Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tadbirkor ayollar endi Jahon bankining imtiyozli kreditlaridan foydalanishlari mumkin

Tadbirkor ayollar endi Jahon bankining imtiyozli kreditlaridan foydalanishlari mumkin

Foto: O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi

“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Jahon banki O‘zbekiston vakolatxonasi bilan “Qishloq hududlarida fermer ayollar va dehqon xo‘jaliklari rahbarlarini tadbirkorlikka, hududlarda bog‘dorchilikni rivojlantirishga o‘qitish va ularni maslahat xizmatlari orqali qo‘llab-quvvatlash” nomli ikki yillik loyihani amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik shartnomasini imzoladi. Bu haqda assotsiatsiya axborot xizmati xabar berdi.

Ushbu loyiha doirasida qishloq xo‘jaligida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirayotgan xotin – qizlar uchun biznes treninglar o‘tkaziladi, sohalari bo‘yicha malakali mutaxassislar tomonidan kerakli maslahatlar beriladi. Jahon bankining imtiyozli kreditlarini olish uchun biznes reja tuzish, bank bilan ishlash ko‘nikmalarini o‘rgatish, kreditlardan samarali foydalanishga ko‘maklashuvchi monitoring markazi tuziladi. Qishloq xo‘jaligida tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan xotin-qizlar bog‘dorchilik va sabzavotchilikni rivojlantirishda innovatsion usullardan foydalanishni o‘rganishadi. Muhimi, tadbirkor ayollarimiz qishloq xo‘jaligida zamonaviy resurs tejovchi ilg‘or agrotexnologiyalarni, muqobil energiya vositalarini, shuningdek innovatsiya va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishda Jahon bankining imtiyozli kreditlaridan foydalanish imkoniga ega bo‘ladilar.

Yana bir loyiha Islom Taraqqiyot Banki bilan amalga oshiriladi. Loyiha tadbirkor ayollarning kichik innovatsion biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi tomonidan innovatsion loyihalar tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblar kichik grantlar bilan taqdirlanadilar. Tanlovda ishtirok etadigan loyihalar kamida 10 ta yangi ishchi o‘rinlarini yarata oladigan bo‘lishi darkor. Islom taraqqiyot banki O‘zbekistonga 2017-2019 yillarga mo‘ljallangan strategik hamkorlik shartnomasi doirasida 1 milliard 400 million dollar miqdorida mablag‘ ajratadi. Bank mablag‘lari ijtimoiy taraqqiyotga qaratilgan loyihalarga sarflanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring