Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

G‘alati statistika: koronavirusdan o‘lim darajasi qayerda eng yuqori? (infografika)

G‘alati statistika: koronavirusdan o‘lim darajasi qayerda eng yuqori? (infografika)

Foto: «The Wall Street Journal»

COVID-19 oqibatida o‘lim darajasi qayerda eng yuqori? Statistika ma’lumotlari tahlili koronavirusdan o‘limlar soni eng yuqori mamlakatlarda aholi jon boshiga nisbatan o‘lim ko‘rsatkichlari uncha baland emasligini ko‘rsatyapti.

Tadqiqotlarga ko‘ra, aholi jon boshiga o‘lim holatlari nuqtai nazaridan, Belgiya koronavirusdan eng ko‘p talafot ko‘rgan mamlakat, Buyuk Britaniya va AQSh uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarda.

Biroq bu xulosalar aholisi 5 milliondan ko‘p hamda har 100 ming kishiga qancha COVID-19 qurbonlari to‘g‘ri kelishi haqida 19 mamlakatdan 19-sentyabrgacha olingan ma’lumotlar tahliliga qurilgan, deb yozmoqda «Daily Mail». Bu ma’lumotlarga ko‘ra, o‘lim darajasi eng yuqori mamlakat Belgiya (har 100 ming kishiga 86,9 o‘lim), keyingi o‘rinlarda Ispaniya (65) va Buyuk Britaniya (62,6).

Amerikada o‘tkazilgan tadqiqotda (JAMA tibbiy jurnalida chop etilgan) esa qolgan 18 mamlakatga nisbatan AQShda qancha ko‘p odam o‘lganini aniqlashga urinib ko‘rishdi. Bu mamlakatlarning tanlashishi sababi ularning har biri 5 milliondan ortiq aholiga ega va yalpi ichki mahsuloti jon boshiga 25 ming dollardan ortiq. Bir so‘z bilan aytganda, o‘ziga to‘q mamlakatlar.

Raqamlarga ko‘ra, pandemiya AQShda 225 ming o‘limga bevosita yoki bilvosita sabab bo‘lgan, ya’ni kimlardir koronavirusning o‘zidan, boshqalar uning oqibatlari va eski kasalliklari tufayli dunyodan ko‘z yumgan. Pensilvaniya universiteti tadqiqotchilari ma’lumot berishicha, 19-sentyabr holatiga AQShda COVID-19 bilan bog‘liq 198 589 o‘lim holati qayd etilgan yoki har 100 ming kishiga 60,3 ta holat to‘g‘ri kelmoqda. Bu jihatdan Qo‘shma Shtatlar Belgiya (86,8), Ispaniya (65) va Buyuk Britaniya (62,6)dan so‘ng to‘rtinchi o‘rinda.

Koronavirus birinchi bo‘lib kirib borgan va o‘lim holatlari oldinroq qayd etilgan Janubiy Koreya va Yaponiya Amerika tahlilchilari ro‘yxatida eng quyi pog‘onalarga joylashtirildi: har 100 ming aholiga 0,7 o‘lim holatlari.

Ammo yuqoridagi tadqiqot, faqat 19 mamlakat bilan cheklangani bois, koronavirusdan o‘lim holatlari aslida qandayligi haqida yetarlicha tasavvur bera olmaydi. Barcha mamlakatlar tadqiqot doirasiga kiritilgan taqdirda birinchi o‘ringa Italiya ichida joylashgan mitti davlat — San-Marino ko‘tariladi, Peru — ikkinchi, Belgiya — uchinchi.

Mutlaq raqamlarda San-Marinoda fevral oyida koronavirusdan 42 ta o‘lim holati ro‘yxatga olingandi. Agarda mamlakat aholisi atigi 33 800 kishidan iborat ekani inobatga olinsa, bu jahon miqyosida rekord ko‘rsatkichga aylanib ketadi — har 100 ming aholiga 123 ta o‘lim. Holbuki, San-Marino 26 iyun kuni o‘zini «koronavirusdan xoli» deb e’lon qilgan. O‘shandan beri ba’zi-ba’zida kasallanishlar uchrab turibdi, ammo vafot etganlar yo‘q.

Peru O‘zbekistonga «o‘xshaydi» — 32 million atrofida aholisi bor. Mamlakatda har 100 ming aholiga koviddan o‘limlar soni 101 tani tashkil etmoqda. O‘lim holatlari bobida Janubiy Amerikadagi ta’qibchilarining barchasi qo‘shnilari — Boliviya (72), Braziliya (71,7), Chili (70,2) va Ekvador (69,7).

Global yirik muammolarga daxdor ma’lumotlarni rasmiy manbalardan olib tarqatuvchi «Our World in Data» saytiga ko‘ra, aholi jon boshiga o‘lim holatlari bo‘yicha Buyuk Britaniya va AQSh 11-12-o‘rinlarni band etib turibdi.

Koronavirusdan o‘lim holatlari soni bo‘yicha dunyodagi uchinchi mamlakat — Hindiston (112 ming). Biroq 1,3 milliard aholisiga solishtirganda raqamlar «kichrayib ketadi» va jon boshiga o‘lim holatlari borasida Hindistonni reytingning 87-pog‘onasiga tushirib yuboradi.

Eronda ham xuddi shunday: o‘lim holatlari soni (29 605) bo‘yicha 9-o‘rinda, jon boshiga hisoblaganda 28-o‘rinda.

Koronavirus «beshigi» bo‘lmish Xitoy esa 183-o‘rinda — har million kishiga uch o‘lim!


«Worldometer» ko‘ra, O‘zbekiston:

  • koronavirusdan o‘limlar soni bo‘yicha dunyoda 76-o‘rinda;
  • har million aholiga o‘lim (16) holatlari bo‘yicha 137-o‘rinda.

Eslatma: bu rasmiy statistika.


«Our World in Data» ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda koronavirusdan har million kishiga o‘lim holatlari eng yuqori darajasi Janubiy Amerikada (640), keyingi o‘rinlarda Shimoliy Amerika (550) va Yevropa (313). Solishtirish uchun: Osiyoda har million kishiga 47 ta o‘lim holati to‘g‘ri kelmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring