Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mavzuga qaytib: metan gaz narxi arzonlashadi(mi?)

Mavzuga qaytib: metan gaz narxi arzonlashadi(mi?)

Foto: «Uza.uz»

Bugun transport vositalari shu qadar ko‘payib ketdiki, go‘yo ko‘chalarimiz tor bo‘lib qolgandek. Shunga yarasha avtomobil haydovchilarining yoqilg‘iga bo‘lgan ehtiyoji ham ortib bormoqda. Shu kunlarda avtomobil egalari bilan suhbatlashib qolgudek bo‘lsangiz, ularning dardi tugamaydi. Radar mashmashasi bir yoqda, siqilgan gaz narxi boshqa tarafda ularni o‘ylantirmoqda.

Aslida siqilgan metan gaz narxining bir necha oydan buyon tushmayotgani, birdan oshib ketishi ko‘pchilikda turli savollar keltirib chiqarmoqda. Keling, hisob-kitob qilib ko‘ramiz.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «O‘ztransgaz» realizatsiya qiladigan tabiiy gazning ulgurji-sotish narxi — 1 kubometr uchun 289,74 so‘m, unga qo‘shiladigan maxsus investitsiya ustama haqi — 1 kubometr uchun 500 so‘m. Shunday qilib, tabiiy gaz tarifi 1 kubometr uchun 789,74 so‘mni tashkil qiladi. Biroq, o‘tgan yilning noyabr oyidan avtomobil gaz to‘ldirish kompressor stansiyalariga tabiiy gaz tarifi 1 kubometr uchun 800 so‘m (QQS bilan) miqdorida o‘rnatildi. Bundan tashqari, tadbirkor har bir kubometr hisobidan iste’mol solig‘i (2018 yil 1 noyabr holatiga ko‘ra 305 so‘m), umumiy realizatsiyadan 5 foiz miqdorida to‘lovni amalga oshiradi. Shunday qilib, stansiyalarda tabiiy gaz tarifi o‘sishi 1 kubometr uchun 10,26 so‘mni tashkil qildi. Shu bilan birga, o‘rnatilgan benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq stavkasi o‘zgarmadi va avvalgi darajada saqlanib qolindi.

Ochig‘ini aytganda yoqilg‘i siyosatidagi narx o‘zgarishi o‘z-o‘zidan yuz bergani yo‘q. Unga asos qilib, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 noyabrdagi «Yoqilg‘i-energetika resurslarining narx va tariflarini bosqichma-bosqich o‘zgartirish to‘g‘risida»gi qarori ko‘rsatilmoqda.

Lekin, ko‘rib turibmiz, shoxobchalarning xarid narxlari juda oshib ketgani yo‘q. Agar yuqoridagi so‘mlarga xodimlar maoshi, elektroenergiya, amortizatsiya xarajatlarini qo‘shib hisoblagan taqdirda ham sotuvdagi bir kubometr gazning tannarxi taxminan 1 400 so‘mga tushmoqda. Agarda avtomobillarga gaz quyish kompressor stansiyalari bir oyda 1 million kubometrga yaqin tabiiy gaz sotsa, tadbirkor bir kubometr gazdan o‘rtacha qancha foyda ko‘rishini biz hisoblamaganimiz ma’qul, nazarimda. Ular ulgurji narx ustiga o‘zlarining sarf-xarajatlarini hisoblab, erkin narx qo‘yishi mumkin. Bunga ruxsat berilgan.

Nahot, davlat bergan qator imkoniyatlardan foydalanayotgan tadbirkorlar vijdonni unutgan bo‘lsa? Vaziyat o‘zgaradimi? Buni o‘rganishga harakat qilamiz.

— Har bir tashkilot har oyda oldindan qancha gaz yoki elektr energiyasi sarflashini hisob-kitob qilib buyurtma beradi, shunga ko‘ra ularga limit ajratiladi, — deydi Moliya vazirligi mutaxassisi Salohiddin Mamadaliyev. — Tadbirkor ana shu resursga oldindan to‘lov qiladi. Agarda bu miqdor yetmasa qo‘shimcha olingan mahsulot uchun ikki barobar narx to‘lanadi. Ya’ni, 800 so‘mni ikkiga ko‘paytirsak, 1 600 so‘m bo‘ladi. Bunda maxsus investitsion ustama bekor qilinib, tabiiy gazni sotish narxiga kiritildi.

Shu o‘rinda chalkashlikni topganday bo‘ldik. Vaholanki, ulgurji narx o‘rtasidagi farq bor-yo‘g‘i 11 so‘m bo‘lsa-da limitdan tashqari sotuv uchun gazga 1 600 so‘m to‘lov belgilangan ekan. Shunda limiti tugagan shoxobchada sotuvdagi bir kubometr gazning tannarxi qariyb 2 200 so‘mga tushmoqda.

Xo‘p, bu ham to‘g‘ri bo‘lsin. Lekin tadbirkor bir oyning 28 kunida suyultirilgan gazni arzon narxda olib, qolgan ikki yoki uch kun uchun limitdan ortiq narxda xarid qilsa, ikki kunlik zararni qoplash uchun narxni 2 200 so‘mga chiqarib qo‘yishi insofdanmi?

— Tadbirkor hisobotida ishlatadigan resursni o‘rtacha narxini keltirib chiqarish kerak, — deydi Moliya vazirligi mutaxassisi Salohiddin Mamadaliyev. — Biz olib borgan o‘rganishlar natijasida qo‘shimcha limit asosiy mahsulotning o‘rtacha 10 foizini tashkil etdi. Bu juda katta ko‘rsatkich emas. Lekin ba’zi shoxobchalarda farq 30 foiz bo‘lishi ham mumkin. Boshqasida ko‘zda tutilgan mahsulot ortib ham qolishi mumkin. Shuning uchun shoxobchalarda narxlar har xil.

Moliya vazirligi yoki boshqa bir tashkilot o‘zboshimchalik bilan narxni oshirgan tadbirkorga chora ko‘ra oladimi? Ayni vaqtda hammani qiziqtirayotgan bu savolga mutaxassis shunday javob berdi. «Yo‘q. Hozirda amaldagi qonun nuqtai nazaridan buni imkoni yo‘q. Biz faqat shikoyatlar ko‘p bo‘lsa, masalani ko‘rib chiqishimiz va narxni tartibga solish borasida taklif berishimiz mumkin. Lekin narxni belgilab berishga haqqimiz yo‘q».

Erkin faoliyat yuritayotgan tadbirkorda mahsulot yoki xizmati uchun o‘zi istagan bahoni qo‘yish huquqi mavjud bo‘lsa, aholining metan gaz narx-navosidan noroziligi qanday bartaraf etiladi?

Albatta, biz oltin o‘rtalikni topishga harakat qilamiz, — deydi S.Mamadaliyev. — Limitdan ortig‘i uchun 2 koeffitsiyentda emas, balki, 1,5 koeffitsiyent bilan to‘lov qilishga harakat boshladik. Shunda limitdan ortiqcha kubometrlar uchun 1 600 so‘m emas, 1 120 so‘m hisoblanadi. Agar limit doirasida bir kubometr tabiiy gaz 1 079 so‘m bo‘lsa, endi undagi farq 40 so‘m bo‘ladi. Ana shunda narx pastlashi mumkin. Agarda ushbu sa’y-harakatlardan keyin ham o‘zboshimchalik bilan oshirilgan narxlar tushmasa, tegishli choralar ko‘rilishi mumkin.

Sayyora Shoyeva, O‘zA

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring