Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda tadbirkorlik sub’yektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishga ikki yil muddatga moratoriy e’lon qilindi

O‘zbekistonda tadbirkorlik sub’yektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishga ikki yil muddatga moratoriy e’lon qilindi

Foto: «News.tj»

«Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» davlat dasturi tasdiqlangani haqida xabar bergan edik. Davlat dasturi kecha, 22- yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan tasdiqlandi. Farmon va uning sharhi «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot» dasturida o‘qib eshittirildi.

Davlat dasturiga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishga ikki yil muddatga moratoriy e’lon qilindi. Unga muvofiq 2018-yil 1-apreldan boshlab:

— nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi davlat soliq xizmati organlarining bo‘shayotgan 228 ta shtat birliklarini prokuratura organlariga o‘tkazgan holda tugatiladi;

— adliya organlarining kichik biznes, xususiy tadbirkorlik sub’yektlari, chet el investorlari va chel el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha bir-birini takrorlovchi funksiya va vakolatlari chiqarib tashlanadi;

— jinoyat ishlari doirasida o‘tkaziladigan moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish (taftish) bir oydan oshmasligi lozim, alohida hollarda tekshirish bir oydan ortiq bo‘lmagan muddatga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan uzaytirilishi mumkin;

— tadbirkorlik faoliyatini yuritishdagi huquqbuzarliklar bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha jinoyat ishlarini qo‘zg‘atish faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning roziligi bilan amalga oshiriladi;

— tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida huquqbuzarliklar haqidagi ma’lumotlar, o‘tkazilgan tekshirishlar va monitoring (asos, tekshirish yoki monitoring o‘tkazish vaqti, ularni o‘tkazgan xodimlar va boshqalar) va aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar to‘g‘risidagi axborotlar majburiy tartibda prokuratura organlarining maxsus elektron axborot tizimiga kiritiladi.

Davlat dasturi 231 banddan iborat bo‘lib, unga ko‘ra 37 ta qonun qabul qilinishi belgilangan. Undan mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga doir yana boshqa muhim masalalar o‘rin olgan. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring