Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Fermer xo‘jaliklari rahbarlari to‘lovlarni onlayn tarzda amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi

Fermer xo‘jaliklari rahbarlari to‘lovlarni onlayn tarzda amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi

Foto: «agrobank.uz»

Bugun, 17-aprel kuni «Agrobank» ATB tomonidan «Qishloq xo‘jaligida paxta xomashyosi va boshoqli don hosili yetishtirishni moliyalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar» mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirda «Agrobank» Boshqaruvi raisi S. Xodjayev muhim ma’lumotlar taqdim etish bilan birga jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga ham javob berdi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining joriy yil 28-fevraldagi «Paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtirishni moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori va ushbu huquqiy hujjat asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Qishloq xo‘jaligida bozor mexanizmlarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Ushbu huquqiy hujjatlar  paxta xom ashyosi va boshoqli don ekinlarini yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari uchun keng imkoniyatlar va yengilliklar yaratib berdi. Ya’ni fermer xo‘jaliklarining 2018-yil 1-yanvar holatiga ta’minotchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar hamda budjet va budjetdan tashqari jamg‘armalar oldidagi qarzdorliklari 3 yil muddatga muzlatildi. Penya va jarimalar kechildi.

Tadbirda qayd etildiki, avvalo, fermer xo‘jaliklarida paxta xomashyosi va boshoqli don hosili yetishtirishni moliyalashtirish tizimi yanada soddalashtirildi. Ya’ni, avval kredit foiz stavkasi g‘alla yetishtirish bo‘yicha 5 foiz bo‘lgan bo‘lsa, endilikda 3 foizga tushirildi. Bunda paxta xom ashyosi yetishtirish bo‘yicha kredit muddati 14 oy va boshoqli don uchun esa 12 oy etib belgilandi.

Qarorlarda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, «Agrobank» ATB tomonidan ham paxta va g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash, ya’ni ularga imtiyozli kredit mablag‘larini maqsadli yo‘naltirish borasida chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ijrosi  ta’minlanmoqda.

Xususan, Moliya Vazirligi huzuridagi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan bank tomonidan fermer xo‘jaliklarida paxta xom ashyosi va boshoqli don hosili yetishtirishga, ya’ni urug‘likka, o‘simliklarni himoya qilish vositalari, mineral o‘g‘itlar hamda neft mahsulotlari sotib olish, mexanizatsiya xizmatlariga va boshqa agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish uchun imtiyozli kreditlar ajratilmoqda.

Agrobank tomonidan agrar sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirshga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2018-yilning shu kuniga qadar bank tomonidan chorvachilikka 6,8 milliard so‘m, parrandachilikka 1,7 milliard so‘m, baliqchilik va asalarichilikni rivojlantirishga 1,5 milliard so‘m, issiqxona tashkil etishga 8 milliard so‘m, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan loyihalarga 33 milliard so‘mdan ziyod, kartoshka urug‘ligi xaridi uchun 50 milliard so‘m, xorij tajribasi asosida yangi texnologiyalarni joriy qilgan holda achchiq qalampir yetishtirishni tashkil etish uchun 48 milliard so‘m, jami 150 milliard so‘m kredit mablag‘lari berildi. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarga va fermer xo‘jaliklarini moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qariyb 1 trillion 109 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi.

Foto: «agrobank.uz»

Shuningdek, aholi va mijozlarga qulay va sifatli xizmatlarni ko‘rsatishni kengaytirish maqsadida bankning respublika bo‘yicha qo‘shimcha 36 ta yangi mini-banki ochildi. Hozirgi kunda bank tizimida 200 dan ziyod ana shunday mini-banklar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu mini-banklarda kreditlarni rasmiylashtirish, xalqaro pul o‘tkazmalari, valyuta ayirboshlash, kommunal to‘lovlarni qabul qilish, plastik kartalar bilan amaliyotlar kabi o‘nlab bank xizmat turlari yo‘lga qo‘yilgan.

Eng muhim yangiliklardan yana biri – tez kunda paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari «Agrobank Mobile-business» ilovasi orqali onlayn tarzda masofadan turib zarur to‘lovlarni amalga oshirishlari uchun imkoniyat yaratiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring