Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tahriri. Endi 100 million so‘mgacha mablag‘ni xorijga olib chiqish mumkin

«Valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tahriri. Endi 100 million so‘mgacha mablag‘ni xorijga olib chiqish mumkin

Foto: «Xabar.uz»

Joriy yilning 22 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining «Valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tahriri Davlatimiz rahbari tomonidan imzolandi.

Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 sentyabrdagi «Valyuta siyosatini erkinlashtirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Avvalgi tahrirdan farqli o‘laroq, yangi tahrirdagi Qonun bir qator me’yorlar va mexanizmlar bilan to‘ldirilgan bo‘lib, unda valyutani tartibga solish va valyutani nazorat qilishning asosiy tamoyillari belgilandi. Xususan:

valyutani tartibga solish hamda valyutani nazorat qilish tizimining yagonaligi;
valyutani tartibga solish va valyutani nazorat qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda iqtisodiy choralarning ustuvorligi;
rezidentlar va norezidentlarning valyuta operatsiyalariga davlat organlarining qonunga xilof ravishda aralashuviga yo‘l qo‘yilmasligi asosiy tamoyillar sifatida belgilab qo‘yildi.

Bundan tashqari, milliy valyutaning mavqeini kuchaytirish maqsadida, davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlar milliy valyutada undirilishi, tovar va xizmatlar uchun narxlar hamda jamiyatlarning ustav kapitaliga qo‘yiladigan minimal talablar faqat milliy valyutada o‘rnatilishi qonun darajasida belgilandi.

Shu bilan birga:
valyuta operatsiyalarini amalga oshirishda rezidentlar va norezidentlar tomonidan chet el valyutasidagi mablag‘larning erkin tasarruf etilishi;
valyuta operatsiyalarini amalga oshirish bilan bog‘liq bir qator ruxsat berish tartibotlarining bekor qilinishi;
tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarni O‘zbekiston Respublikasiga repatriatsiya qilish bo‘yicha talablar;
rezident jismoniy shaxslar tomonidan xorijda cheklovlarsiz hisobvaraqlar ochishga ruxsat berilishi;
jismoniy shaxslar o‘rtasida nosavdo valyuta operatsiyalari bo‘yicha 100 mln. so‘m ekvivalentigacha bo‘lgan miqdordagi pul o‘tkazmalari amalga oshirilishi mumkinligi;
jismoniy shaxslar tomonidan 100 mln. so‘m ekvivalentidan oshmagan miqdordagi naqd pul mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasidan erkin olib chiqilishi nazarda tutilmoqda.

Qonunning yangi tahririda valyuta operatsiyalarining amaliyotdagi mavjud turlari qamrab olindi hamda qonunchilikdagi havola qiluvchi normalar maksimal darajada qisqaritirildi va mazkur Qonun to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi hujjat bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasining «Valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi Qonunining yangi tahriri qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida bugun soat 15:00 da ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing tashkil etilmoqda. Mazkur brifing davomida Qonunning yangi tahriri yuzasidan batafsil ma’lumotlar keng jamoatchilikka yetkaziladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring