Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Banklarda korrupsiyaning oldini olish uchun nimalar qilinmoqda?

Banklarda korrupsiyaning oldini olish uchun nimalar qilinmoqda?

Yuridik departamenti direktori Jamshid Saipov va Ichki ishlar bosh boshqarmasi mas’ul xodimi Husniddin Ro‘zimov.

Foto: «Xabar.uz»

«Agrobank» ATBning Bosh ofisida «Odob-axloq qoidalariga rioya qilish korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy omili» mavzusida seminar o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor Jo‘raqul Sattorov, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi mas’ul xodimi Husniddin Ro‘zimov, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda bankning rahbar va xodimlari  ishtirok etdi.

Ushbu seminarni o‘tkazishdan asosiy maqsad bankning  xodimlari ongu shuuriga xizmat vazifalarini vijdonan va samarali bajarishda odob-axloq hamda xulq-atvor qoidalariga rioya etish hamda korrupsiyaga qarshi kurashishning ahamiyati va mohiyatini yetkazishdan iboratdir.

Seminar ishtirokchilari.

Seminarda «Agrobank»ATBning Yuridik departamenti direktori J.Saipov va boshqalar bank xodimlari o‘rtasida qonunbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashish, xizmat intizomi, shuningdek, xodimlarning odob-axloq va xulq-atvor qoidalariga rioya etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda galdagi muhim vazifalar xususida so‘z yuritdi.

Prezidentimizning 2018 yil 23 martdagi «Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan vazifalar doirasida bankning hududiy boshqarmalari va filiallarida tarbiyaviy profilaktik ishlarni kuchaytirish, xodimlarni munosib xulq-atvorda bo‘lishini ta’minlash, bank tizimiga dog‘ tushiruvchi turli salbiy holatlarga yo‘l qo‘yilishining oldini olish maqsadida bank Boshqaruvi tomonidan 2018 yil 11 aprelda Bank xodimlarining korporativ etikasi qoidalari tasdiqlandi. 

Unga ko‘ra, har bir xodimning oldiga o‘z xizmat vazifalarini bajarishda davlat prinsiplari va talablariga qat’iy rioya etish, o‘z xizmat vazifalarini vijdonan, yuksak kasbiy darajada bajarish, o‘z xizmat vazifalarini bajarishda biror-bir shaxslar, guruhlar yoki tashkilotlarga yon bosmaslik va ustunlik bermaslik, ularning ta’siridan mustaqil bo‘lish, fuqarolarning huquqlari, majburiyatlari va qonuniy manfaatlarini hisobga olish, kamsitish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, xizmat mavqeidan davlat organlari, boshqa tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek fuqarolar faoliyatiga noqonuniy ta’sir ko‘rsatish uchun foydalanmaslik va shu kabi bir qator majburiyatlarni bajarish bilan bog‘liq tartib-qoidalar belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor Jo‘raqul Sattorov.

Tadbirda ishtirok etgan «Xabar.uz» sayti vakili «Agrobank»ning Yuridik departamenti direktori Jamshid Saipovga shunday savol berdi:

– O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash keng miqiyosda amalga oshirilmoqda. Ammo ming afsuski, katta pul bor joyda korrupsiya xavfi ham katta. Aynan «Agrobank» faoliyatini tahlil qilsak, so‘nggi yillarda korrupsiya bilan bog‘liq holatlar ko‘paymoqdami yoki kamaymoqda?

— Respublikamiz bo‘ylab «Agrobank» tizimida 8 ming nafardan ortiq xodimlar ishlaydi. Albatta, ularning mutlaq ko‘pchiligi kamchiliksiz ishlovchi xodimlar, oz bo‘lsa-da ular orasida tartibbuzarlikka yo‘l qo‘ygan xodimlar ham uchrab turadi. Ularga nisbatan bank Boshqaruvi tomonidan amaldagi qonunchilikka muvofiq tegishli choralar ko‘rib borilmoqda. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida korrupsiya bilan bog‘liq holatlar kamaygan.

Bundan ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi jiddiy kurash boshlanganini va ta’magirlik rivojlanishga to‘siq bo‘lishini bank xodimlari ham to‘g‘ri anglab yetmoqda.

«Agrobank» ATB matbuot xizmati

«Agrobank» faoliyati haqidagi batafsil ma’lumotlarni bankning «Telegram» kanalida kuzatib borishingiz mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring