Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Asl quyonchi soxta quyonchidan arz qildi

Asl quyonchi soxta quyonchidan arz qildi

Mana shu quyonning vazni 10 kilogramm.

Foto: Ikrom Ibrohimov.

 Yodingizda bo‘lsa saytimizda «Ogoh bo‘ling: «OLX»da quyon sotaman» nomli xabar e’lon qilingan, unda «Assalomu alaykum, «Xabar.uz» tahririyati! «OLX.uz» sayti orqali andijonlik yigitlar firibgarlik bilan shug‘ullanayapti. Eng zo‘r flandr quyonlarning rasmini qo‘yib, odamlarni aldashayapti» degan so‘zlar bor edi.

«Gap shundaki, ana shunday e’lonlarning biriga ishonib, ko‘rsatilgan raqamga qo‘ng‘iroq qildim. Suhbat davomida u men xaridor bo‘lgan flandr quyonlari uchun pulning yarmini plastik kartaga o‘tkazib bergach, taksi orqali yuborishini bildirdi.

Kelishuv bo‘yicha aytilgan 50 ming so‘mni o‘tkazganimdan so‘ng u pulning qolganini ham yuborishimni talab qildi. Tabiiyki, buni rad etdim, shundan so‘ng u quyonni jo‘natmasligini aytdi. Olgan pulini qaytarishini talab qildim, ammo bunga javoban raqamimni «qora ro‘yxat»ga kiritib qo‘ydi. Keyin surishtirib bildimki, ular xuddi shu usulda boshqalarni ham aldab yurgan ekan.

Hurmatli tahririyat ijodkorlari! Ushbu murojaatimni o‘rganib, imkoni bo‘lsa, «Xabar.uz»da e’lon qilsangiz. Toki boshqa yurtdoshlarimiz men kabi aldanib qolmasin», — deyilgan edi murojaatda.

Yuqoridagi maqola e’lon qilingach, «OLX» vakillari biz bilan bog‘landi hamda mazkur e’lon o‘chirilganini ma’lum qilishdi.

Shundan keyin ham tahririyatga ko‘plab qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi va aynan shu e’lon egasidan quyon sotib olmoqchi bo‘lganlar bu xabarni o‘z vaqtida e’lon qilganimiz uchun minnatdorchilik bildirishdi. Hatto ayrimlari pullarini qaytarib ham olishdi. Shu bilan mavzu unutilgandek bo‘ldi.

Ammo bu masala butunlay kutilmagan tarzda davom etdi va tahririyatimizga qo‘ng‘iroq qilgan Ikrom Ibrohimov e’londagi surat aslida uning akasi Iqbol Ibrohimovning surati ekanligi, akasi chindan ham quyonchilik bilan shug‘ullanishini aytib, o‘sha firibgar tufayli doimiy xaridorlari ko‘nglida shubha uyg‘onganini bildirdi. Biz undan akasining hujjati va o‘sha suratlarning aslini tahririyatimizga yo‘llashini so‘radik.

Suratning internetda tarqalgan varianti va asli. Foto: Ikrom Ibrohimov.

Quyida Iqbol Ibrohimovning maktubini e’tiboringizga havola etamiz:

«To‘rt yildan buyon quyonchilik bilan shug‘ullanib kelaman. Hozir flandr, rizen va ober zotli yirik quyonlarni boqaman. Aytishim kerakki, natijalar kutganimdan ham ortiq bo‘lmoqda. Daromadi yirik uy hayvonlarinikidan ham ancha yaxshi, kamxarj, bu jonivor tez ko‘payadi. Afzalligi shuki, yuztalab boqish shartmas, o‘nta ishchi quyonning daromadi kishini qoniqtiradi. Go‘sht mahsuldorligi ham yuqori, mazali va shifobaxsh. Qiziqqanlar va mijozlarimiz juda ko‘p.

Ammo bundan foydalangan firibgarlar darhol oson pul ishlashning yo‘lini topishibdi. Ijtimoiy tarmoqlarga va saytlarga suratlarimni qo‘yib, mening nomimdan quyon sotishayapti. Sodda yurtdoshlarimizga ma’qul kelayotgan tomoni quyonning narxi 100 ming so‘m, reklamasidagi surat ham o‘zining emas, mening suratlarim. Shunday qilib bu sohada halol ishlayotganlarning nomini yomonotliq qilishmoqda.

Yana bir qiziq jihat: bu quyonlar o‘rtacha 7-10 kilogrammgacha vazn to‘playdi. Nari borsa 12 kg.gacha semirishi mumkin, lekin bundaylari nasl uchun yaramaydi. Firibgarlar reklama qilganidek 18-25 kg.lik quyonlar bo‘lmaydi!

Men o‘zim xaridor sifatida shulardan biriga qo‘ng‘iroq qilib ko‘rdim. Aynan mening faoliyatimni maqtab, o‘z quyonimni o‘zimga sotmoqchi bo‘ldi va oldindan plastik kartaga pul o‘tkazishni so‘radi. Keyin men o‘zimni tanishtirib, nega bunday qilayotganini so‘rashim bilan raqamimni bloklab qo‘ydi. Avvalo ular pulni olishadi va o‘rniga hech narsa berishmaydi. Berganlarida ham nari borsa 1-2 kilogacha o‘sadigan xashaki quyonlarni aldab sotishadi. Firibgarlarning yolg‘oniga ishonib quyon uchun pul yuborayotgan yurtdoshlarimizga maslahatim — o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rmay turib xarid qilishga shoshilmang».

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring