Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sud orqali undiriladigan soliqlar bo‘yicha eng kam qarz 25 foizga oshirildi

Sud orqali undiriladigan soliqlar bo‘yicha eng kam qarz 25 foizga oshirildi

Prezidentning 2018-yil 26-dekabrdagi qarori bilan undiruvni soliq to‘lovchilarning mol-mulkiga qaratish uchun soliq bo‘yicha qarzlarning eng kam miqdorlari tasdiqlandi. Bu haqda «Norma» xabar bermoqda.

Yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor soliqlar va (yoki) boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lamagan taqdirda soliq organi 3 kun ichida qarzni so‘ndirish haqida talabnoma yuboradi. Ayni shu 3 kun ichida soliq to‘lovchining hisob-kitob schyotlariga inkasso qo‘yiladi.

Agar talabnoma olingan paytdan boshlab 10 kun ichida qarz uzilmagan, bank esa schyotlarda pul yo‘qligi sababli inkasso topshiriqnomasini bajarmagan bo‘lsa, soliq qarzi o‘zaro hisob-kitoblarni solishtirish dalolatnomasi asosida soliq to‘lovchining debitorlaridan (qarzdorlaridan) undirilishi lozim. Bu ham natija bermasa, soliqchilar yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorning boshqa mol-mulki hisobidan qarzni so‘ndirish maqsadida sudga murojaat qiladilar.

Fuqarolar bilan undiruv taomili osonroq kechadi – darhol sudga murojaat qilinadi.

Biroq cheklov mavjud: agar qarz muayyan miqdorga yetmagan bo‘lsa, soliq organlari sudga da’vo arizasi bera olmaydilar. 2018-yilda u yuridik shaxslar va ularning alohida bo‘linmalari uchun 20 EKIHni, fuqarolar uchun esa 5 EKIHni tashkil etgan. Aniq pul summasiga qayta hisob-kitob qilish chog‘ida yil boshidagi EKIH – 172 240 so‘m qabul qilingan. 2019-yilda Prezident qarori bilan EKIH indeksatsiyalanishi hisobiga qayta hisob-kitob qilinadigan summalar belgilandi, bu qoida amalda qo‘llanilishini osonlashtirdi.

 O‘sish dinamikasi – jadvalda:

Soliq to‘lovchining toifasi

2018-yilda eng kam qarz

2019-yilda eng kam qarz

Soliq kodeksiga muvofiq soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash majburiyati yuklatilgan yuridik shaxslar va ularning alohida bo‘linmalari

3 444 800 so‘m

4 054 600 so‘m (+25%)

Jismoniy shaxslar

861 200 so‘m

1 013 700 so‘m (+25%)

Bu – muhim! Soliq organlariga bir oyda 2 EKIH doirasidagi soliq qarzini fuqarolarning plastik kartalaridan so‘zsiz (sudsiz) undirib olish huquqini beradigan Nizom hali qabul qilinmadi. Markaziy bank loyiha yuzasidan o‘z e’tirozlarini bildirdi.   

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2018-yil 28-dekabrdan kuchga kirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring