Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yangi soliq tizimi «paynetchi»larni sindirmoqdami? DSQ muammoga yechim taklif qildi

Yangi soliq tizimi «paynetchi»larni sindirmoqdami? DSQ muammoga yechim taklif qildi

Kollaj: «Xabar.uz»

Paynet do‘konini yuritaman. Men 2019-yilning birinchi choragida 100 million so‘m atrofida pul aylanmasi qildim. Shundan so‘ng Narpay DSIga meni chaqirtirishib, 100 milliondan oshgan so‘mmaga 4 foiz miqdorida soliq to‘laysan deyishdi. Agar 1 oyda 50 million so‘m pul oboroti qilsam, paynet kompaniyasi menga 2.5 foizdan 1250000 so‘m mukofot puli to‘laydi. Lekin menga 50 million so‘mga 4 foizdan 2 million soliq hisoblanyapti. Ya’ni, men qancha katta summa pul aylanmasiga ega bo‘lsam, qarz so‘mmam shuncha oshib boradi va faqat zararga ishlashimga to‘g‘ri kelmoqda. Hozirda bankrotlik yoqasidaman. Bu vaziyat barcha yo‘nalishi paynet bo‘lgan YaTTlarda kuzatilmoqda. Shu bo‘yicha qanday aniq yechimlarni taklif qilasiz?

Jamshid Tog‘ayev,
yakka tartibdagi tadbirkor

Tadbirkorning «Xabar.uz»ga yo‘llagan ushbu savoliga Davlat soliq qo‘mitasi matbuotdan quyidagicha javob oldik:

— O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 350-moddasiga muvofiq, 2019-yil 1-yanvardan kalendar yilida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi 100 million so‘mdan oshgan, biroq bir milliard so‘mdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar yalpi tushumdan yagona soliq to‘lovini 4 foiz stavkada to‘lashlari lozim.

Shu bilan birga, vositachilik xizmatlari ko‘rsatadigan (paynet) yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi PQ-4086-son qarori bilan tasdiqlangan yagona soliq to‘lovi stavkalariga (7-ilovasi) muvofiq, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haq (foiz) tariqasida olingan summadan 25 foiz miqdorida yagona soliq to‘lovi to‘lanadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, telekommunikatsiyalar operatorlariga, provayderlariga vositachilik (paynet) xizmati ko‘rsatishdan olingan tushumi 100 million so‘mdan oshgan yakka tartibdagi tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil qilgan holda faoliyat yuritishlari maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

DSQ Matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring