Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda kraxmal-patoka zavodi ishga tushirildi

Toshkentda kraxmal-patoka zavodi ishga tushirildi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-aprelda Toshkent shahri, Chilonzor tumaniga tashrifi doirasida Toshkent kraxmal-patoka zavodi loyihasi bilan tanishgan edi. Kecha, 20-oktabr kuni ushbu zavod ishga tushirildi.

Mazkur korxona O‘zbekistonda kraxmal kukuni, patoka, maltoza va maltodekstirin ishlab chiqaruvchi yagona zavod bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonida mahalliy makkajo‘xori boshoqli don ekinidan foydalaniladi.

Loyihaning umumiy qiymati 4,6 mln. AQSh dollarini, shundan Xalqaro taraqqiyot va tiklanish banki kredit liniyasi hisobidan ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘lari, Xitoydan sotib olingan uskunalar qiymatida 2,0 mln. AQSh dollarini va zavodning o‘z mablag‘lari evaziga ulushi, ya’ni amalga oshirilgan qurilish ishlar shaklida 2,6 mln. AQSh dollarini tashkil etadi.

Zavod Chilonzor tumanidagi sanoat zona hududida faoliyat ko‘rsatadi. Bugungi kunda korxonada kraxmal kukuni, kraxmal kukunidan patoka, maltoza va maltodekstirin (qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo) ishlab chiqarish liniyasi to‘liq o‘rnatilgan.

Toshkent kraxmal-patoka zavodining quvvati kuniga 80 tonna xomashyodan kraxmal kukuni, patoka, maltoza va maltodekstirin ishlab chiqarilishiga mo‘ljallangan. Loyiha o‘rtacha yillik 19 200,0 tonna yoki 9,6 mln. AQSh dollari miqdorida kraxmal kukuni, patoka, maltoza va maltodekstirin ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Zavod faoliyati natijasida asosiy mahsulotlardan tashqari qoramolchilik va chorvachilik uchun yem (makkajo‘xori qobig‘i) hamda tovuqchilik va baliqchilik uchun omuxta yem (gluten) va bioqo‘shimcha mahsulotlari, yog‘-moy kombinatlari uchun ikkilamchi xomashyo turi (jerm) ishlab chiqariladi.

Loyihani ishga tushirish jarayonida xorijiy mutaxassislar ham ishga jalb qilingan bo‘lib, ular ishlab chiqarish jarayonida ham doimiy ravishda faoliyat ko‘rsatib boradilar. Hozirgi kunda 100 ta ishchi ishlayotgan bo‘lib, loyiha to‘liq quvvat bilan ishga tushirilishi natijasida ish o‘rinlari 150 taga yetkaziladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring