va davlat xizmatchisi o‘rtasida «tushunmovchilik» kelib chiqadi. Fuqaro o‘zi olib kelgan hujjatni olib qolishni iltimos qiladi, davlat xizmatchisi esa nizomda belgilangan shakldagi hujjatni talab qiladi. Qarabsizki, oriqcha xarajat, qog‘ozbozlik jarayoni boshlanadi. Fuqaroning ham davlat organidan ko‘ngli qoladi va davlat organiga ishonch susayib boraveradi. Mazkur qonun bilan esa ana shunday holatlarning oldi olinishi, o‘zaro munosabatlarda ishochni tiklash, shaffoflik o‘rnatilishi maqsadida yagona tartib-taomillar o‘rnatilmoqda.

Huquq doktori, dotsent Jo‘rabek Nematovning fikricha, eng asosiysi ushbu tartiblar shunchaki yana bir yangi o‘ylab chiqarilgan shakl va qoliplar bo‘lib qolmasdan, balki fuqaro va davlat o‘rtasidagi munosabatlarga yangicha yondashuvni, ya’ni davlat organi doimo fuqaroga turli ma’muriy qoidalar orqali xalaqit qilishi emas, balki yordam berishi, ko‘maklashishi, xizmat qilishida aks etadi.

Ma’muriy tartib-taomillarning asosiy g‘oyasi ma’muriy qarorning adresatiga ish yuzasidan uning dalil va vajlarini tinglash imkonini taqdim etish, boshqacha qilib aytganda, «tinglanish huquqi» bilan ta’minlash va shu orqali fuqaro bilan muloqot qilish va uni dardini tinglash, dardiga malham bo‘lish va unga xizmat qilishda aks etadi.

Jumladan, qonunning asosiy vazifalari ma’muriy tartib-taomillarning yagona asoslarini belgilash orqali qonun ustuvorligini, jismoniy va yuridik shaxslarning ma’muriy organlar bilan bo‘lgan munosabatlarida huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashdan iborat.

Qonun davlat xizmatlarini yanada sifatli ko‘rsatishda ma’muriy to‘siq va cheklovlarni bartaraf etishga keng imkoniyatlar yaratadi.

Qonunga ko‘ra, ma’muriy tartib-taomil deganda davlat organlarining ommaviy-huquqiy faoliyatini tartibga soluvchi protsessual qoidalar (ya’ni litsenziya, ruxsat berish tartib-taomillari, turli davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartib-taomillar va h.k.) tushuniladi.

Hozirgi kungacha davlat organlari hamda jismoniy va yuridik shaxslar orasidagi munosabatlar turli qonunlar va qonunosti hujjatlari bilan tartibga solingan edi.

Ulardagi tartiblarning turlicha ekanligi davlat organlari tomonidan qarorlar qabul qilishda vakolat doirasida majburiyatlarni bajarmaslik, og‘zaki topshiriqlar asosida ishlash kabi holatlarni keltirib chiqarayotgandi.

Endilikda fuqaro vijdonan harakat qilgan, o‘z majburiyatlarini mazmunan bajargan bo‘lsa, davlat organlari tomonidan rasmiy qoidalar bajarilmadi, degan vaj bilan uning murojaatini rad etish yoki turli cheklovlar o‘rnatish taqiqlanadi.

Qonunda ma’muriy organga topshiriladigan ariza shakli va mazmuniga asosiy talablar o‘rnatilgan. Unga binoan ariza beruvchidan qonunchilikda ko‘zda tutilmagan axborotni yoki hujjatlarni taqdim qilishni talab qilish, shuningdek unga ilova qilinayotgan hujjatlarga talablar qo‘yish taqiqlanadi. Ma’muriy organda arizani ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ma’muriy organga ma’muriy tartib-taomilni amalga oshirish uchun boshqa ma’muriy va o‘zga organdan hujjatlar va ma’lumotlar olish talab etilsa, ma’muriy ish yuritish «bir darcha» prinsipi bo‘yicha amalga oshiriladi. Bunda ma’muriy organ zarur hujjatlar va ma’lumotlarni, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari, mustaqil ravishda, manfaatdor shaxslarning ishtirokisiz idoralararo o‘zaro hamkorlik orqali oladi.

Agar qonun hujjatlarida boshqa holat nazarda tutilmagan bo‘lsa, ma’muriy organ mumkin qadar qisqa muddatlarda, ammo ariza ma’muriy organda ro‘yxatga olingan kundan boshlab o‘ttiz ish kunidan kam bo‘lmagan muddatda ma’muriy ishni ko‘rib chiqadi hamda ma’muriy hujjatni qabul qiladi.

Ma’muriy organ tashabbusi bilan ma’muriy hujjatlarni qabul qilishning eng ko‘p muddatlari qonun hujjatlarida belgilanadi.

Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda ma’muriy ish yuritish muddati ma’muriy organ tomonidan uzaytirilishi mumkin.

Ma’muriy ish yuritish muddatining o‘tishi ariza ma’muriy organda ro‘yxatga olingan kundan boshlanadi, ma’muriy hujjat ma’muriy organ tashabbusi bilan qabul qilinadigan taqdirda, ushbu muddatning o‘tishi adresat ma’muriy ish yuritish boshlanganligi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan kundan boshlanadi.

Agar ariza vakolatli ma’muriy organga o‘tkazib yuborilgan bo‘lsa, ma’muriy ish yuritish muddatining o‘tishi ma’muriy ish tegishli vakolatli organga kelib tushib, ro‘yxatga olingan kundan boshlanadi.

Ma’muriy ishni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq xarajatlar

Ma’muriy ishni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq xarajatlar ma’muriy ish yuritishni amalga oshiruvchi ma’muriy organ zimmasiga tushadi.

Ma’muriy ish yuritishda qo‘shimcha harakatlarni amalga oshirishni to‘lash, shuningdek ma’muriy ishni hal qilishga yordam beruvchi shaxslarning ishtirok etishi bilan bog‘liq xarajatlar ushbu harakatlarni amalga oshirishni talab qilgan ma’muriy ish yuritish ishtirokchisi zimmasiga tushadi.

Ma’muriy organlarga berilgan arizalardan qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda va miqdorlarda davlat boji yoki yig‘im undirilishi mumkin. Yig‘im miqdori ma’muriy ishni ko‘rib chiqishda ma’muriy organning qilgan xarajatlari doirasida belgilanadi.

Ma’muriy shikoyatlar uchun davlat boji va yig‘im undirilmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring