Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Birinchi yarim yillikda naqd pulga bo‘lgan talab oshib ketdi

Birinchi yarim yillikda naqd pulga bo‘lgan talab oshib ketdi

Foto: «Xabar.uz»

2018-yilning yanvar-iyun oylarida muomaladagi naqd pullar miqdori, pul aylanmasi tarkibidagi o‘zgarishlar hamda mavsumiy omillar ta’sirida shakllanib bordi. Bu haqda Markaziy bank axborot berdi.

Xususan, joriy yilning I choragida muomaladagi naqd pullar hajmi 1,2 trln. so‘mga qisqargan bo‘lsa, II choragida 3,4 trln. so‘mgacha ortishi kuzatildi. Natijada, 2018 yilning I yarim yilligida naqd pul massasi 2,2 trln. so‘mga oshdi.

Naqd pulga bo‘lgan talabni shakllantiruvchi asosiy omillar

Yuqorida ta’kidlanganidek, naqd pulga bo‘lgan talabning o‘zgarishi asosan mavsumiy omillar bilan izohlanadi. Bunda mamlakatimizga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmlarining asosan yilning ikkinchi va uchinchi choraklarida boshqa choraklarga nisbatan ko‘proq bo‘lishi va natijada, aholi tomonidan tijorat banklariga xorijiy valyutani sotish hajmlarining oshishi mos ravishda naqd pulga bo‘lgan talabning ortishiga olib kelmoqda.

Banklar tomonidan aholidan sotib olingan xorijiy valyutalar va pul o‘tkazmalari miqdori (mln. dollarda)
Foto: Markaziy bank

Xususan, agar joriy yilning I choragida mamlakatimizga xalqaro pul o‘tkazmalari orqali 950 mln. dollar miqdoridagi valyuta mablag‘lari kirib kelgan bo‘lsa, II chorakda ushbu ko‘rsatkich 1,4 barobarga oshib 1 335 mln. dollarni tashkil etdi.

O‘z navbatida, tijorat banklari tomonidan I chorakda aholidan 420 mln. dollar miqdoridagi (3,4 trln. so‘m) xorijiy valyuta sotib olingan bo‘lsa, II chorakda ushbu ko‘rsatkich 2 barobarga oshib 868 mln. dollarni (6,9 trln. so‘m) tashkil etdi. Mazkur holat naqd pulga bo‘lgan 3,5 trln. so‘mlik qo‘shimcha talabni yuzaga keltirdi.

Shu bilan birga, aholi tomonidan chet el valyutasini milliy valyutaga ayirboshlashga bo‘lgan talabning oshishi milliy valyuta kursining joriy yil boshidan mustahkamlanib borishi bilan ham izohlanishi mumkin.

Banklar tomonidan aholidan sotib olingan xorijiy valyutalar miqdori (mlrd. so‘mda)
Foto: Markaziy bank

Shuningdek, aholining naqd pulga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish maqsadida bankomatlar va terminallar tarmog‘i kengaytirilishi hisobiga plastik kartalardan naqd pullar yechib olish hajmlari oshdi.

Xususan, 2018-yilning II choragida aholi tomonidan plastik kartadagi mablag‘lar hisobidan naqd pul yechib olish hajmi I chorakdagi ko‘rsatkichdan 1,4 barobarga ortib, 2,2 trln. so‘mni tashkil qildi.

Bu esa, aholi tomonidan savdo va pullik xizmatlar uchun to‘lovlarda naqd pullardan foydalanish darajasining oshishiga olib keldi.

Xususan, joriy yilning yanvar-iyun oylarida savdo va pullik xizmatlar uchun naqd pulda to‘langan to‘lovlar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,7 barobarga oshgan bo‘lsa, terminallar orqali to‘langan to‘lovlar miqdori o‘tgan yilning mos davriga nisbatan deyarli o‘zgarishsiz qolgan.

Umuman olganda, bank plastik kartalaridan naqd pulni yechib olish hajmlarining oshib borishi hamda savdo va xizmat ko‘rsatishdan tushgan tushumlar tarkibida naqd pullar ulushining ko‘payishi aholi uchun naqd pullarning qulay to‘lov vositasi bo‘lib qolayotganligidan dalolat beradi.

Shuningdek, jismoniy shaxslar plastik kartalaridagi mablag‘lari qoldig‘i 2018-yilning yanvar oyidagi 1,6 trln. so‘mdan 16 foizga oshib iyun oyida 1,8 trln. so‘mni tashkil etdi.

Bu o‘z navbatida, aholi tomonidan plastik kartochkalardagi mablag‘larni istalgan paytda bank xizmatlaridan foydalangan holda naqd shaklda hech qanday to‘siqlarsiz yechib olishga bo‘lgan ishonchining ortib borayotganligini va plastik karta xisobvaraqlarida bo‘sh pul mablag‘larini saqlashga qiziqishning ortayotganligi bilan izohlanishi mumkin.

Shu bilan birgalikda, pul-kredit sohasidagi amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlar ta’sirida bank kassalari orqali naqd pullar aylanmasi hajmining ortib borishi kuzatilmoqda.

Xususan, 2018-yilning yanvar-iyun oylarida naqd pullarning bank kassalari orqali o‘rtacha oylik aylanmasi hajmi 11,7 trln. so‘mni tashkil etib, 2017-yilning mos davriga nisbatan (4,7 trln. so‘m) 2,5 barobarga oshishi kuzatildi.

Bank kassalari orqali amalga oshirilgan naqd pul aylanmalari hajmi (mlrd. so‘mda)
Foto: Markaziy bank

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring