Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xalq banki 29 655 tadbirkorga 1 426,4 mlrd. so‘mlik kreditlar ajratdi

Xalq banki 29 655 tadbirkorga 1 426,4 mlrd. so‘mlik kreditlar ajratdi

Aksiyadorlik tijorat Xalq banki tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosiga bag‘ishlangan navbatdagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Ushbu tadbir davomida keyingi yillarda yurtimizda bank sohasida olib borilayotgan islohotlar, xususan, Xalq banki tizimidagi o‘zgarishlar hamda yangiliklar haqida ma’lumotlar berildi.  

Xususan, bugungi kunda yurtimizning barcha tuman va shaharlarida bankning 197 ta filiali, 29 ta minibanki, 727 ta jamg‘arma va maxsus kassasi, 186 ta xalqaro pul o‘tkazmalari shoxobchasi, 180 dan ortiq valyuta ayriboshlash shoxobchalari, umuman olganda bankning 3200 dan ortiq muassalari mijozlar uchun xizmat ko‘rsatib kelmoqda.  

AT Xalq banki tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlarini moliyaviy qo‘llab quvvatlashga doimiy e’tibor qaratib kelinmoqda. 

Jumladan, 2018 yil 9 oy davomida 29 655 ta kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillariga 1 426,4 mlrd. so‘mlik kreditlar ajratilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,1 foizga o‘sishi ta’minlandi. 

Shuningdek, 24 426 ta tadbirkorga ajratilgan mikrokreditlar hajmi  624,2 mlrd. so‘mni tashkil qilib, 2017 yilning mos davriga nisbatan 1,4 foizga o‘sishi ta’minlandi.

Kichik biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida:

- 10 075 ta ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga 215,4 mlrd. so‘m;

- oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarishni kengaytirish uchun 2 510 ta tadbirkorga 235,1  mlrd. so‘m; 

- nooziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarishni kengaytirish uchun 1 321 ta tadbirkorga 187,9  mlrd. so‘m; 

- xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish uchun 4 258 ta tadbirkorga 479,5 mlrd. so‘m;

- kasb-hunar kollejlarini 1 040 nafar bitiruvchilariga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 18,9 mlrd. so‘mlik kreditlar ajratildi. 

- oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga 4 281 ta loyihaga  78,7 mlrd. so‘mlik kreditlar ajratildi. 

Ma’lumki, respublikamizda chorvachilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha Xalq banki mas’ul qilib biriktirilgan. 

Shundan kelib chiqib, bank tomonidan 2018-2019 yillar davomida respublikamiz hududida chorvachilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqilgan.

Dasturga asosan 876 ta loyihaga jami 1 837,8 mlrd. so‘mlik mablag‘lar yo‘naltiriladi. Natijada, mazkur mablag‘lar evaziga 71 434 bosh naslli qoramol, 17 815 bosh naslli echki, 42 230 bosh qorako‘l va hisori qo‘y hamda 1 200 bosh tuya olib kelinadi. 

Amalga oshiriladigan ishlar natijasida 6 040 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. 

Ma’lumki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston bank-moliya tizimida juda katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Misol uchun o‘tgan yili yurtimizda valyutaning erkin konvertatsiyasi yo‘lga qo‘yildi, plastik kartochkalardan naqd pul olish imkoniyatini beruvchi bankomatlar o‘rnatila boshlandi. Hozirgi vaqtda yurtimizdagi barcha tijorat banklari tomonidan o‘rnatilgan bankomatlar ishlab turibdi. 

Jumladan, Xalq banki tomonidan joylarga o‘rnatilgan 25 ta bankomatdan aholi kuniga o‘rtacha 1,2 mlrd. so‘mni naqd pul yechib olmoqda. Bugungi kunda Xalq banki tomonidan qo‘shimcha ravishda 200 dona bankomat sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzilgan bo‘lib, bankomatlar shu yilning dekabr va keyingi yilning yanvar oylarida olib kelinadi va o‘rnatiladi.

Xalq banki tomonidan mijozlarga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida zamonaviy innovatsion loyihalarni hayotga tadbiq etish borasida bir qator amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilgan.  

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi doirasida Xalq banki tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga bankdan to‘lov terminallari olish uchun elektron ariza berish amaliyoti, “Xalq mobayl” mobil ilovasi orqali onlayn konversiya va onlayn depozit xizmatlari yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, mobil ilova yordamida QR-kod orqali tovar va xizmatlar uchun joyida to‘lov qilish hamda kredit olish uchun onlayn ariza topshirish kabi zamonaviy bank xizmatlarini joriy etish ishlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring