Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nega «zararli  ish»dagilarga sut berishgan? (Infografika)

Nega «zararli  ish»dagilarga sut berishgan? (Infografika)

Foto: «Etcetera.media»

Kimlarning nazarida sut — kattayu kichik uchun foydali, yana bir toifa insonlar esa uni faqat bolalarga berish mumkin deb hisoblashadi. Xo‘sh, sut chindan ham foydalimi?

Oqsillar va kalsiy

Sut tarkibidagi oqsil organizm tomonidan yaxshi o‘zlashtiriladi, u immunitetni mustahkamlaydi, qon hosil bo‘lish jarayonini yaxshilaydi, mushaklarni o‘stirishda yordami katta.

Sut oqsili sport oziqlari tayyorlashda ishlatiladigan proteindan aslo qolishmasligi tadqiqotlarda aniqlangan. Shuning uchun ham trenajyordagi mashqlardan oldin ichilgan bir stakan sut mushaklar massasini oshirishda maxsus proteinli kokteyllar bilan bir xil kuchga ega.

Barcha sut mahsulotlari — kalsiy manbai. Ayniqsa, pishloq kalsiyga boy, biroq pishloqda yog‘ ham ko‘pligi inobatga olinsa, kimda-kim ortiqcha vazn yoki qandli diabetdan aziyat chekayotgan bo‘lsa, sut yoki qatiqni tanlagani ma’qul. Eng asosiysi, sut tarkibidagi kalsiy organik shaklda (kalsiy laktati) bo‘lgani uchun, bu mikroelement organizm tomonidan nisbatan to‘liqroq o‘zlashtiriladi.

Bir kishi uchun bir kunga yetarli kalsiyning 80 foizi uch porsiya sut mahsulotida mavjud.

Zaharlarga qarshi vosita

Salomatlik uchun zararli ishlarda faoliyat ko‘rsatadigan xodimlarga nega sut berishgan? Gap shundaki, sut organizmdagi og‘ir metallar tuzlarini chiqarib yuborib, radiologik yukni kamaytiradi. Masalan, rentgenga suratga tushgandan keyin bir stakan sut ichib yuborgan ma’qul. Katta shaharlar yoki ekologiyasi yomon hududlarda yashovchilar uchun ham sut mahsulotlari juda foydali.

Biroq ovqatdan zaharlanishni sut bilan davolashga urinish yaramaydi — bu holatda u faqat zarar keltiradi.

Kattalarga va bolalarga

Sut tarkibidagi qand moddasi (laktoza) bo‘linishi uchun laktaza fermenti zarur. Yosh o‘tishi bilan organizm bu fermentni ishlab chiqara olmay qolishi ham mumkin. Bunday hollarda iste’mol qilingan sut oshqozonda zo‘riqish, diareya kabi holatlarga sabab bo‘ladi. Ammo bu holat sayyoramizdagi insonlarning teng yarmida kuzatiladi. Agar siz bu toifaga mansub bo‘lmasangiz, yoshingizdan qat’i nazar bemalol sut ichsangiz bo‘ladi.

Yog‘limi — yog‘siz?

Hatto ortiqcha vazn sizni bezovta qilgan taqdirda ham, yog‘sizlantirilgan sut ichmaganingiz ma’qul. Negaki, sut tarkibidagi A va D vitaminlari yog‘lar bilan birga yaxshi o‘zlashadi. Bundan tashqari, sut tarkibidagi yog‘lar boshqa yog‘larga nisbatan tez hazm bo‘ladi, shunday ekan, sut ichib semirib ketaman degan xavotirga bormang.

Echki suti

Vitaminlarga boyligi jihatidan echki suti sigir suti bilan deyarli bir xil. Echki sutining bitta afzalligi bor — organizm oson o‘zlashtiradi, shu bois ovqat hazm qilishda muammosi bor kishilar ham uni qo‘rqmasdan ichishsa bo‘ladi.

Infografika: «Xabar.uz»

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring