Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalq banki xotin-qizlarga imtiyozli kreditlar bermoqda

Xalq banki xotin-qizlarga imtiyozli kreditlar bermoqda

Foto: «Xabar.uz»

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning hozirgi bosqichi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, unga keng iqtisodiy erkinlik berish bilan tavsiflanadi. Binobarin, bugun yurtimizda biznes yuritish bilan bog‘liq barcha jarayonlarni liberallashtirish, soddalashtirish, kichik tadbikorlik sub’yektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor qar qachongidan kuchli. Buning natijasida joylarda ko‘plab yangi ishlab chiqarish sub’yektlari tashkil etilib,  odamlar bandligi ta’minlanyapti, ularning turmush darajasi tobora farovonlashmoqda.

Zamonaviy ishbilarmonlar qatorida xotin-qizlar faolligi kuzatilayotgani esa yanada diqqatga sazovor. Bunda, tabiiyki, moliya muassasalari, xususan, aksiyadorlik tijorat Xalq banki jamoasi ham o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Gap shundaki, bank tomonidan davlatimiz rahbarining 2018 yil 2 fevraldagi «Xotin-qizlarni qo‘llab-qo‘vvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosi doirasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Bank tomonidan mazkur hujjat asosida  bugungi kunga qadar 1 ming 451 loyiha ijrosiga 32,2 milliard  so‘mlik kreditlar ajratilgani fikrimiz tasdig‘idir. Shu bilan birga, bank tomonidan yana 89 loyihaga 4,5 milliard so‘m miqdorida mablag‘ berilishi ma’qullangan.

Yaqinda esa Xalq banki bilan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi o‘rtasida xotin-qizlarga oilaviy hamda xususiy tadbirkorlikni tashkil etishda imtiyozli kreditlar ajratishni yo‘lga qo‘yish, ayollar tadbirkorligini har tomonlama rivojlantirishda moddiy va tashkiliy ko‘mak berishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida 100 milliard so‘mlik bitim imzolandiki, bu ham ishlarni yanada kengaytirishga turtki bo‘ladi. Chunki ushbu bitimga binoan, Xalq banki ularning oilaviy va xususiy tadbirkorligini rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar ajratish barobarida, tashkiliy ko‘mak beradi. Aniqrog‘i, shartnomaga ko‘ra, Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan 100 milliard so‘m miqdorida ochilgan kredit liniyasi Xalq banki tomonidan taqdim etilgan resurslar doirasida imtiyozli shartlar asosida ajratiladi.

Xo‘sh, bu imtiyozlar nimalardan iborat?

Avvalo, shuni qayd etish kerakki, kreditning yillik foiz stavkasi 8 foizni tashkil qiladi. Shuningdek, u 6 oygacha imtiyozli davr bilan 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga taqdim qilinadi.

Imtiyozli kreditlar faqat xotin-qizlarga va ular tashkil qilgan yuridik shaxslarga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish yoki rivojlantirishga yo‘naltiriladi.  Bunda resursning 50 foizi qishloq joylarda istiqomat qiladigan xotin-qizlar biznesi uchun berilishi yanada e’tiborga molik.

Ta’kidlash joizki, hozirgi kunda Xalq banki tomonidan ijtimoiy faol, o‘z biznes g‘oya va tashabbusiga ega ayollar muntazam qo‘llab-quvvatlanmoqda. Shulardan biri — qoraqalpog‘istonlik Guloyim Xo‘jamurodova Nukusning eng chekka hududida Ona va bola sog‘lomlashtirish markazi ochishni maqsad qilgandi. Uning bu niyati bank ko‘magi bilan ro‘yobga chiqdi. Ya’ni moliya muassasasi markaz uchun inshoot qurilishiga 300 million so‘m mablag‘ berdi.

Tadbirkor ayni paytda bunyodkorlik ishlarini boshlab yuborgan.  Yaqin vaqt ichida ushbu markaz ona va bolalarning salomatligini ta’minlash, qariyalar, nogironlar, umuman, hudud ahliga innovatsion texnologiyalar yordamida xizmat ko‘rsata boshlaydi. Markaz ishga tushgach,  15 dan ziyod kishining bandligi ta’minlanadi.

— Shu paytgacha biz yashab turgan hududda bitta poliklinika mavjud edi, — deydi Guloyim Xo‘jamurodova. — Bu esa 30 ming aholi uchun yetarli emasdi, albatta. Shu bois mazkur markazni qurishni maqsad qilgandik. Mana, orzuimiz ro‘yobga chiqish arafasida. Albatta, bunda Xalq bankining hissasi katta. Buning uchun moliya mussasasi jamoasiga minnatdorlik bildiramiz.

Guloyim Xo‘jamurodova nafaqada. Lekin, shunga qaramay, tinim bilmaydi. Mavjud muammolarga befarq qarab turolmaydi. Barpo etilayotgan yangi markaz ana shunday jonkuyarlik samarasidir. Quvonarlisi, yurtimizda bunday insonlar kam emas. Shunday tashabbuskor ayollardan yana biri  Dilorom Rahmatova bo‘lib, u ham Xalq bankining 27 million  so‘mlik krediti tufayli xususiy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Hozirgi kunda uning uy sharoitida ochgan tikuvchilik sexida 8 nafar ayol mehnat qilmoqda.

— Ochig‘i, ilgari kredit olishdan ko‘ra, uni qaytarishni o‘ylab, ikkilanardim, — deydi tadbirkor. — Chunki kredit, qolaversa, uning foizi ham oz bo‘lmasa kerak, degan xayolda edim-da. Yo‘q, aslida bunday emas ekan. Bank xodimlari mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, kredit olish va qaytarish tartiblari, taqdim etilayotgan imtiyozlar xususida tushuncha berishgach, bu fikrim butunlay o‘zgardi.  

Mana, ish boshlaganimga ham yarim yildan oshdi. Mehnat qilib, kreditlarni o‘z vaqtida to‘layapmiz. Ayni paytda Xalq bankidan yana kredit olib, faoliyatimizni kengaytirishni rejalashtirib turibman. 

Aksiyadorlik tijorat Xalq banki tadbirkorlarning, xususan, ishbilarmon xotin-qizlarning mana shunday orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida bor imkoniyatlarni ishga solmoqda.  Muhimi, buning natijasida ishsizlar ishli bo‘lib, ro‘zg‘orlarga baraka kirmoqda, odamlarning ishbilarmonlik qobiliyati yuzaga chiqmoqda.

Reklama huquqi asosida

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring