Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident yirik majmuadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi (foto)

Prezident yirik majmuadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 mart kuni Toshkent shahridagi Quyuv-mexanika zavodiga tashrif buyurdi.

Qirq gektardan ziyod gektar maydonli bu zavod bir paytlar to‘liq ishlamay, past rentabelli bo‘lib qolgan edi. Shu bois «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufiga o‘tkazilib, 2013 yilda modernizatsiya qilindi. So‘nggi yillarda mahalliylashtirish jadal kengayib, uning iqtisodiy samaradorligi yanada oshdi. 

Bugun majmua yiliga 1 ming 200 ta yuk vagoni ishlab chiqarish va 1 ming 500 tasini ta’mirlash quvvatiga ega barqaror korxona.

Vagonlar tarkibi ham talabgir. Jumladan, yarim ochiq, usti yopiq, uzun bazali hamda don, sement, meneral o‘g‘it tashishga mo‘ljallangan 6 turdagi yuk vagonlari ishlab chiqarilmoqda. 

Metall quyish og‘ir sanoatning eng muhim tarmog‘i, ta’bir joiz bo‘lsa, «yuragi» hisoblanadi. Bu yerda 120 million dollar hisobiga quyuv sexi barpo etilgan. U yiliga 26 ming tonna mahsulotlar tayyorlashga mo‘ljallangan. Bu yerda temir yo‘llar ekspluatatsiyasi va harakat tarkibida ishlatiladigan barcha turdagi ehtiyot qismlar quyiladi.

Davlatimiz rahbari ushbu mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi.

— Bugungi kundagi eng katta maqsadimiz —ko‘proq ish o‘rinlari yaratish. Masalan, bu yil mamlakatimizda 100 mingta uy qurmoqchimiz. Ular qachon odamlarga ma’qul bo‘ladi? Yonida ish o‘rni bilan bo‘lsa. Shuning uchun, xuddi tomorqalarda bo‘layotganidek, ko‘p qavatli uylar bo‘yicha ham mahallalarda iqtisodiy loyihalar qilinadi. Qaysi xonadonda ishsiz bo‘lsa, bandligiga ko‘maklashiladi. Bunda mana shunday zavodlar muhim, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois majmuada shaharsozlik, kommunal va boshqa tarmoqlar uchun ham mahsulotlar ishlab chiqarish, bu imkoniyatlar bilan tadbirkorlarni tanishtirib, buyurtmalarni ko‘paytirish kerakligi ta’kidlandi. Bu, o‘z navbatida, turdosh tarmoqlarda ham ish o‘rinlari ochilishiga turtki beradi.

Zavodda yuk vagonlari qurish, mexanika yig‘uv, g‘ildirak yig‘uv, quyuv, ta’mirlash, temirchilik va presslash, tayyorlov va komplektlash kabi 26 ta sex bor. Prezidentimiz majmua bo‘ylab yurib, ulardagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Korxonada 2018-2023 yillarda mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha 100 ga yaqin turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan. 2023 yilda jami 267 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan, 10 million dollarlik 170 ta vagon va ehtiyot qismlar eksport qilingan. Joriy yilda eksport hajmini 15 million dollarga yetkazish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.

Korxonada xalqaro standartlarga muvofiq ISO 9001 sifat menejmenti va ISO 50001 energetika menejmenti tizimi joriy etilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring