Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev yangi qonunga imzo chekdi

Shavkat Mirziyoyev yangi qonunga imzo chekdi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

«Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi Qonun (O‘RQ–781, 29.06.2022-y.) Prezident tomonidan imzolandi. 

Qonunga ko‘ra, Yer uchastkalarini quyidagi maqsadlarda kompensatsiya evaziga olib qo‘yish jamoat ehtiyojlari deb e’tirof etiladi:

- mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni, erkin savdo zonalarini tashkil etish va ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun yerlar berish;
- xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
- foydali qazilmalar konlarini qidirish va qazib olish (bundan keng tarqalgan foydali qazilmalar konlari mustasno);
- respublika hamda mahalliy ahamiyatga molik avtomobil va temir yo‘llarni, aeroportlarni, aerodromlarni, aeronavigatsiya ob’yektlarini hamda aviatexnika markazlarini, temir yo‘l transporti ob’yektlarini, ko‘priklar, metropolitenlar, tunnellarni, energetika va aloqa tizimining muhandislik ob’yektlari hamda tarmoqlarini, kosmik faoliyat ob’yektlarini, magistral quvurlarni, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
- tasdiqlangan aholi punktlari bosh rejalarining ob’yektlarni Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qurishga oid qismini bajarish;
- davlat investitsiya dasturlarida ko‘rsatilgan davlat ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasalarining binolari hamda inshootlarini markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan qurish nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirish.

Yer uchastkalarining har qanday boshqa maqsadlarda olib qo‘yilishini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish sifatida talqin etish taqiqlanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, mahalliy Kengashning yer uchastkasini olib qo‘yish bo‘yicha tashabbusni dastlabki tarzda ko‘rib chiqishga doir majlislari OAV va jamoatchilik vakillari ishtirokida ochiq o‘tkaziladi.

Mahalliy Kengashning yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingandan keyin hokimliklar huquq egalari bilan kompensatsiyaning shartlari, turlari va miqdori bo‘yicha kelishuvga erishishga doir ishlarni amalga oshiradi.

Huquq egasi bilan kelishuvga erishilmagan taqdirda, huquq egasini kelishuvni imzolashga majbur qilish maqsadida ko‘chmas mulkni erkin tasarruf etishiga monelik qiladigan xatti-harakatlarni sodir etishga, huquq egasining munosib hayot kechirishi uchun monelik qiladigan shart-sharoitlarni yaratishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring