Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rasul Kusherbayev: «Ukrainaning cheklovlariga qarshi hukumatimiz ham chora ko‘rishga tayyor turishi kerak»

Rasul Kusherbayev: «Ukrainaning cheklovlariga qarshi hukumatimiz ham chora ko‘rishga tayyor turishi kerak»

Foto: «oriftolib.uz»

Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘zining feysbukdagi sahifasida O‘zbekiston avtomobillarining Ukraina bozoridagi erkin savdosini cheklash bo‘yicha uyushtirilayotgan tekshiruv va boshqa choralariga nisbatan munosabatini bildirdi:

Mamlakat rivojlanishining asosiy omili iqtisodiy barqarorlik bilan bog‘liq bo‘lsa, iqtisodiyotning o‘sishida horij davlatlari bilan o‘zaro savdo va tovar ayirboshlash darajasining o‘sishi muhim o‘rin tutadi. Bunday aloqalar o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmaydi albatta. Iqtisodiy-ijtimoiy aloqalarning qanday sohada bo‘lishidan qat’i nazar uning negizida do‘stlik va o‘zaro hurmat rishtalari yotadi. Agar xalqlar va davlatlar o‘rtasida o‘zaro tenglikka asoslangan do‘stona aloqalar bo‘lmas ekan, birorta ham sohada hamkorlik bo‘lmaydi.

Biz Ukrainalik hamkasblarimiz va mas’ullarning O‘zbekiston avtomobillarining Ukraina bozoridagi erkin savdosini cheklash bo‘yicha uyushtirilayotgan (agar shunday atash mumkin bo‘lsa) tekshiruv va boshqa choralarni sun’iylikka asoslanmagan bo‘lishiga umid qilamiz. Nima bo‘lganda ham bunday harakatlar xalqlar o‘rtasidagi uzoq yillik do‘stlikka, o‘zaro ishonch va hurmatga, davlatlar o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning mustahkamligiga putur yetkazmasligi kerak.

Ukraina iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligi Ukraina xalqaro savdo bo‘yicha idoralararo komissiyasi tomonidan tekshiruvlarning shaffof va haqqoniy bo‘lishini ta’minlashlari kerak. Gap O‘zbekiston avtomobilsozlari faoliyati haqida ketar ekan, turli axborot bosimi va chag‘ituvchi ma’lumotlardan holi bo‘lgan vaziyatda tekshirishlar O‘zbekistonda olib borilishi kerak. Biroq bu kabi choralarni boshlashga nima va qanday sabablar asos bo‘layotganligi, odamni hayron qoldirmoqda.

Bizga ma’lum bo‘lishicha, ukrainalik avtomobil ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi o‘zbek avtomobillari Ukraina avtomobil sanoatiga zarar yetkazayotgani bo‘yicha shikoyati asosida tekshiruvni o‘tkazishga qaror qilgan. Maqsad O‘zbekiston tovarlari importiga cheklov qo‘yish bo‘lsa, nima uchun Ukraina tovarlariga nisbatan O‘zbekistonda ham buning aksini qilish mumkin emas? Nima uchun buni o‘ylab ko‘rish kerak emas?

O‘zbekistonga oxirgi uch yilda Ukrainadan 642 million dollarlik mahsulotlar import qilingan bo‘lsa, bizdan ularga 169 million dollarlik mahsulot eksport qilingan xolos. Bundan tashqari Ukraina tovarlaridan 142 milliard so‘mlik bojxona to‘lovlari undirilib, 510 milliard so‘mlik imtiyoz qo‘llangan. Ayni vaqtda O‘zbekistonda ham Ukraina mahsulotlari importi o‘rnini bosuvchi, shu jumladan, konditer, yog‘-moy, dori vositalari, shakar kabi mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar yetarli darajada. Biroq shunday bo‘lsa-da, import sifatida bizning bozorimizga kirib kelayotgan bunday mahsulotlarni cheklash bo‘yicha qandaydir maxsus tekshiruvlar uyushtirilayotgani yo‘q-ku. Bunday qarama-qarshi cheklovlar ortidan kimga qanday zarar bo‘lishi mumkinligini bilish uchun iqtisodchi bo‘lish shart emas.

Milliy bozorni himoya qilish biz uchun ham muhim masala. Biroq biz, birinchi navbatda, iqtisodiy foydadan ko‘ra, o‘zaro do‘stlik va hurmatga putur yetmasligini istaymiz. Shu bois, ukrainalik do‘stlarimiz, hamkasb deputatlar uzoq yillardan buyon mavjud iliq munosabatlar, xalqlarimiz do‘stligigiga putur yetkazmaydigan qadamlar qo‘yish haqida sog‘lom fikrli qaror qabul qilishlariga umid qilamiz. Va do‘stlarimizning bizga qilayotgan munosabat va choralariga qarshi chora ko‘rishga doim tayyorligimizni, kerak bo‘lsa, hukumatimiz bu bo‘yicha zarur choralarni ko‘rib qo‘yishlari kerakligini bildirmoqchimiz, — deya qayd etgan Rasul Kusherbayev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring